O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish

Chor Rossiyasi tomonidan bosib olingan uchta xonlik hududi Kaspiy dengizidan to hozirgi Xitoy Xalq Respublikasiga qadar cho‘zilgan edi:

Garchi mazkur uchta xonlik tarqoq bo‘lib, bir-biri bilan tez-tez urush olib borgan bo‘lsa-da, ular egallagan hudud tarixiy xaritalarda va turli mualliflarning asarlarida umumiy tarzda O‘zbek va O‘zbekiya nomlari bilan tilga olingan. XVI-XVIII asrlarda G‘arbiy Yevropa mamlakatlari va Rossiyada tayyorlangan tarixiy-siyosiy va etnik xaritalar hamda globuslarda mazkur uchta xonlik egallagan hudud O‘zbekiston deb e’tirof etilgan. Ana shunday xaritalardan biri Nova Maris Kaspii et Regionis Usbeck («Kaspiy dengizi va O‘zbek mamlakati xaritasi») deb nomlanadi. Ushbu xarita Pyotr I saroyida xizmat qilgan gollandiyalik kartograf Abraxam Maas tomonidan yaratilgan hamda 1735 yilda Nyurnberg shahrida chop etilgan. Mazkur tarixiy xaritada butun O‘rta Osiyo hududi, ya’ni Turkiston deb atalmish tabiiy-geografik mintaqaning hududi pushti rang bilan bo‘yalgan va USBEK nomi bilan qayd etilgan:

Hozirgi vaqtda 200 dan ortiq ana shunday xarita va globuslar mavjud bo‘lib, ularda butun O‘rta Osiyo hududi Usbek (Usbec, Usbeck, Vsbek), Usbekia (Usbechia, Uzbekiae), O‘rta Osiyoning ayrim qismlari esa Usbek Bucharia, Usbek Bochara; Usbek Chowaresmia, Usbek Mawaralnahra, Usbek Turkistan, Usbek Turan, Usbek Tartaria, Usbek Zagatay kabi nomlar bilan atalgan. Shuni ta’kidlash lozimki, barcha nomlar siyosiy birlikning – davlat yoki mamlakatning nomlari sifatida keltirilgan.

Gretsiyalik sayohatchi va kartograf Vasilio Vatache [Battatzis] tomonidan 1730 yilda yaratilgan xarita ham o‘ziga xos qiziqish uyg‘otadi. 1727-1730 yillarda u Kaspiy dengizi yoqasida joylashgan mamlakatlar bo‘ylab sayohat qilgan va o‘z sayohati haqida grek tilida yozib qoldirgan. Ko‘plab grek va lotin yozuvlari bitilgan ushbu noyob xaritaning asl nusxasi Londondagi Qirollik Geografiya jamiyatida, nashri esa Britaniya kutubxonasining kartografiya bo‘limida saqlanmoqda.

Vatachening xaritasida Orol dengizidan to Pomir tog‘larigacha bo‘lgan hudud ΘZMPЕGIΣTAN (Uzbekiae), ya’ni O‘zbekiston nomi bilan atalgan. Ushbu mamlakatning tarkibida EZMETIOΛOU (Xorazm), MPOUXAPIA (Bucharia), ya’ni Buxoro va MPEΔEΞAN (Badachsan) Badaxshon viloyatlari, shuningdek XIBA (Chiva), ya’ni Xiva, ΣAMAPKANT (Samarcanda) Samarqand, MPALX (Balch) Balx kabi yirik shaharlar hamda KAPΣI (Carsi) Qarshi, XOTCANΔ (Chogiand) Xo‘jand, XΘNΔΘZ (Conduz) Qunduzdan iborat kichikroq shaharlar joylashgan. Xaritada ΘZMΠEΓIΣTAN (O‘zbekiston) nomi qolgan barcha viloyat nomlariga nisbatan ancha yirik harflar bilan ajratib ko‘rsatilgan, bu esa O‘zbekiston nomi xaritada qayd etilgan barcha boshqa viloyatlar orasida o‘ziga xos o‘rin egallaganini va ehtimol butun O‘rta Osiyo hududining siyosiy markazi bo‘lganini bildirar edi. Usbeck va Usbekia toponimlari XVI-XVIII asrlarda qo‘llanilgan va grek xaritasida qayd etilgan ΘZMΠEΓIΣTAN mamlakatining lotincha ekvivalentlaridir. Ushbu mamlakat keyinchalik Buxoro, Xiva, Qo‘qon va Balxda o‘z markazlariga ega bir qancha mustaqil o‘zbek xonliklariga bo‘linib ketgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davlatlarining hududini o‘z ichiga olar edi.

XIX asrdan boshlab Xiva, Buxoro va Qo‘qon xonliklari Chor Rossiyasining savdogarlari va sayohatchilari, ayg‘oqchilari hamda etnograflarida ham katta qiziqish uyg‘ota boshlaydi. Rus mualliflarining asarlarida ham O‘zbekiston deb nomlangan mamlakat mavjudligi e’tirof etilgan. Demozin P. I., Vitkevich I. V. 1835 yilda yozilgan “Buxoro xonligi haqida rasmiy ma’lumot” deb nomlangan asarida amirlik hududini O‘zbekiston va Turon nomlari bilan ataydi. 1835 yilga qadar yozgan Savilev Movaraunahrga O‘zbekiston, O‘rta Osiyo hududiga esa Turon deb nom beradi. 1843 yilda Buxoro xonligini ta’riflagan N. Xanikov Buxoro amirligi va o‘zbek xonlari hukmronligi ostida bo‘lgan qo‘shni hududlarga nisbatan O‘zbekiston terminini qo‘llaydi. Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston nomi nafaqat siyosiy, balki etnik atama ham bo‘lgan. Bir qancha G‘arb va rus tadqiqotchilarining o‘sha davrda yozib qoldirilgan asarlarida Xiva, Buxoro va Qo‘qon xonliklari aholisining katta qismi o‘zini o‘zbek xalqiga mansubligini ta’kidlagan. Jumladan, ularning asarlarida o‘zbeklar haqida quyidagi ta’riflar keltirilgan:

“XVI asrning boshida Muhammad Shayboniy temuriylarning tobora zaiflashib borayotgan hokimiyatini tortib olganidan so‘ng Buxoro, Xiva va Balxda yashovchi turkiy elatlar o‘zbek nomini qabul qildi. Shayboniyxon bilan birga kelgan o‘zbeklar ikki daryo oralig‘ida mahalliy turkiylarni uchratdi va ikki turkiy qavmning birlashishi natijasida hozirgi o‘zbek xalqi yuzaga keldi. O‘zbeklar – bu asosan o‘troq va dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi xalqning nomi. Ular Orol dengizining janubiy qirg‘og‘idan to Qumulgacha yastangan keng hududda yashaydi va uchta xonlik hamda Xitoy Turkistoni hududidagi ko‘p sonli xalq sifatida qayd etiladi” (Arminiy Vamberi).

“Xiva xonligida o‘zbeklar qariyb 336 000 ming kishini (yoki xonlik aholisining 64,7 foizini), Buxoro amirligida esa kamida 900 000 – 1 000 000 kishini tashkil etadi. O‘zbeklar Samarqand viloyatida, Sirdaryo hamda Farg‘ona viloyatlarining ayrim hududlarida, shuningdek, Xiva va Buxoro xonliklarida yashovchi aholining asosiy qismini tashkil etadi. Mazkur xonliklar hududida o‘zbeklar son jihatidan ustunlik qilish bilan birga hukmron mavqega ham egadir” (V. I. Masalskiy).

“O‘zbeklar, ma’lumki, O‘rta Osiyo aholisining g‘oyat katta qismini tashkil etadi. Buxoro amirlari faqat o‘zbeklarga tayanishi mumkin va har doim ularga tayanib kelgan” (A. D. Grebenkin).

A. I. Shevyakov “D. Shoberlayn-Engel asari haqida”gi maqolasida bu haqda shunday deydi:

“O‘zbekiston, ya’ni “o‘zbeklar mamlakati” etnografik tushunchasi nafaqat O‘zSSR paydo bo‘lishidan, balki Rossiyada bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelishidan burun mavjud bo‘lgan. Yevropalik tadqiqotchilar asarlarida 1917 yildan ancha ilgari hech qanday qo‘shimcha izohlarsiz va boshqa manbalarga tayanmagan holda, o‘zbeklar yashaydigan hududlar aniq belgilab qo‘yilgan va bu hududlar hozirgi O‘zbekiston hududiga mos keladi. Bu esa xalqlar o‘zining etnik mansubligini bolsheviklardan ancha ilgari anglab bo‘lganini anglatadi”.

Amerikalik tarixchi olim Edvard Ollvortning ta’kidlashicha, “sovetlar belgilab bergan O‘rta Osiyo hududi 1920 yilda ilk marta rasman O‘zbekiston deb nomlangan siyosiy-hududiy birlikdan ancha katta mintaqani o‘z ichiga olar edi”. Markaziy Osiyoning janubi hisoblangan O‘rta Osiyo, ya’ni janubiy Qozog‘istondan Erongacha, shimoliy Afg‘onistondan Sharqiy Turkistongacha bo‘lgan mintaqa Markaziy Osiyo tarixida o‘zbeklarning vatani sifatida ifodalangan. ***

1923–24 yillarda o‘tkazilgan ma’muriy-hududiy chegaralanishdan ko‘zlangan bosh maqsad – o‘zbeklar davlatchiligiga bolta urish, ularning mintaqadagi madaniy, siyosiy hukmronligini yo‘q qilish edi. Aslida o‘zbeklarning ta’sirini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar O‘rta Osiyo Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi bilanoq boshlangandi. 1870-80 yillar mobaynida katta hududni egallagan Qo‘qon xonligi tugatilib, uning hududi Rossiya imperiyasi tarkibiga qo‘shib olindi. Xiva va Buxoro xonliklari yarim mustamlaka shaklida saqlanib qolgan bo‘lsa-da, ularga tegishli bo‘lgan hududlarning katta qismi Chor Rossiyasi tarkibidagi Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga o‘tkazildi.

Birinchi Jahon urushidan so‘ng Chor Rossiyasi o‘rnida Sovet davlati qaror topgach, Markaziy Osiyo hududida qaytadan hududiy o‘zgarishlar yuz berdi. 1918 yilda Turkiston general-gubernatorligi o‘rnida Rossiya tarkibida Turkiston Sovet Muxtor Respublikasi tashkil etildi. 1919 yilda Rossiya tarkibida Qirg‘iz (Qozoq) Sovet Sotsialistik Muxtor Respublikasini tashkil etildi. Hozirgi Qozog‘istonning g‘arbini egallagan ushbu respublika Markaziy Osiyoda sovetlar tomonidan tashkil etilgan eng birinchi milliy respublika bo‘ldi. 1920 yilda Qizil Armiya qo‘shinlarining Xiva xonligi hududiga bostirib kirishi natijasida xonlik tugatilib, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzildi. Shuningdek, 1920 yilda Buxoro amirligi o‘rnida Buxoro Xalq Sovet Respublikasi ham tashkil etildi.

Markaziy Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilgunga qadar bo‘lgan xarita:

Ko‘p o‘tmay sovet rahbariyati Turkiston muxtor respublikasi, Xorazm va Buxoro respublikalarini tarqatib yuborib, ularning katta qismini Qozoq respublikasi va Turkman respublikasiga qo‘shib berish, shuningdek, ularning bir qismida har bir millat uchun alohida milliy respublikalar – O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qoraqalpog‘iston va Tojikiston tashkil etish haqida e’lon qildi. Sovetlarning har bir millat uchun alohida respublika va avtonomiyalar tashkil etishdan ko‘zlagan maqsadi quyidagilardan iborat edi:

o‘zbeklarni yakkalab qo‘yish;

har bir etnos o‘z tili va madaniyatini rivojlantirish uchun o‘z hududiga ega bo‘lishi haqidagi o‘ziga jalb etuvchan takliflar bilan turkmanlar, qozoqlar, qirg‘izlar, qoraqalpoqlar va tojiklarni o‘z tomoniga og‘dirib olish, ularni o‘zbeklarga qarshi qayrash;

Islom bayrog‘i (panislomizm), yagona Turkiston (panturkizm) g‘oyalari ostida tub aholining jipslashuviga yo‘l qo‘ymaslik;

sovet tuzumiga qarshi ozodlik uchun kurash va bosmachilik harakati keng yoyilishini bartaraf etish.

Edvard Ollvortning fikricha, 1924 yilda o‘tkazilgan milliy-hududiy chegaralanishdan ko‘zlangan bosh maqsad, birinchi navbatda, o‘zbeklarning O‘rta Osiyo xalqlarini birlashtirish salohiyatiga barham berishdan iborat edi. Buning sababi shundaki, yuqorida qayd etilgan xalqlarni birlashtirish g‘oyalari bevosita o‘zbeklar bilan bog‘liq edi. E. Ollvort bu haqda shunday deydi:

“O‘zbeklar madaniy sohada ham, siyosiy sohada ham Markaziy Osiyoning janubiy qismida yuqori mavqega ega edi. Ruslar uchun o‘zbeklar uch tomonlama xavf solar edi. (1) O‘zbeklar Markaziy Osiyoning o‘troq aholi yashaydigan mintaqalarida ko‘pchilikni tashkil etardi va butun janubiy hududlarning ijtimoiy va madaniy hayotida faol ishtirok etardi. (2) Agar o‘zbeklar o‘zlari yashaydigan hududlarda siyosiy faoliyatni davom ettiraversalar, ular mintaqa ishlariga bundan buyon ham kuchli ta’sir ko‘rsataverar edi. (3) Markaziy Osiyo xalqlariga nisbatan o‘zbeklarda boshqa etnoslarni assimilyatsiya qilish imkoniyati katta edi. Bunday assimilyatsiya, pirovardida, o‘zbeklar yashaydigan hududlar doirasini kengaytirar va o‘zbeklarning son jihatidan salmog‘ini yanada oshirar edi.

Aftidan, bunday omillar Rossiyaning va mustabid tuzumning Markaziy Osiyodagi missiyasiga raxna solar edi. Shu sababli ushbu masala 1917 yilning martidan keyingi o‘n yillikda, Lenin va Stalin tomonidan ilgari surilgan Sotsial-demokratik ishchi partiyasining mafkurasi va siyosati yangi sovet hokimiyatining dasturiga aylangan kezda juda dolzarb masalaga aylandi. Moskvadagi rahbarlar o‘zbeklarning ta’siri kamaytirilsa, Markaziy Osiyoni boshqarish osonroq bo‘lishini va barcha etnik guruhlarni nazorat qilish imkoniyatlari keskin ko‘tarilishini yaxshi fahmlar edi. Shu sababli avval mavjud bo‘lgan uchta sub’ektni tugatib, Markaziy Osiyoni oltita ma’muriy birlikka parchalab tashlashni ko‘zlovchi sovet siyosatida o‘zbeklarni yakkalab qo‘yish bosh maqsad qilib belgilab olindi”.

Birinchi milliy respublika bo‘lmish Qozoq respublikasi panislomizmga qarshi qaratilgan bolsheviklarning ilk loyihalaridan biri edi. “Turkiston va Rossiya Imperiyasi taqdiri” asarining muallifi Daniyel Brauer ruslarning qozoqlarga Chor Rossiyasi davridayoq xayrixoh bo‘lganligi haqida shunday deydi: “Markaziy Osiyoda ruslar ikki xil muhim madaniy zonaga duch keldi. Ko‘chmanchi qozoq va qirg‘izlar katta hududni egallagan bo‘lsa, o‘troq xalqlar esa eng aholi zich mintaqalarga joylashgan edi. Kaufman “qirg‘izlar” (ushbu termin odatda ruslar tomonidan ko‘chmanchi xalqlarga nisbatan ishlatilgan) “tabiiy va hanuzgacha primitiv prinsiplarga asoslangan o‘ziga xos turmush tarziga” egaligiga ishonchi komil edi. “Primitiv turmush tarzi” yovvoyilikka yaqin xususiyatni kasb etishi mumkin edi, biroq, uning nuqtai nazaridan, bunday turmush tarzi o‘zida Islom dinidan himoya qiluvchi kuchni mujassamlashtirardi. Uning real dalil-isbotlarga emas, balki batamom G‘arb ijtimoiy nazariyasiga asoslangan qarashi bunday qoloq xalqlar murakkab dinga ega emasligini anglatar edi. “Ko‘chmanchilar rasman Islom diniga rioya qiladi, aslida (ular) bu dindan o‘zini chetga oladi va muayyan diniy e’tiqodga ega emas”. U qanday to‘xtamga kelishi aniq va ravshan ko‘rinib turgan edi. Islom dini dasht hududlarida (hozirgi Qozog‘iston hududida) hukmronlik qilmasligi kerak. “Ushbu xalqlarning kelajagi Rossiyaning Turkistondagi Islom diniga nisbatan tutgan siyosatiga bog‘liq”. U mustabid (kolonial) siyosat olib borish uchun etnik tafovutlarni bilish zarurligiga amin edi. Amaliy faoliyat doirasida rus kuzatuvchilari quyidagi xulosaga keldi: sartlar bu, eng avvalo, urug‘-aymoqlarga bo‘linishdan voz kechgan savdogarlar, hunarmandlar yoki dehqonlardir. Demak, G‘arb andozalari bo‘yicha sartlar Turkistonning tub aholisi orasida eng yuksak ijtimoiy mavqeni egallagan. Turkmanlar, qozoqlar va qirg‘izlar insoniyat taraqqiyotining quyi pog‘onasida joylashgan ko‘chmanchilardir. Kaufmanning fikricha, agar ko‘chmanchilar ma’muriy-hududiy jihatdan sartlarga yaqin hududga joylashtirilsa, ular fanatik, munofiq va poraxo‘r mullalar, hojilar, avliyolar hamda darvishlarning “qurbonlariga” aylanadi. Shu sababli mintaqa viloyatlaridagi okruglar va tumanlarning ma’muriy chegaralarini tuzib chiqishda sartlar hamda qirg‘izlarni (qozoqlarni) hududiy jihatdan qat’iy ajratish bosh maqsadga aylandi. Kaufmanning kolonial boshqaruvi (rus hokimiyati uchun adovatli bo‘lgan) Islom dinini tiyib turish va tub xalqlarning hurmatini qozonish imkonini beradigan bilimlarga asoslangan edi. Buni ro‘yobga chiqarish uchun u birinchi qadamni ushbu hudud va uning xalqlarining o‘ziga xos noyob jihatlari bilan tanishishdan boshladi. So‘ngra maxsus institutlar tuzildi va Rossiya hukmronligini o‘rnatish uchun zarur bo‘lgan siyosat yaratildi. Shundan keyin Turkistonni imperiyaning mustahkam hududiga aylantirishni boshlash mumkin edi”. Qozoq respublikasini tashkil etishdan ko‘zlangan bosh maqsad – O‘rta Osiyodagi Turkiston va Rossiyadagi Tatariston, Boshqirdiston, Qrim, Kavkaz kabi turk o‘lkalari o‘rtasida to‘siq bo‘ladigan hududni yaratish, Islom bayrog‘i ostidagi g‘oyalarning Turkistondan Rossiyaning turkiy musulmon o‘lkalariga tarqalishining oldini olish edi. Arne Xaugen Qozoq dashtida ruslar tomonidan olib borilgan o‘zgarishlar haqida shunday deydi: “Rossiya hukumati Markaziy Osiyoda sivilizatorlik missiyasini cheklangan shaklda amalga oshirdi. Bir qancha rus maktablari ochildi va, eng asosiysi, ma’rifat yo‘lida gazetalar chop etish yo‘lga qo‘yildi. Shunga qaramay, bu ehtiyotkorona yondashuv edi, chunki ruslarning ko‘z o‘ngida Islom dini dahshatli fanatizmni qo‘zg‘atishi mumkin edi. Islom dini asta-sekin o‘z ahamiyatini yo‘qotishiga umid bog‘lab, u nazardan chetda qoldirildi. Din e’tiborga olinmadi va yakkalab qo‘yildi hamda har qanday hujum Islom diniga emas, balki uning tashkiliy tuzilmasiga qaratildi. Chor hukumati yuritgan bunday siyosat, eng avvalo, Markaziy Osiyoning janubiga taalluqlidir. Qozoq dashtlarida vaziyat tubdan farq qilar edi. U yerda janubdagiga nisbatan ruslar amalga oshirgan o‘zgarishlar kuchliroq sezilar edi. Masalan, dunyoviy ta’lim dasturi Turkistonga nisbatan qozoq dashtlarida ancha kengroq joriy etilgan edi. Bu tez orada intellektual kamolotga yetishishga va qozoq ziyolilarining paydo bo‘lishiga olib keldi”.

Shuningdek Qozoq respublikasining tashkil etilishi O‘rta Osiyodagi bosmachilik harakati Rossiyaning Tatariston, Boshqirdiston, Kavkazdagi turkiy musulmon o‘lkalarga tarqalishining oldini olar edi. Sovetlarni milliy hududiy chegaralanish o‘tkazishga majburlagan sabablar to‘g‘ridan-to‘g‘ri panturkizm, panislomizm hamda bosmachilik harakati bilan bog‘liq edi.

Arne Xougen bu borada shunday deydi: “G‘arb nuqtai nazariga ko‘ra, bosmachilar chet ellik bosqinchilarga, ya’ni ruslarga qarshi milliy ozodlik kurashchilaridir. Boymirza Hayitning fikricha, bosmachilik milliy ozodlik kurashchilarining uyushgan sa’y-harakatini o‘zida mujassamlashtirgan. U bunda Stalinning bayonotiga asoslanadi. Stalin bosmachilik harakati Markaziy Osiyo respublikalarini sovet hokimiyatidan ajratib olishni maqsad qilgan deb ta’kidlagan edi. Edvard Ollvort muayyan darajada, garchi ko‘tarinki ruhda bo‘lmasa-da, ushbu nuqtai nazarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ikkala qarashlarda ham bosmachilik harakati va milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazish siyosati o‘rtasida bog‘liqlik mavjud. Bosmachilik harakati yagona Turkiston yoki yagona Markaziy Osiyo uchun kurashni o‘zida ifodalar edi, bu esa “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” g‘oyasi nuqtai nazaridan o‘ta nozik masala sanalar edi. Shubha yo‘q, sovet tuzumi va bosmachilar o‘rtasida kechgan hokimiyat uchun kurash ruslar va musulmonlar o‘rtasidagi kurash sifatida baholanar, sovetlar buni yaxshi fahmlar edi. 1928 yilda muhojirlikda yashagan rus olimi – knyaz Lobanov-Rostovskiy milliy-hududiy chegaralanish bolsheviklar tomonidan bosmachilar qo‘zg‘oloniga qarshi ko‘rilgan chora bo‘lganligini e’tirof etgandi”. Quyida G‘arb tadqiqotchilari asarlaridan olingan parchalar taqdim etiladi. Ularda milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazishning barcha yuqorida qayd etilgan sabablarini isbotlovchi dalil-isbotlar keltiriladi.

ARNЕ XOUGЕN. “SOVЕT DAVRIDA MARKAZIY OSIYODA MILLIY RЕSPUBLIKALARNI TASHKIL ETISH”:

Sovet hokimiyati o‘rnatilgach, tez orada Markaziy Osiyoning siyosiy hayotiga o‘zbek, qozoq va turkman kabi millatlar o‘rtasidagi munosabatlar singdirildi. Turli xalqlarni o‘ziga jamlagan imperiyaning vorislari sifatida bolsheviklar o‘z hokimiyatining ilk kunlaridan boshlab “millat masalasiga” katta e’tibor qaratdi va markaziy hukumatda bu masala bilan shug‘ullanish uchun alohida vazirlik – Narkom tashkil etildi. Bunday davlat tuzilmasi Turkistonda 1918 yil aprelda bo‘lib o‘tgan Turkiston Kengashining V s’ezdidan keyin Turkiston respublikasida millatlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi alohida komissariat (Turkomnas) tashkil etilganidan so‘ng ta’sis etildi. Hozirgi rasmiy ta’rifga ko‘ra, Turkomnas “Turkiston respublikasi hududida yashovchi barcha mehnatkash millatlarning vakili va ular manfaatlarining himoyachisi” bo‘lishi lozim edi. 1918 yilning iyun oyida o‘tkazilgan Turkiston kommunistik partiyasining Birinchi mintaqaviy kongressida qabul qilingan rezolyutsiyada butun respublika bo‘ylab Turkomnas organlarini tashkil etish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, rezolyutsiyada tub aholi orasida sovet tuzumi mafkurasini tarqatish, milliy kadrlar yaratish, ya’ni targ‘ibotchilar shakllantirish va Qizil Armiyaga harbiy xizmatga chaqirish hamda mahalliy tillarda kommuniktik adabiyotlarning bir qancha nashrlarini chop etish maqsadida Turkomnas organlaridan foydalanish lozimligi ma’lum qilindi. 1918 yilning sentabr oyida Turkomnas qoshida turli tub aholi vakillaridan iborat qo‘mita tashkil etildi. 1919 yilning fevralida Turkiston respublikasida Millatlar ishlari bo‘yicha kommissariat to‘g‘risidagi nizom e’lon qilindi. Garchi ushbu Nizom o‘ta muhim bo‘lmagan bo‘lsa-da, u bolsheviklar millat masalasiga kuchli e’tibor berganidan darak beradi. Millat masalasi inqilobdan ko‘p o‘tmay yuzaga keldi va uni batafsilroq ko‘rib chiqish lozim.  Turkomnas zimmasiga RSFSR Millatlar ishlari bo‘yicha xalq komissariatining (Narkomnatsning) ko‘rsatmalari asosida Nizom bilan quyidagi majburiyatlar yuklatildi: – tub xalqlarning ona tilisida sovet tuzumi g‘oya va mafkuralarini ommalashtirish;- RSFSR Narkomnas farmonlarini bajarish;- Turkiston xalq komissariati kengashi Markziy Ijroiya Qo‘mitasining va Turkiston Respublikasi Kengashi s’ezdining farmonlarini bajarish;- Turkiston respublikasi hududida yashovchi xalqlarning madaniyat darajasini va sinfiy ongini oshirish choralarini ko‘rish;- barcha sohalarda aksilinqilob kuchlarga qarshi kurashni tashkil etish;- millatlarning soni, tarkibi va iqtisodiy holati, maktab yoshidagi va maktabgacha yoshdagi bolalari soni, aholi harakatlanishi, uning soni ko‘payishi va kamayishi, savodxonligi to‘g‘risida statistik axborot to‘plash va hokazo.   Ushbu Nizom yangilangandan ko‘p o‘tmay Turkomnas milliy va etnik mansubligiga qarab qayta tuzib chiqildi, 1919 yilning mart oyida esa uning qoshida alohida o‘zbek, tojik, turkman, qozoq, tatar, ukrain va armyan milliy bo‘limlari tashkil etildi. Bu sovet tuzumi uchun o‘zbek, qozoq, turkman va tojik kabi milliy o‘ziga xosliklar ilk kunlardonoq muhim ahamiyatga ega bo‘lganligidan dalolat beradi. 1922 yilning iyun oyida Turkomnas tugatildi, biroq uning milliy bo‘linmalari tugatilgani yo‘q. Buning o‘rniga ushbu bo‘linmalar Turkiston respublikasining markaziy qo‘mitasiga biriktirildi. Bunday qo‘mita shu ondan boshlab turli milliy bo‘linmalarda tashkil etila boshlandi. Qozoq milliy filiali [Turkiston muhtor respublikasi huzurida] 1921 yilning martida tashkil etilgan edi. Uning zimmasiga “Turkiston respublikasining qozoqlar yashaydigan hududlar farovonligini oshirish maqsadida Turkiston hukumatining siyosatini shakllantirish” vazifasi yuklatildi. Shu bilan bir vaqtda Xorazmda ham shunday choralar ko‘rilib, 1921 yilda Xorazm markaziy qo‘mitasining turkman filiali tashkil etildi. Uning vazifasi turkman aholisining ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy ehtiyojlarini maxsus o‘rganishdan iborat edi. Shuningdek 1922 yilda Xorazmda qozoq-qoraqalpoq filiali tashkil etildi.

Sovet hokimiyati turli xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni keskin va tez-tez nizolarga olib keladi deb hisoblar edi. Milliy chegaralanish boshlanganidan keyin Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi ziddiyatlar har doim sovet tuzumi uchun milliy chegarlanish o‘tkazilishini yoqlashda muhim o‘rin egallab keldi. Sovet hokimiyatining fikricha, Markaziy Osiyoning turli milliy respublikalarga bo‘lib tashlanishi “mintaqani tashvishga solayotgan turli millatlar o‘rtasidagi nizolarga nuqta qo‘ygan bo‘lar edi”.

Gordiyenkaning fikriga ko‘ra, Buxoro, Xorazm va Turkiston respublikalari hududida yashovchi turkmanlar orasida 1921–23 yillarda bir millat vakillari ko‘pchilikni tashkil etgan milliy respublikalarni tashkil etishga intilish kuchli bo‘lgan. 1921 yildan boshlab Buxoro respublikasida turkman shahobchasi faoliyat ko‘rsatardi. Uning a’zolari turkmanlarning Buxoro respublikasidagi holatidan norozo edi. 1923 yilning may oyida turkman shahobchasi Turkiston muhtoriyati markaziy qo‘mitasining a’zosi bo‘lmish Aytaqovga quyidagi shikoyat yozilgan maktub yo‘lladi:

“Buxoroning Kerki, Chorjuy va Termiz tumanlaridagi Amudaryo qirg‘og‘ida joylashgan aholining katta qismi turkmanlardir. Ular asrlar davomida Buxoro amirlarining jabr-zulmi ostida yashab kelgan. Inqilobdan keyin xalq hokimiyatni egalladi. Biroq respublikaning boshqa xalqlari (o‘zbeklar va tojiklar) turkmanlar kamoloti uchun choralar ko‘rishga tayyor emas bo‘lib chiqdi. Sovet davlati barpo etilishida ishtirok etishni va tegishli sovet muassasalarida tahsil olishni chin dildan xohlaydigan turkman yoshlari nazardan chetda qolib ketayapti. O‘zbek va tojiklar ushbu bo‘linmalarga egalik qilmoqda va faqat o‘z foydalari hamda yutuqlari uchun qayg‘urish bilan band. Turkman filialida biz nima bilan shug‘ullanmaylik hech qanday o‘zgarish bo‘lmayapti”.

Xorazmdagi vaziyat ham ko‘p jihatdan o‘xshash edi. Turkman xalqi nomidan turkman kommunistlari o‘zbeklarni turkmanlarga qayragan chor siyosatiga chek qo‘yish payti kelganini bildirdi. Turkman kommunistlari yangi hokimiyat mahalliy sharoitlarga moslashib olishi uchun turkman aholisi uchun alohida viloyat tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Millatlararo siyosiy bahs Buxoro va Xorazm bilan chegaralanib qolmadi. Turkiston muhtoriyatida milliy chegaralanish o‘tkazilishidan avval Markaziy Osiyo kommunistlari uchun tafavutlar katta ahamiyatga ega edi. 1923–24 yillarda o‘zbeklar va qozoqlar, shuningdek o‘zbeklar hamda turkmanlar o‘rtasidagi nizolar keskinlashdi. 1923 yilning dekabrida O‘rta Osiyo byurosi Turkiston muhtoriyatining o‘ttiz nafar “qozoq mehnatkashlari” tomonidan imzolangan maktub oldi. Maktub Risqulov (Turkiston Xalq Komissarlari Kengashi raisi), Xo‘janov (dehqonchilik ishlari xalq komissari), Asfandiyarov (sog‘liqni saqlash bo‘yicha xalq komissari), Sergaziyev (ma’rifat bo‘yicha xalq komissari) va Orolbayev (ichki ishlar bo‘yicha xalq komissari) va boshqalar tomonidan imzolangan edi. Maktubni imzolagan shaxslar yuqori martabani egallaganliklari bois ushbu maktub Turkiston muhtoriyatining sovet hayotida ishtirok etayotgan qozoqlarning fikrini ifodalagan bo‘lishi lozim. Maktubning mazmun-mohiyati o‘zbeklar Turkiston muhtoriyatining boshqa xalqlari ustidan hukmronlik o‘rnatib olganligi haqidagi arz-dodlardan iborat edi. Mualliflar Turkistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida o‘zbeklar hukmronlik qilishidan noroziligini bildirgan edi.

Bu juda qiziq holat. Qozoqlar [o‘zbeklarga qarshi qaratilgan] o‘z loyihasiga turkmanlarni ham qo‘shib olgandi. “Bo‘lib tashla va hukmronlik qil” g‘oyasi tarafdorlari ko‘pincha milliy bo‘linmalarning joriy etilishi siyosiy, iqtisodiy yoki boshqa resurslar uchun turli milliy guruhlar o‘rtasida raqobatni paydo qilganini ta’kidlar edi.

“Buyuk rus shovinizmidek katta xavfni o‘zida ifodalamagan” mahalliy shovinizmga urg‘u berayotib, Stalin mahalliy shovinizmni [masalan, o‘zbeklar hukmronligini] tegishli mintaqalar va respublikalarda “sovet davlatini barpo etishga” to‘sqinlik qiladigan g‘ov sifatida ta’riflagandi. U Gruziya, Ozarbayjon va Buxoro respublikasini eng muhim mintaqalar sifatida tilga olgandi. Shuningdek Xorazm va Turkiston respublikasidagi vaziyatni qayd etgandi. Stalinning fikricha, Buxoroda quyidagi uchta millat mavjud edi: o‘zbeklar, turkmanlar va qozoqlar. U asosiy milliy guruh bo‘lmish o‘zbeklar qolgan ikkita guruhga past nazar bilan qarashini, natijada turkmanlar va qozoqlar millati tufayli kamsitilayotganini ta’kidlagandi. Xorazmda ham vaziyat shunday edi: go‘yo o‘zbek shovinizmi tufayli respublikadagi milliy ozchilik bo‘lgan turkmanlarga adolatsiz munosabat kuzatilayotgandi. 1923 yilda o‘tkazilgan partiyaning o‘n ikkinchi s’ezdida Stalinning mahalliy shovinizmga qaratilgan hujumlari barchaning diqqat-e’tiborini tub aholi o‘rtasidagi milliy munosabatlarga qaratish, ruslar va rus bo‘lmaganlar o‘rtasidagi muammolarni esa nazardan chetda qoldirish uchun urinish sifatida baholandi. Bu shuningdek rus bo‘lmagan kommunistlarga hujum qilish maqsadida ko‘rilgan tayyorgarlik bo‘lib ham tuyuldi. Shu ondan boshlab rus bo‘lmagan kommunistlar shovinizmda aylanib, mansabidan bo‘shatib yuborilishi mumkin edi.

Bolsheviklarning kuchsizlarni kuchlilarga qarshi qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi bayonoti ayrimlar tomonidan ularning millatini o‘zbeklarga qarshi qo‘llab-quvvatlash uchun asos deb talqin qilindi. Turkman va qozoq kommunistlari 1923–24 yillarda bir necha marta o‘zbeklarning Markaziy Osiyodagi hukmronligi bolsheviklarning kuchsizlarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi mafkurasiga zid ekanligini ta’kidlab, bunga ishontirishga urinib ko‘rdi. Markaziy Osiyo kommunistlari turkmanlar, qozoqlar, tojiklar nomidan va nisbatan kamroq qirg‘izlar nomidan tobora ko‘proq siyosiy talablar bilan chiqa boshladi. Xorazmda, Buxoroda va Turkiston respublikasida turkmanlar hamda qozoqlar o‘zbeklar deb atalayotgan hukmron guruhga nisbatan o‘zini zaifroq his qila boshladi. Natijada turkmanlar va qozoqlar nomidan tegishli respublikalarda ularning ahvolini yaxshilash borasida bir qancha milliy talablar o‘rtaga tashlandi. Bu talablarda mavjud siyosiy sub’ektlarni tarqatib yuborish va milliy yangi sub’ektlarni tuzish taklif etilgan edi. Turkman va qozoqlar keltirgan dalillarga ko‘ra, o‘zbeklar ko‘p millatli turli siyosiy tuzilmalarga hukmron bo‘lib olganlar. Edvard Ollvortning fikricha, milliy hududiy chegaralanishning bosh maqsadi o‘zbeklarni Markaziy Osiyoning boshqa xalqlaridan yakkalab qo‘yish bo‘lgan, chunki o‘zbeklar boshqa xalqlarni etnik assimilyatsiya jarayoniga giriftor qilardi, bu esa o‘zbek aholisining ko‘payishiga va har bir sohada ular ishtirokining kengayishiga olib kelar edi. Biroq nafaqat sovet hukumati bu fenomenga e’tibor qaratdi. “O‘zbeklar tomonidan assimilyatsiya” qilinishi mumkin bo‘lgan xalqlar sovet mafkurasidan ilhomlanib, bunga o‘z millatlarini kuchaytirish orqali javob berdi. Bu hodisa Lenin tomonidan “millatlar himoyasi” deb ta’riflangan edi. XX asrning 20 yillarida milliylikning bunday namoyon bo‘lishi mutlaqo yangi hodisa edi va bu ko‘p jihatdan yangi sovet hokimiyati siyosati hamda mafkurasining mahsuli edi.

Buxoroda 1923 yilning sentabrida Buxoro hukumati Buxoro respublikasi tarkibida alohida turkman, so‘ngra alohida qozoq viloyatlarini tashkil etishga qaror qildi. 1924 yilning may oyida SSSRning Buxorodagi vakili Znamenskiy O‘rta Osiyo byurosiga «Bizning turkman va qirg‘iz [qozoq] mehnatkashlari ayrim hollarda o‘zbeklarni shovinizmda ayblashmoqda” deb xabar yo‘lladi.

O‘sha yilning may oyida Xorazmda ham xuddi shunday choralar ko‘rilib, alohida turkman va qozoq-qoraqalpoq avtonom viloyatlari tashkil etildi. 1924 yil aprel oyi boshida Xorazmda millatlar masalasini ilk marta ko‘targan Karklin O‘rta Osiyo byurosiga “Biz muhokama etib, [Xorazmda] qirg‘izlar [qozoqlar] va turkmanlar uchun avtonom viloyatlar tashkil etishga qaror qildik” deb xabar qildi. Bosh kotibga yo‘llangan maktubda Karklin “millatlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga keltirish maqsadida biz Xorazmda turkman va qirg‘iz [qozoq] – qoraqalpoq avtonom viloyatlarini tashkil etishga qaror qildik” deb xabar qildi.

Sovet istoriografiyasida qoraqalpoq siyosiy sub’ektining tashkil etilishi tarixiy zarurat va “milliy davlatchilik haqidagi bir necha asrlik orzu” deb talqin qilingan. Amaliyotda bu ham sovet tuzumining qat’iy ilmiy yondashuvga asoslangan “buyuk rejasi” mahsuli edi. 1974 yilda chop etilgan “Qoraqalpoq ASSR tarixi” asarida qoraqalpoq viloyatining yaratilishi quyidagicha ta’riflangan: “qoraqalpoqlar sovet hokimiyati o‘rnatilishi bilangina o‘z milliy davlatchiligiga ega bo‘ldi. Shunday qilib, qoraqalpoq yerlarini birlashtirishdek ko‘p asrlik orzu-istaklar haqiqatga aylandi”. Qoraqalpoq siyosiy sub’ektini yaratish bo‘yicha bildirilgan barcha sovetcha fikr-mulohazalar mohiyatan ana shunday edi. Biroq hisobotlar bunday talqinni tasdiqlovchi dalil-isbotlar keltira olmaydi.

Ayrim G‘arb olimlari uchun qoraqalpoq viloyatining tashkil etilishi milliy hududiy chegarlanish etnik reallikka naqadar mos kelmasligining isbotidir yoki sovet hokimiyati o‘z rejasini ro‘yobga chiqarish uchun eng kam imkoniyatdan ham foydalanishga intilganining dalilidir.

1924 yilning boshida Xorazm respublikasi rahbariyati Xorazmda qozoq-qoraqalpoq viloyatini tashkil etishga qaror qildi. Shunga qaramay, bu qoraqalpoqlar o‘tkazgan bosim natijasi bo‘lgani yo‘q. Avval ta’kidlanganidek, Buxoro va Xorazmda turkman sub’ektining tashkil etilishiga turkman ozchiligining o‘z millat uchun kurashi sifatida qarash zarur, ayni paytda esa qoraqalpoqlar nomidan milliy talablar o‘rtaga tashlanmadi. Millatlar yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar, aftidan, milliy chegaralanishgacha bo‘lgan davrda qoraqalpoqlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmagan. Xorazmda 1924 yilning boshida qozoq-qoraqalpoq viloyati ko‘proq boshqa yirikroq guruhlarga nisbatan shunday usul tatbiq etilganligi munosabati bilan tuzilgan edi. Bundan tashqari, bu ko‘p jihatdan O‘rta Osiyo byurosi faoliyatining mahsuli edi. 1924 yilda keyinroq Xorazm hukumati Xorazm respublikasini millat prinsipi bo‘yicha tuzib chiqish rejasini qabul qildi. Biroq bunda asosiy maqsad respublika tarkibida milliy viloyatlar tashkil etish emas, balki markaziy sovet hokimiyatini qanoatlantirish edi.

Shu bilan bir vaqtda Xorazm hukumati Xorazm respublikasi milliy chegaralanish rejasiga duchor qilinmasligi hamda Turkiston respublikasining Amudaryo viloyati [hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi] Xorazm respublikasiga qo‘shib berilishi lozimligini ma’lum qildi. Ushbu viloyatda asosan qoraqalpoqlar yashashi tufayli Amudaryo viloyatining Xorazm bilan qo‘shilishi milliy birlashuv sifatida qaralishi mumkin edi.

1961 yilda chop etilgan Bennigsen va Lemerse-Kelkejening maqolasiga ko‘ra qoraqalpoqlarni o‘zbeklar va qozoqlardan ajratishga asoslar kam bo‘lgan:

“Ular [qoraqalpoqlar] shevasidan boshqa hech bir jihati bilan – na tarixiy urf-odatlari bilan, na ijtimoiy va madaniy an’analari bilan o‘zbek va qozoq qardoshlaridan farq qilmaydi. Ularning madaniy urf-odatlari o‘zbek va qozoq urf-odatlarining oralig‘ida joylashgan”.

Xorazm respublikasi milliy chegaralanishdan bo‘yin tovlaganda ko‘pchilik qoraqalpoqlar, ham kommunist bo‘lgan, ham kommunist bo‘lmagan qoraqalpoqlar Amudaryo viloyati Xorazm respublikasi bilan birlashtirilishini qo‘llab-quvvatladi.

Xorazm hukumati milliy chegaralanishni yoki Xorazm respublikasining tugatilishini boshqa qo‘llab-quvvatlamasligi haqida O‘rta Osiyo byurosiga ma’lum qilganida ular o‘z maqsadlariga e’tiborni tortmoqchi bo‘ldi. Albatta, Xorazm hukumati ularning milliy chegaralanish loyihasidan bosh tortayotganini markaziy sovet hokimiyati ma’qullamasligini juda yaxshi anglab yetardi. Shunga qaramay, aftidan, ular chegaralanish bo‘yicha bunday raqobat sovet hokimiyatning shaxtini tushirishiga umid qilgan. Bu esa xorazmlik kommunistlarda sovet hokimiyatining birdan-bir maqsadi aslida turli milliy siyosiy tuzilmalarni tashkil etish ekanligi haqida tasavvur uyg‘onganligidan darak beradi.

Biroq sovet hokimiyati uchun Xorazm respublikasini, uning ichki tuzilishi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, milliy chegaralanish loyihasidan chetda qoldirish nomaqbul edi. Sovet hokimiyati tomonidan o‘tkazilgan bosim natijasida Xorazm hukumati 26 iyulda milliy chegaralanish o‘tkazilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashi haqida rezolyutsiya qabul qildi. Xorazm hukumati Xorazmni butun saqlashdan boshqa ma’ni yo‘qligini, turkmanlar va o‘zbeklar yashaydigan viloyatlar tegishli milliy respublikalarning bir qismiga, qoraqalpoqlar yashaydigan hudud esa alohida milliy avtonom viloyatga aylantirilishi lozimligini ma’lum qildi.

Shu lahzadan e’tiboran Xorazm respublikasi tarqatib yuborilishi hamma uchun aniq va ravshan bo‘lib qoldi. Xorazm qismlarga bo‘lib tashlanishi ochiq-oydin bo‘lib qolganidan keyin vaziyat o‘zgardi. 1924–25 yillarda Amudaryo viloyatida Orgbyuro kotibi bo‘lgan A. Dosnazarov qoraqalpoq kommunisti deb atashimiz mumkin bo‘lgan yetakchi shaxs edi. Dosnazarov va uning qoraqalpoq hamfikrlari O‘rta Osiyo byurosiga qoraqalpoqlar bilan bog‘liq maktublarni yo‘llay boshladi va ularning mazmun mohiyati quyidagicha edi: “milliy hududiy chegaralanish o‘tkazilishi munosabati bilan, shak-shubhasiz, qoraqalpoqlar uchun ham avtonom viloyat tashkil etish zarur”. Qoraqalpoqlar voqeasi qirg‘izlarnikiga o‘xshash edi. Aftidan, milliy chegaralanishga qadar qoraqalpoqlar orasida natsionalistik kayfiyatlar va fikr-mulohazalar kuzatilmagan. Aksincha, milliy hududiy chegaralanish loyihasi qoraqalpoqlarda milliy talablar paydo bo‘lishiga olib keldi.

Turkiston respublikasida milliy xususiyatlarga ko‘ra ma’muriy-hududiy o‘zgarishlar oldinroq boshlandi. 1921 yilda Kaspiyorti viloyati turkman viloyatiga aylantirildi. Ayrim hududlarning bor-yo‘g‘i nomi o‘zgargan bo‘lsa ham bu o‘ta muhim ahamiyatga ega edi. Bu hududiy siyosiy tuzilmalarni tashkil etishda geografik mansublik emas, balki etnik mansublik asosiy prinsip bo‘lganligini bildirar edi. 1922 yilning aprelida Turkiston markaziy qo‘mitasi Yettisuv va Sirdaryo viloyatlarining hududlarini tog‘li viloyatga aylantirish orqali alohida qirg‘iz viloyatini ta’sis etdi. Buxoro respublikasida ham voqealar shunday rivojlandi. 1921 yilda turkman milliy filiali tashkil etildi, 1923 yilning oxiriga kelib esa markazi Chorjuyda bo‘lgan turkman viloyati tashkil etildi.

Sovet istoriografiyasiga ko‘ra, bunday choralar Leninning millatlar o‘z taqdirini o‘zi belgilashi lozimligini nazarda tutuvchi siyosatini asta-sekinlik bilan ro‘yobga chiqarish tomon qo‘yilgan tabiiy qadamlar edi. Ushbu ma’muriy o‘zgarishlar sovet tuzumi tomonidan ana shunday tarzda tushuntirilgan. Aslida bu progmatik yondashuvning bir qismi bo‘lgani haqiqatga yaqinroq.

Sovetlar tarqatgan fikrga ko‘ra, “milliy hududiy chegaralanish Markaziy Osiyo aholisi talablarining mahsuli va ularning milliy davlatchilik haqidagi ko‘p asrlik orzu-umidlarining ro‘yobga chiqishi” bo‘lgan. Edvard Ollvort, boshqa tarafdan, G‘arb olimlari orasida keng tarqalgan fikrga qo‘shiladi. Unga ko‘ra, ushbu tilga olingan “mahalliy istaklar” milliy chegaralanish loyihasini go‘yo mahalliy tashabbus sifatida ko‘rsatish maqsadida Moskva tomonidan soxtalashtirilgan. E.Ollvort hududlarni ajratish milliy hududiy chegaralanish strategiyasining bosh maqsadi bo‘lganligini va bu aslida o‘zbeklarga qarshi qaratilganligini ta’kidlaydi. Ollvortning fikricha, o‘zbeklar Markaz uchun o‘zgacha xavf uyg‘otar edi. Markaziy Osiyoning integratsiyalashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan kuchlar o‘zbeklar bilan bog‘liq edi: ular geografik jihatdan mintaqaning katta qismiga yoyilgandi va boshqa xalqlarni etnik assimilyatsiya jarayoniga jalb qilish uchun katta siyosiy resurslarga ega edi. Bunday assimilyatsiya oxir-oqibat mintaqaning integratsiyalashuviga olib kelishi mumkin edi, bu esa sovet hokimiyatini ta’siri kuchliroq bo‘lgan o‘zbeklarni Markaziy Osiyoning boshqa xalqlaridan ajratish maqsadida milliy hududiy chegaralanish o‘tkazishga undadi. Ollvortning fikricha, milliy chegaralanish to‘laligicha Moskvaning loyihasi bo‘lgan va mahalliy aholining, ayniqsa o‘zbeklar yashaydigan mintaqalar aholisining keskin qarshiligiga uchragan. Jon Shoberlayn esa “milliy respublikalar tashkil etilayotganda ushbu yangi milliy respublikalar bilan bog‘liq nufuzli tuzilmalarda o‘z martabasini oshirib olish imkoniyatini fahmlagan Markaziy Osiyo rahbarlarining bir qismi bolsheviklar tomonidan yollangan edi” deb ta’kidlaydi.

1923 yilning oxirida va 1924 yilning boshida O‘rta Osiyo byurosi tomonidan Markaziy qo‘mitaga berilgan hisobotlar turli tashabbuslar chinakam milliy talablar sifatida baholanganligini ko‘rsatadi. Rossiya kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining 1924 yil yanvar oyi boshidagi ma’ruzasida Karklin turkman kommunistlari, shuningdek kommunist bo‘lmagan turkmanlar tomonidan talablar kuchayotganligi haqida quyidagilarni ma’lum qildi: “Turkmanlar ishlari bilan tanish bo‘lganimdan buyon turkman mehnatkashlari, partiya a’zolari, shuningdek partiyaga a’zo bo‘lmaganlar orasida Turkiston va Buxoro respublikalarining turkmanlar yashaydigan hududlarini bevosita RSFSR bilan bog‘liq avtonom [turkman] respublikasiga aylantirish istagi kuchayib bormoqda. Turkmanlar ularga nisbatan [o‘zbeklar] adolatsiz munosabatda bo‘layotganidan, ularga kam e’tibor berayotganidan, ularni mahalliy ishlarga kamroq jalb etayotganidan qattiq nolimoqda. O‘rtoq Otabayev turkman avtonomiyasi masalasi O‘rta Osiyo byurosida ko‘tarilishini talab qilmoqda”. O‘z takliflarida turkman kommunistlari quyidagilarni bildirgan edi: “Turkmanlarni faqat siyosiy va ma’muriy choralar bilan tinchitish mumkin. Siyosiy jihatdan turkmanlar o‘z taqdirini o‘zi hal qilish huquqiga ega bo‘lib, o‘z mintaqasiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek turkmanlar Xorazmni boshqarishda teng huquqqa ega bo‘lishi lozim”.

1922 va 1923 yillarda Xorazm respublikasining turkman konferensiyalari respublika hukumatiga turkman vakillarini qo‘shish va turkmanlar yashaydigan viloyatlarni mustaqil viloyatga aylantirish zarurligini bir necha bor ta’kidladi. Bundan tashqari, ular Turkiston respublikasining turkmanlar yashaydigan viloyatlarini [Xorazmdagi turkman viloyatlari bilan] birlashtirish zarurligiga urg‘u berdi. Nihoyat 1924 yilning aprelida turkman viloyati tashkil etildi. Turkman milliy talablari Xorazm bilan kifoyalanib qolmadi. 1923 yilning sentabrida Buxoro turkmanlarining to‘rtinchi konferensiyasi Buxoro respublikasi hukumatidan turkmanlar yashaydigan hududlarda alohida ma’muriy viloyat tashkil etilishini so‘radi.

1923 yilning oktabrida o‘tkazilgan to‘rtinchi Buxoro konferensiyasida bu talab qondirildi. Unga ko‘ra “Chorjuy va Qarshi viloyatlarining turkman aholisi turkman ijroiya qo‘mitasi tomonidan boshqariladigan alohida ma’muriy viloyatlarga biriktirildi”. Turkmanlar talablarini muhokama etib, kommunistik partiya 1923 yil dekabr oyi oxirida quyidagi xulosalarga keldi: “Turkman aholisi orasida turkman xalqi uchun alohida hududiy tuzilma ajratish istagi mavjudligi bois Ijro etuvchi byuro bu masalani muhokama etish zarur deb hisoblaydi”. Muhokama jarayonida turkman viloyat qo‘mitasi Rossiya kommunistik partiyasining Markaziy qo‘mitasiga va O‘rta Osiyo byurosiga Buxoro respublikasining turkmanlar yashaydigan tumanlarini birlashtirish va SSSR tarkibida mustaqil milliy respublika tashkil etish so‘ralgan talabni yo‘lladi. Turkman qo‘mitasi etnik nuqtai nazardan turkman shaharlari yo‘qligidan nihoyatda tashvishlandi.

Shu asosda turkmanlar Xorazm shaharlaridan biri, hatto ushbu shaharda o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil etsa-da, turkman respublikasi tarkibiga berilishi kerakligini ta’kidladi. Toshhovuz (Dashavuz) shahari ana shunday shahar edi. Ushbu shahar o‘zida turkman-o‘zbek chegara tumanini va mintaqaning turkman aholisi uchun muhim shahar markazini ifodalar edi.  Turkman qo‘mitasi bo‘lg‘usi respublikani boshqarish uchun shaharlar zarurligiga urg‘u berdi va Aytaqov shunday dedi: “Dashavuzsiz turkman respublikasi hech qanday markazga ega bo‘lmaydi.  Bu markaz sifatida xizmat qilishi mumkin bo‘lgan yagona shahardir. Shahar aholisi 10 000 dan ortiq o‘zbeklardan iborat bo‘lsa-da, biz Dashavuz shahri turkman respublikasi tarkibiga berilishini so‘raymiz”. Toshhovuz shahrining turkman respublikasi tarkibiga kiritilishi Moskva boshqarmalarida qabul qilingan o‘zboshimcha qarorlar mahsuli bo‘lib qolmadi. Bu modernizatsiyalash rejasining bir qismi edi. Hududiy qo‘mita a’zolaridan biri quyidagi fikrlarni bildirdi: “Toshhovuz shahri aholisi faqat o‘zbeklardan iborat.

Shu sababli ayrimlarning fikricha, shaharni Turkmaniston tarkibiga qo‘shish mumkin emas. Bundan tashqari, ular turkmanlar va o‘zbeklar o‘rtasida qadimdan qolgan adovat bunday qaror qabul qilinishi nomaqbul bo‘ladi deb aytyaptilar. Shunga qaramay, turkmanlarni o‘z tomonimizga og‘dirib olish hamda tinch mehnat qilishga va madaniy hayot kechirishga majburlash uchun ular shaharlarga ega bo‘lishi kerak, ularda esa Toshhovuzdan boshqa shahar yo‘q. Xorazm turkmanlarining markazini belgilash uchun Toshhovuz shahrini turkmanlarga berish kerak. Men o‘zbek ham emasman, turkman ham emasman, biroq bu mening fikrim”. O‘zbek qo‘mitasi diqqat-e’tiborini Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan Chorjuy mintaqasidagi Farob tumaniga qaratdi. Turkman qo‘mitasi ham Farob tumaniga da’vo qilayotgan edi va qizig‘i shundaki, Hududiy qo‘mita bu masalani Toshhovuz masalasidan farqli tarzda hal qildi. Farob tumani borasida u yoki bu respublikalarning ma’muriy, siyosiy yoki iqtisodiy kelajagidan kelib chiqqan holda tumanni o‘zbek yoki turkman respublikalari tarkibiga kiritish zarurligi haqidagi takliflar yangramadi. Bahs tuman aholisining shunchaki fuqaroligi bilan bog‘liq masala ustida edi. Ikkala qo‘mita ham ularning milliy guruhi Farob tumanida ko‘pchilikni tashkil etishini ta’kidladi. Oxir-oqibat Farob tumani Chorjuy mintaqasining qolgan qismi bilan birga turkman respublikasi tarkibiga kiritildi. Nima uchun?

Hech bir qo‘mita o‘z da’vosidan voz kechmaganligi tufayli Hududiy qo‘mita raisi Zelenskiy Farob aholisining milliy tarkibini aniqlash uchun komissiya tuzishni taklif qildi. Turkmanlar tarafi bunga hojat yo‘qligini, 1923 yilda Buxoro respublikasida turkman viloyati tashkil etilganda ishonchli ma’lumotlar to‘planganligini ma’lum qildi. Ushbu ma’lumotlar o‘z da’vosini qo‘llab-quvvatlashini bilgan turkmanlar o‘sha materialdan foydalanishni tavsiya qildi. Etnografik tadqiqotlarning yakunini fahmlagan Fayzulla Xo‘jayev materialni qattiq tanqid ostiga oldi va bu masalana yana bir marta hal etish zarurligini ta’kidladi.

Bunday qarama-qarshi nuqtai nazarlar asosida qo‘mita ovoz berishni taklif qildi. Birinchi variant yangi tadqiqotlar o‘tkazishdan, ikkinchi variant ishni 1923 yilgi material asosida yopishdan iborat edi. Oxirgi variant tanlandi va qaror qabul qilish uchun uch nafar a’zodan iborat qo‘mita ta’sis etildi (Otabayev turkmanlar tarafidan, Fayzulla Xo‘jayev o‘zbeklar tarafidan va Karklin O‘rta Osiyo byurosidan). Natijada Farob turkman respublikasiga tarkibiga qo‘shildi. Sovetcha usul bilan chegaralarni aniqlashning ushbu ikkita misoli biz uchun nimani anglatishi mumkin? Hech bo‘lmaganda, ushbu ikkita misol chegaralarni aniqlashda turli vaziyatlarda turli prinsiplarga tayanilganligini ko‘rsatib beradi. Farob masalasida millatga tayanib chegaralanish o‘tkazildi. Toshhovuz shahriga kelsak, iqtisodiyot va boshqaruv bilan bog‘liq dalil-isbotlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Umuman olganda, turkman va o‘zbek respublikalari o‘rtasidagi chegarani aniqlash nisbatan muammosiz bo‘ldi. O‘zbeklar va qozoqlar, shuningdek o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasidagi chegaralarni aniqlash katta nizo hamda bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ushbu xalqlar o‘rtasidagi chegarada joylashgan tumanlar turkman-o‘zbek milliy chegaralanishi jarayonida ajratilgan tumanlarga qaraganda etnografik nuqtai nazardan murakkabroq edi.

Tabiiyki, bunday vaziyat Farg‘ona vodiysida kuzatildi. Bu yerda o‘zbeklar va qirg‘izlar bir-biriga zid talablar bilan chiqdi. Chegarani aniqlashda ushbu mintaqaning muhim paxta resurslari katta iqtisodiy ahamiyatga ega edi. Ko‘pincha da’volar vodiyning Qo‘qon, Farg‘ona, Andijon, O‘sh va Namangan shaharlariga taalluqli bo‘ldi. Qirg‘izlarning ushbu munozaralar chog‘idagi yondashuvi yuqorida turkmanlar qo‘llagan usullarga o‘xshash edi. O‘zbeklar yashaydigan hududlar o‘zbeklarning o‘z etnografik chegaralari va ijtimoiy-iqtisodiy hayot tarziga mos kelar edi, bunga qarshi qirg‘izlar etnografik nuqtai nazardan ularda birorta ham shahar yo‘qligini e’tirof etib, turkmanlar kabi ular ham alohida siyosiy sub’ekt shahar markazlarisiz bo‘lmasligiga urg‘u berdi.  O‘zbeklar va qirg‘izlar o‘z takliflarini taqdim etganlarida ular o‘rtasidagi tafovut katta edi.  O‘zbeklar tomoni, umuman olganda, qirg‘izlar ko‘pchilikni tashkil etmagan shaharni qirg‘iz viloyati tarkibiga kiritish zarurligini e’tirof etdi. Biroq amaliyotda esa ular buning oqibatlarini qabul qilishni xohlamas edilar. O‘zbek qo‘mitasi har bir shaharni alohida-alohida ko‘rib chiqib, ularning aholisi asosan o‘zbeklar ekanligini ta’kidlab, barcha ushbu shaharlar o‘zbek respublikasi tarkibiga kiritilishi kerakligini ma’lum qildi. Xususan, ular qirg‘izlarning Andijon shahriga da’volarini qabul qilmadi. Andijon shahri iqtisodiy muhim ahamiyatga ega bo‘lganligi bois ikkala tomon uchun o‘ziga xos qiziqish uyg‘otdi. Qo‘qon shahri bilan bir qatorda Andijon shahri Farg‘ona vodiysining asosiy iqtisodiy markazi edi, bu esa bahs-munozaralarda yaqqol o‘z izini qoldirdi.   O‘zbek qo‘mitasi Farg‘ona vodiysida joylashgan shaharlar ustida bahs yuritar, qirg‘iz qo‘mitasi esa ayrim shaharlar qirg‘iz xalqi va bo‘lajak qirg‘iz respublikasi uchun muhimligini ta’kidlashda davom etar edi. Jumladan, qirg‘izlarning diqqat-e’tiborini O‘sh shahridan ko‘ra ko‘proq Andijon shahri o‘ziga jalb qildi. Shunga qaramay, chegaralar o‘rnatilgandan keyin Andijon shahri Farg‘ona vodiysining ko‘pchilik boshqa shaharlari kabi o‘zbek respublikasi tarkibiga kiritildi, shu bilan bir vaqtda O‘sh shahri qirg‘iz viloyatiga qo‘shib berildi (u vaqtda hozirgi Qirg‘iziston hududi respublika emas, balki qirg‘iz viloyati deb nomlangan).  O‘zbeklar va turkmanlar o‘rtasida milliy chegaralanish o‘tkazilganda, o‘zbeklarning Toshhovuz shahri turkman respublikasiga qo‘shib berilishiga qarshilik ko‘rsatganini aytmasa, bunday mahalliy reaksiyalar umumiy olganda kuzatilmagan edi. Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan milliy chegaralanishga kelsak, bu yerda vaziyat butunlay boshqacha bo‘ldi. Bu yerda O‘rta Osiyo byurosi ko‘plab murojaat va e’tirozlar qabul qilib oldi. Bunday murojaatlar o‘z yerlari qirg‘iz viloyati tarkibiga qo‘shib berilayotganligidan norozi bo‘lgan aholi tomonidan yuborilgan edi. Ular ushbu murojaatlarda ularning yerlari o‘zbek respublikasi tarkibiga kiritilishini talab qilib chiqdi. Barcha iltimoslar O‘sh, Marg‘ilon, Andijon va Jalol-Obod kabi aholi punktlaridan kelib tushdi. Ko‘pchilik shikoyatlar muayyan tuman yoki viloyat “fuqarolari” nomidan taqdim etilgan edi. Shuningdek ayrim murojaatlar qishloq joylardan ham yuborildi. Ularning qayerga mansubligidan qat’i nazar bunday iltimoslar, odatda, ko‘pchilik tomonidan imzolangandi. Murojaatlarning birida imzolar soni 2 000 dan ortiq edi. Muayyan hududni qirg‘iz viloyatiga emas, balki o‘zbek respublikasi tarkibiga kiritish zarurligi borasidagi murojaatlar har doim ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarga asoslandi. Bunday turdagi murojaatlardan biri 1924 yilda Marg‘ilon uyezdining Ichkilik volosti aholisi nomidan Turkiston muhtoriyati hukumatiga yuborildi:  “O‘sh uyezdi fuqarolaridan biz Markaziy Osiyoda milliy hududiy chegaralanish o‘tkazilishi hamda alohida o‘zbek, qirg‘iz va tojik respublikalari tashkil etilishi haqidagi xabarlarni eshitdik. Ushbu murojaatni imzolash bilan biz, ya’ni 2 250 nafar Ichkilik volosti fuqarolari Turkiston Markaziy Qo‘mitasidan bizni o‘zbek respublikasi hududida joylashgan Marg‘ilon uyezdida qoldirishingizni so‘raymiz. O‘nlab yillar davomida biz qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanib kelganmiz, oramizda boshqa kasb egalari yo‘q. Bundan tashqari, biz bir-birimizni o‘zbek va qirg‘izga ajratmaymiz, biz bir oiladek yashaymiz. Bizning iqtisodiy hayotimiz har jabhada o‘zbeklar bilan bog‘liq. Shularni e’tiborga olgan holda biz Turkiston Markaziy Qo‘mitasi bizni o‘zbek respublikasining Marg‘ilon uyezdida qoldirish haqidagi iltimosimizni qondiradi deb umid qilamiz”.   Marg‘ilonning boshqa (Nayman) uyezdidan olingan shunday iltimos bilan birga Turkiston hukumati quyidagi izohlar yozilgan murojaatni O‘rta Osiyo byurosiga yubordi: “[Ichkilik va Nayman volostlarida yashovchi] qoraqirg‘iz [qirg‘iz] dehqonlari ular Marg‘ilon uyezdidan ajratilib, qoraqirg‘iz [qirg‘iz] viloyati tarkibiga qo‘shilishdan qat’iy bosh tortmoqda”. Bunday tashabbuslar O‘sh, Andijon va Jalol-Obod shaharlarida ham kuzatildi. Milliy respublikalar va viloyatlar tashkil etilayotganligini tanqid qilmay, ushbu arzgo‘ylar ularning o‘troq turmush tarzi va qishloq xo‘jaligi bilan bandligi ularning etnik guruhini o‘zbek respublikasi tarkibiga kiritish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi. Andijon uyezdining Bozorqo‘rg‘on viloyati fuqarolari quyidagilarni bayon qildi: “Biz asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi jamoamiz. Oramizda qoraqarg‘izlarga [qirg‘izlarga] o‘xshash ko‘chmanchilik bilan shug‘ullanuvchilar yo‘q va iqtisodiyotimiz o‘zbeklarniki bilan uzviy bog‘liq. Hududiy qo‘mita bizni u yoki bu respublika (o‘zbek yoki qoraqirg‘iz [qirg‘iz] respublikasi) hududiga kiritish masalasini ko‘targan ekan, bizni birinchi respublika hududiga kiritishlarini so‘raymiz”.

Ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmalar va milliy guruhlar o‘rtasidagi o‘xshashliklar orasida o‘shlik o‘zbeklarning quyidagi mazmundagi birgina murojaati e’tiborni o‘ziga tortadi:  “Hozirgi vaqtda shaharda o‘zbeklar qirg‘izlardan ancha ko‘p. Shu sababli biz ushbu shahar o‘zbek respublikasi tarkibiga kiritilishini so‘raymiz”. Bunday har xil misollar Farg‘ona vodiysi hududiy chegaralish o‘tkazish uchun mutlaqo mos kelmasligini va faqat milliy chegaralanishgina kishilarni o‘z millatiga murojaat qilishga majbur qilganligini ko‘rsatib bermoqda. O‘zbek va qirg‘iz qo‘mitalari bo‘lg‘usi chegaralar haqida o‘z takliflarini taqdim etganlarida bir necha band yuzasidan nizo kelib chiqdi. Ular asosan Hududiy qo‘mitada o‘tkazilgan munozaralar orqali hal etildi. 20 avgust kuni Hududiy qo‘mita ikkala qo‘mita o‘rtasida maxsus maslahat majlisi tashkil etdi. Unda tomonlar barcha nizoli tumanlarni muhokama etdi. Bir-biriga zid arznomalar birin-ketin ko‘rib chiqildi va ikkala tomon tarafidan qabul qilingan loyiha yaratildi. Birinchidan, uchrashuvda ikkala qo‘mita uchun maqbul bo‘lgan Namangan, Marg‘ilon va Qo‘qon uyezdlarining chegaralari tasdiqlandi. Ikkinchidan, so‘z shuningdek Andijon va O‘sh uyezdlari haqida ham bordi. Bu yerda muzokaralar chog‘ida ikkala tomon ayrim talablardan voz kechdi. Bunday murosa natijasida o‘zbek respublikasi va qirg‘iz viloyati o‘rtasida chegara tuzildi. Shundan ko‘p o‘tmay Hududiy qo‘mita ushbu loyihani qabul qildi va Karklin Stalinga qirg‘iz viloyati chegaralari bilan bog‘liq masala bo‘yicha to‘liq kelishuvga erishilganligi haqida mamnuniyat bilan xabar yetkazdi.

Farg‘ona vodiysi milliy belgilar bo‘yicha hududiy chegaralanish o‘tkazishga umuman mos kelmasdi. Aslida 1923 yilning oxirida Farg‘onadagi kommunistlar Turkiston muhtoriyatiga uning tarkibida Farg‘ona avtonom viloyatini tashkil etish iltimosi bilan murojaat qilgan edi. Edvard Ollvortning fikricha, bu tashabbus “ehtimol O‘rta Osiyoda muayyan millat nomi bilan atalmaydigan davlat tuzilmasini saqlab qolishga qilingan turkistonliklarning so‘nggi intilishi” edi.

***

Ayrimlar qozoqlar va o‘zbeklar o‘rtasidagi kurashni shubha ostiga olishi mumkin, biroq haqiqat shuki, asosiy kurash qozoqlar va o‘zbeklar nomidan olib borildi. Sergaziyevning fikricha, vaziyat juda tang edi va keskin choralar ko‘rilishini talab qilardi. U 1923 yilda milliy hududiy chegaralanish jarayonida ro‘yobga chiqarilgan quyidagi taklifni o‘rtaga tashladi: “Har kim bu masalani darhol hal etishni rejalashtirmoqda va men eng yaxshi usulni – Turkistonni ikkita respublikaga – o‘zbek va qozoq respublikasiga bo‘lishni taklif qilaman. Buni zudlik bilan amalga oshirish zarur deb o‘ylayman, chunki mas’ul xodimlar davralarida ko‘tarilgan qozoq-o‘zbek masalasi xalq orasida og‘ir oqibatlarga, hatto qisqa muddatli qon to‘kilishi yoki qirg‘inga olib kelishi mumkin”. Buni qanday talqin qilish lozim? O‘rta osiyolik kommunistlarning millatga asoslangan siyosiy tuzilmalarni tashkil etishga doir bunday talablari va xohish-istaklari chinakam talab va xohish-istaklar edimi? Yoki bu talablar sovet hokimiyati tomonidan soxtalashtirilganmidi?

Bunday milliy talablar, eng avvalo, turkmanlar va qozoqlar nomidan ko‘tarildi. Birinchidan, qozoqlar Turkiston ASSR hududida yashovchi qozoqlarni Qozoq ASSR bilan birlashtirishni yoki “Katta Qozog‘istonni” tashkil etishni talab qilib chiqdi. Ikkinchidan, Turkistonning qozoq aholisi uchun alohida siyosiy sub’ekt tashkil etish g‘oyasi mavjud edi. Shuningdek qirg‘izlar nomidan ham talablar yangradi. Biroq o‘zbeklar va tojiklar nomidan milliy talablar milliy chegaralanishga qadar bo‘lgan davrda ko‘zga tashlanmadi.   Ko‘pchilik hollarda turli hududlar yoki etnik guruhlar uchun kechgan kurashda o‘zbeklar bir tarafdan, qozoq, turkman yoki qirg‘izlar boshqa tarafdan ishtirok etdi. Tojiklar dastlab bunday nizolarga jalb etilmadi. Bu tojiklar milliy chegaralanish jarayonidan chetda qolib ketganidan darak bermaydimi? Menimcha yo‘q. Garchi Hududiy qo‘mitaning tojik bo‘linmasi nisbatan kech tashkil etilgan bo‘lsa-da, tojiklar o‘z siyosiy sub’ektini tashkil etishga doir bahs-munozaralarda qatnashdi. Imomov, Xojiboyev va Saidjonov tojiklar vakillari etib tayinlandi. Boshqa tarafdan esa tojik bo‘linmasi dastavval Fayzulla Xo‘jayev tomonidan tuzilgan tojik viloyati rejasini qabul qildi xolos. Tojikiston respublikasi milliy chegaralanish jarayonida ta’sis etilgan sub’ektlar orasida eng nochor, ittifoqdosh respublikalar orasida esa eng qashshoq respublikaga aylandi. Xo‘janov [qozoq millatchi kommunisti] bunga quyidagicha izoh berdi: “Tojik milliy markazlari o‘zbek respublikasi tarkibida qolib ketayapti. Alohida tojik milliy viloyati esa tog‘li va borish qiyin bo‘lgan tumanlardan tashkil topgan… Agar bunday viloyatga zarurat bo‘lsa, nima uchun Tojikiston chegarasini ichkariroqqa, masalan Samarqand viloyatiga qadar tortish mumkin emasligini tushunish qiyin. Samarqand viloyati tojiklar uchun ancha boy yerlarni taqdim etgan bo‘lar edi… Menimcha bu masala yetarlicha puxta tayyorlanmagan, lekin tojik og‘aynilar tojik viloyati faqat tog‘li hududlardan tashkil etilganligini bildiruvchi qarordan juda mamnun ko‘rinadi”.  Tojik qo‘mitasining a’zolaridan biri Imomov tojik viloyati “asosan tog‘li do‘ngliklardan” tarkib topganligini, biroq ular “bu masalani o‘zbeklar bilan kelishib bo‘lganliklarini” qayd etdi. E’tiborlisi shundaki, tojik masalasini tojiklar o‘zlari emas, balki qozoqlar ko‘tarib chiqdi. Tojik qo‘mitasi esa loyihani qarshiliksiz qabul qildi, bu esa tojik masalasi o‘ziga xos bo‘lganidan darak beradi.

Shunga qaramay, bir necha yil o‘tgach vaziyat butunlay o‘zgardi. 1924 yilda o‘zbek-tojik chegaralanishiga rozilik bergan shaxslarning ko‘pchiligi 1929 yilda ancha keskin tojik natsionalistik nuqtai nazarini bildirdi. 1924 yilda milliy chegaralanishni birorta ham qarshi so‘z bildirmay qabul qilgan tojiklar endi tojik respublikasining chegaralarini umuman rad etdi. Tojik millatchilari Tojikiston ASSR o‘zbek respublikasi tarkibidan chiqarilishini talab qildi. Bu talab 1929 yilda ro‘yobga chiqarildi. Bundan tashqari, ular hududlarni qaytadan bo‘lib chiqishni va quyidagi hududlarni tojik respublikasi tarkibiga o‘tkazib berishni talab qildi: Xo‘jand viloyati, Samarqand shahri va Eski Buxoro, shuningdek Surxondaryo viloyatining shimoliy qismi. Shubhasiz, bu talablarni qondirish murakkab edi. Tojik respublikasiga yon berish O‘zbekiston tomonining noroziligiga sabab bo‘lar edi. Yolg‘iz Xo‘jand viloyati 1929 yilda tojik respublikasiga berildi, qolgan barcha so‘ralgan tumanlar O‘zbek Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibida qoldirildi. O‘zbekiston tarkibidan Xo‘jand viloyatining chiqarilishi va Tojikiston tarkibiga o‘tkazilishi ushbu qarama-qarshi tomonlar o‘rtasidagi murosa edi.

Avval keltirilgan “o‘ttiz nafar qozoq mehnatkashlari” tomonidan O‘rta Osiyo byurosiga yuborilgan maktubda biz qozoqlarning o‘zbeklarga qarshi qaratilgan millatchiligiga guvoh bo‘lgandik. Milliy hududiy chegaralanish jarayonida faol ishtirok etgan Xo‘janovning [qozoq millatchi kommunistining] shiddatli kurashida bunday qozoq-o‘zbek dixotomiyasi har doim mavjud bo‘lgan va bu ham iqtisodiy, ham ijtimoiy va madaniy xususiyatlarni kasb etgan [dixotomiya – bir-birini to‘liq istisno etuvchi fikrlarga bo‘linadigan tushuncha]. Bundan tashqari, Xo‘janovning o‘zbek-qozoq dixotomiyasi madaniy jabhani – din va kundalik turmushni ham qamrab olar edi. Xo‘janovning xulosalaridan biriga ko‘ra, qozoq madaniyati “G‘arb” madaniyatini eslatardi, bu esa qozoqlar dindor o‘zbeklarga nisbatan dunyoviy madaniyatga ega bo‘lganligini anglatar edi.

Xo‘janovning o‘zbeklar va qozoqlar o‘rtasidagi tafovut haqidagi qarashida har doim uch karra dixotomiya mavjud bo‘lgan: mazlum va ezilgan kishidan farqli o‘laroq zolim va ekspluatator, sekulyarizmdan farqli ravishda diniy bag‘ritoshlik va, ehtimol, fanatizm, nihoyat, Sharq madaniyatidan farqli G‘arb madaniyati. Sovet hokimiyatining muruvvatiga sazovar bo‘lishga intilayotgandek ko‘ringan qozoqlarning shikoyat qilishini kuzatish maroqli edi, chunki Xo‘janov qozoqlar borasida keltirgan barcha xislatlar inqilobni uyushtirgan tuzum tomonidan juda yuqori baholanar edi. O‘zbeklar va qozoqlar o‘rtasida milliy chegaralanish o‘tkazish ancha katta muammolarni tug‘dirdi. Bu turli bahs va nizolarga olib keldi hamda Hududiy qo‘mita o‘z faoliyatini ikki xalq vakillari o‘rtasidagi dushmanlik kayfiyati bilan sug‘orilgan muhitda olib bordi. Albatta bu ikkala xalq vakillari o‘rtasida manfaatlar va resurslar uchun kechgan siyosiy kurash edi. Qozoqlar va o‘zbeklar turli etnik guruhlarning milliy mansubligini aniqlash maqsadida bahs olib bordi. Quramalar, turklar, qashg‘arliklar va muayyan darajada sartlar ana shunday etnik guruhlar jumlasiga kiradi. Ushbu guruhlar orasida quramalar o‘zining soni tufayli eng muhimi edi. Bu masala Hududiy qo‘mitada o‘zbeklar va qozoqlar o‘rtasida shiddatli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Chegara masalasi ko‘tarilgani sayin o‘troq xalq va ko‘chmanchilar o‘rtasidagi tafovut tobora katta ahamiyat kasb eta boshladi. Quramalarni o‘zbeklar deb hisoblash kerakligini isbotlashda o‘zbeklar tomoni diqqat-e’tiborni ijtimoiy-iqtisodiy mezonga qaratdi. Hududiy qo‘mitada quramalar masalasi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan ko‘pchilik bahs-munozaralarda o‘zbeklar tomoni bir necha marta quyidagi asosni ta’kidladi: “Quramalar qo‘chmanchi emas, o‘troq dehqonlardir, ular qozoqlar bilan emas, balki o‘zbeklar bilan uzviy bog‘liq”. O‘zbeklar tomoni quramalarning tili va shajarasini o‘rganish ham quramalar o‘zbeklar deb xulosa qilish mumkinligiga urg‘u berdi. Ular quramalar assimilyatsiya jarayonining o‘rtasida turganligini va quramalarning ko‘pchiligi o‘zbeklarga aylanganligini ta’kidladilar.  Qozoqlar tomoni assimilyatsiya fikrini rad etdi. Buning o‘rniga ular ilk sharqshunoslar kabi quramalar o‘zlarini qaysi xalqqa mansub deb bilishiga kamroq e’tibor berib, “quramalar aslida kim bo‘lganligini” isbotlashga urinib ko‘rdi.

Masalan, ular ko‘pincha quramalar asli qozoqlar bo‘lganliklarini va “qurama” so‘zi qozoqcha so‘z ekanligini tez-tez ajratib ko‘rsatdi. Shuningdek ular quramalar va qozoqlar o‘rtasida yaqin tarixiy aloqalar mavjudligiga urg‘u berdi. Quramalar hozirgi vaqtda o‘zlarini qaysi xalqqa mansub deb bilishidan qat’i nazar ular tarixiy nuqtai nazardan qozoqlarning ajdodlaridir deya ta’kidlashdi. Shunga qaramay, quramalardan birorta sado chiqqanini tasdiqlovchi hujjatni uchratmadim. Bundan tashqari, yirikroq guruhlar (masalan, sartlar) ustida bahs yuritilganda ham bunday aks-sado yangramadi. Agar [o‘zbeklar va sartlar o‘rtasida] bunday tafovut mavjud bo‘lganda biz bunday sadoni eshitgan bo‘lar edik deb hisoblayman. Nima bo‘lganda ham bunday sado qashg‘arliklar (uyg‘urlar) masalasida quloqqa eshitildi. Quramalar masalasida bo‘lgani kabi o‘zbeklar va qozoqlar qashg‘arliklar/uyg‘urlar ularning millatiga mansubligini ta’kidladilar. Biroq bunda o‘zbeklar va qozoqlarning da’volari javobsiz qolmadi.

O‘rta Osiyo byurosi qashg‘ar sovet yoki partiya mehnatkashlaridan bir qancha maktublar oldi. Ularda uyg‘urlar boshqa xalqlar o‘rtasida kechayotgan kurash jarayonida “o‘yinchoqqa” aylanib qolayotganidan noroziligini bildirgan edi. Sartlardan ham “sart” xalqini ifodalashni talab qiluvchi ovozlar bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, sartlar masalasi milliy chegaralanish vaqtida o‘zbeklar va qozoqlar o‘rtasida kechgan kurash jarayonida muhokama etildi. O‘zbeklar sartlar va o‘zbeklar bir xalq ekanligini ta’kidlardi, ayni vaqtda qozoqlar kuchli o‘zbek birligi yuzaga kelishidan xavfsirab, bunga qarshilik ko‘rsatardi. Sartlarning alohida etnik guruh ekanligi yoki o‘zbeklardan farq qilishi yuzasidan birorta ham “sartlardan” arz bo‘lmadi. Aslida sartlar va o‘zbeklar o‘rtasidagi tafovutlar borasidagi bahs-munozaralar vaqtida bildirilgan dalil-isbotlar uchinchi tomondan, xususan qozoqlardan kelib tushdi.

Ingeborg Baldxaufning fikricha, rus etnograflari, tarixchilari va mutaxassislari tomonidan foydalanilgan “sart” termini ushbu termin bilan atalgan xalq tomonidan noto‘g‘ri nom deb e’tirof etildi. Bu milliy chegaralanish vaqtida Fayzulla Xo‘jayev tomonidan 1924 yil aprelda O‘rta Osiyo byurosida bildirilgan quyidagi nuqtai nazarga muvofiq kelar edi: “Yangi sart xalqi paydo bo‘layapti deb eshitdim. Olimlardan ushbu terminning kelib chiqishi haqida so‘raganimda ular menga ushbu so‘z ruslar bilan birga kelganini va u “sariq it” ma’nosini anglatishini aytdi. Demak, sartlar millat hisoblanishi mumkin emas”.

Shunga qaramay, qozoqlar tomonidan foydalanilgan dalil-isbotlar qiziqdir. Milliy mansublikni muhokama etish chog‘ida qozoqlar tashqi kuchlar odamlarni o‘zining haqiqiy millatini yashirishga va qo‘rquvdan yoki qulaylik uchun o‘zlarini o‘zbeklar deb hisoblashga majbur qilganligini tez-tez takrorladi. Qozoqlarning fikricha, Buxoro respublikasidagi qozoqlar, shuningdek bir qancha boshqa guruhlar bilan shunday holat yuz bergan. Markaziy Qo‘mitaga yuborilgan maktubda Buxoro respublikasining qozoq qo‘mitasi a’zolari “bugungi kungacha qozoqlar jazoga duchor bo‘lishdan qo‘rqib o‘zlarini qozoq deb atamay keldi” deb shikoyat qildi. Bir qancha hollarda qozoqlar o‘z nomini o‘zgartirishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan, ayniqsa bu o‘zbeklarning sonini ko‘payishiga olib keladigan tashqi omillarni qayta-qayta takrorlashdan tolmadi. “Sartlar” borasida buning tasdig‘i yo‘qligi qozoqlar uchun unchalik muhim emas edi.

Sartlar xususida o‘z nomini o‘zgartirish uchun hech bir sabablar ko‘rsatilmadi. Buning o‘rniga qozoqlar “sartlarni” o‘zbeklar bilan tenglashtirish tarixiy voqelikka mos kelmasligini va bunday hodisa sun’iy ekanligini ta’kidladi. Eng asosiysi, qozoqlar tomoni diqqat-e’tiborni tarixga qaratib, o‘zining haq ekanligini isbotlashga urindi. Hududiy qo‘mitada ular quyidagilarni ta’kidladi:

“Aniq o‘zbek xalqi mavjud emas. O‘zlarini o‘zbeklar deb ataydiganlarning hammasi ham aslida o‘zbek emas… O‘zbeklar qishloq aholisi bo‘lgan, shaharliklar esa sartlar deb atalgan. 1920 yilga qadar shaharliklar o‘zbeklar bilan bir xalq bo‘lmagan, lekin taxminan shu davrda shaharlik aholi o‘zbek nomidan foydalana boshlagan… Demak, o‘zbek xalqi mavjud emas, bu shunchaki nom. Ikkita xalq mavjud – sartlar va o‘zbeklar”.

O‘zbeklar tomoni sartlar va o‘zbeklarni endilikda ajratib bo‘lmasligini qayd etdi: “Bizning ishimiz tarixni titkilash emas. Endi “sartlarni” alohida millat sifatida farqlashning umuman imkoni yo‘q. O‘tmishda insonlar o‘zlarini kim deb atashidan qat’i nazar hozirda ular o‘zlarini o‘zbek deb hisoblaydilar. Ayrimlar biz sartlarni sartlar, o‘zbeklarni o‘zbeklar bo‘lishiga imkoniyat berishimiz kerak deb aytayapti. Biroq sartlarni o‘zbeklardan ajratish be’manilikdir va buning imkoni yo‘qdir”.

Qozoqlar tomoni, umuman olganda, o‘zbeklar keltirgan dalil-isbotlarni tasdiqladi. Qozoqlar avval sartlar deb nomlangan etnik guruhlar o‘zlarini o‘zbeklar deb atay boshlaganini inkor etmadi. Qozoqlarning asosiy nuqtai nazari “sartlar o‘zlarini kim deb atamasin, ular sart bo‘lib qolaveradi” deyishdan iborat edi.

Toshkent shahri o‘zbeklar va qozoqlar o‘rtasida katta janjalga sabab bo‘ldi. Ikkala tomon ham Toshkent shahriga katta e’tibor berganligining ajablanarli joyi yo‘q, chunki bu shahar iqtisodiy va ma’muriy nuqtai nazardan eng muhim markaz bo‘lgan. O‘zbeklar va qozoqlar Toshkent shahri va uyezdi ularning respublikalariga qo‘shib berilishini talab qildi. Bu masala yuzasidan muzokaralar olib borish uchun imkoniyat yo‘q edi va Toshkent uchun kurash milliy chegaralanish jarayonini, xususan Hududiy qo‘mita ishini ancha murakkablashtirdi. Ikkala tomon turkman-o‘zbek va o‘zbek-qirg‘iz milliy chegaralanishida qo‘llangan dalil-isbotlardan foydalandi.

Bosh masala Toshkentda qaysi millat yashashida edi. Qozoqlarmi yoki o‘zbeklar? Qozoqlar tomoni Toshkent shahri milliy nuqtai nazardan “deyarli to‘liq o‘zbeklar yashaydigan shahar” ekanligini tan olishar edi. Buning o‘rniga turkmanlar Toshhovuz shahriga, qirg‘izlar Farg‘ona vodiysidagi shaharlarga da’vo qilganida kuzatilganidek qozoqlar diqqat-e’tiborni shahar atrofidagi aholiga tortdi. Qozoqlar tomoni quyidagi dalil-isbotlarni keltirdi: “To‘g‘ri, bugun Toshkent shahrida ko‘proq o‘zbeklar yashaydi va ehtimol shahar aholisi deyarli to‘liq o‘zbeklardan iboratdir. Biroq shu bilan bir vaqtda Toshkent shahri qozoq aholisi yashaydigan viloyatlar va uyezdlar uchun markaz sanaladi. Ushbu mintaqaning [Turkiston muhtoriyatidagi Sirdaryo viloyatining] mansubligi to‘g‘risida qaror qabul qilayotganda faqat shahardagi aholini emas, balki butun mintaqaning etnografik tarkibini e’tiborga olish zarur. Shunga asoslangan holda biz Toshkent shahri qozoq respublikasi tarkibiga kiritilishini so‘raymiz”.

Chegaraga oid bahs-munozaralarda turkmanlar tarafi ham, qirg‘izlar tarafi ham iqtisodiy dalil-isbotlardan foydalangan edi. Qozoqlar tarafi diqqat-e’tiborni faqat iqtisodiy jihatlarga tortish bilan kifoyalanmadi. Ular qozoq respublikasining madaniy ehtiyojlariga ham to‘xtaldi. Qozoq qo‘mitasining ma’ruzasida Qozoq ASSRning Turkiston Markaziy Qo‘mitasidagi vakili Toshkent qozoq xalqi uchun ulkan madaniy ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab, Toshkentga “qozoq Samarqandi” deb baho berdi. Keyingi bahs-munozaralarda qozoqlar shu jihatga kuchliroq urg‘u berdi. Qozoqlarning fikricha, agar Toshkent qozoq respublikasi tarkibiga berilmas ekan, qozoq aholisining iqtisodiy jihatdan eng kuchli va eng madaniyatli qismi qozoqlarning qolgan qismidan ajralib qoladi, chunki “xalq hanuzgacha milliy shakllanish bosqichida turibdi”. Qozoqlar uchun bu shunchaki imkon qadar ko‘proq hududni qo‘lga kiritish bo‘lmagan.

Turkiston muhtor respublikasi hududida yashovchi qozoqlarning qozoq avtonomiyasi bilan birlashtirilishi bo‘lg‘usi qozoq respublikasi hududini tubdan o‘zgartirib yuborar edi. Qozoq ASSR Markaziy Qo‘mitasining yetakchisi Mendeshev “Aq jol” gazetasidagi maqolasida qozoq respublikasini Toshkentsiz boshsiz tanaga qiyoslagandi.   Xalqning “qoloqligi” qo‘l keladigan dalil bo‘lishi mumkinligiga shubha yo‘q va qozoqlar Toshkent uchun kurashda bu usulni bir necha bor ishga soldi. Ularning nazdida sovet milliy siyosati ilg‘orroq bo‘lgan o‘zbeklardan ko‘ra qoloqroq bo‘lgan qozoqlarni qo‘llab-quvvatlashini nazarda tutar edi. Quyidagi fikr diqqatni tortadi: “Bu masalada kuchli sart xalqiga nisbatan mintaqadagi eng qoloq xalq – qozoq xalqiga yordam berish kerak. Bu sovet milliy siyosatini ro‘yobga chiqarishning yagona yo‘lidir”.

Shunga qaramay, bu iltimos Toshkent uchun kechgan kurashda samara bermadi. Qozoqlar o‘z da’volarida qozoq respublikasining iqtisodiy va madaniy ehtiyojiga urg‘u bergan bo‘lsa, o‘zbeklarning Toshkent shahri borasidagi da’volari ancha oddiy bo‘lib, faqat millat masalasiga asoslangan edi. Xojiboyev o‘zbeklarning nuqtai nazarini ifodalayotib, quyidagilarni ta’kidladi: agar 96 000 o‘zbek va atigi 172 nafar qozoq yashaydigan Toshkentdek shahar o‘zbek respublikasining tarkibiga kiritilmasa, butun milliy chegaralanish g‘oyasi bema’nilik bo‘ladi. Chegaralarni “chizishda” Toshkent shahri noyob hodisani o‘zida ifodalaydi.

Umumiy qoidaga ko‘ra, O‘rta Osiyo byurosi Hududiy qo‘mitaning qarorini, Markaziy Qo‘mita esa O‘rta Osiyo byurosining qarorini tasdiqlar edi. Toshkent shahri masalasida ilk marta markazning [Moskvaning] aralashuvi quyiroq darajalarda bo‘lib o‘tgan muhokamalarni bo‘lib qo‘ydi. Uzil-kesil qaror Hududiy qo‘mita chaqirilishidan oldin qabul qilingandi va qo‘mita qaror qabul qilishiga yoki muammoni muhokama etishga hech qanday ehtiyoj qolmagandi. Toshkentni muhokamasiz o‘zbek respublikasi tarkibiga kiritish haqidagi qaror qozoqlar orasida katta norozilikka sabab bo‘ldi. Turkiston kommunistlar partiyasi Markaziy Qo‘mitasining 1924 yil 30 iyunda bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Xo‘janov Siyosiy byuroning qarorini tanqid ostiga oldi va bu avval berilgan va’dalarga zid ekanligini ta’kidladi. Qozoqlarning e’tirozi partiya yoki davlat organlarining konvensiyasi bilan cheklanib qolmadi.

Karklin Stalin va Rudzutakni Toshkent uyezdida yashovchi qozoqlar Turkiston MQ hududida namoyish o‘tkazganligi haqida xabar qildi. O‘rta Osiyo byurosi Toshkent borasida qabul qilingan qarorga javoban yuzdan ortiq otliq olomon to‘planganligini xabar qildi. Karklin “kimdir namoyish uyushtirib, yo‘l-yo‘riqlar bergan bo‘lishi kerak” va buni uyushtirganlar partiyaning qozoq a’zolari orasida bo‘lishi kerak deb taxmin qildi. Bundan tashqari, Karklin Toshkent bo‘yicha qabul qilingan qarorga qarshi imzolar va maktublar to‘plash bo‘yicha keng targ‘ibot ishlari olib borilayotganligini qayd etdi. Yuzlab va ba’zidan minglab imzolar bilan tasdiqlangan murojaatlar Moskvaga yuborildi. Toshkent shahri ochiq munorazasiz, bugungi kunning tilida aytganda, “o‘zbeklarga tuhfa etilganligini” qanday talqin qilishimiz lozim? Qozoqlar tarafi Toshkent shahrining O‘zbekiston SSR tarkibiga berilishi sababini so‘raganida quyidagicha qisqa va oddiy javob oldi: “Toshkent shahri shunchaki o‘zbek shahri bo‘lganligi bois o‘zbek respublikasi tarkibiga kiritilmoqda. Shahar aholisining mutlaq ko‘pchiligi o‘zbeklardir”. Bunday javob to‘liq izoh bo‘la olmaydi.

Millat prinsipiga urg‘u berilmagan bir qancha hollarni kuzatdik. Masalan, Toshhovuz va O‘sh shaharlarini olaylik. O‘zbeklar va qozoqlar o‘rtasidagi holatda ham boshqa misollarga duch kelishimiz mumkin. Chimkent ana shunday misollardan biri edi. Barcha tomonlar Chimkent shahri millat va etnografiya nuqtai nazaridan o‘zbek shahri ekanligini e’tirof etsa-da, mazkur shahar qozoq respublikasining tarkibiga qo‘shib berildi. O‘zbeklar tarafi “Chimkentni qozoqlarga qoldirishga” roziligi ularning Toshkent uchun qat’iy kurashga bel bog‘laganligini nazarda tutadi. Toshkentga da’vo qilayotib, ular qozoqlarga Chimkentni taklif qildi. Bunda o‘zbeklar o‘zining “saxiyligiga” urg‘u berdi. Buni inobatga olgan holda Toshkent etnografik tarkibi tufayli o‘zbek respublikasining tarkibiga o‘tkazilganligi haqidagi izohni ishonchli deb bo‘lmaydi. Aslida qozoqlar tarafi bunday izohni qabul qilmadi va turli prinsiplar qo‘llanilganligidan shikoyat qildi.

Nima uchun sovet hokimiyati nuqtai nazaridan Toshkent shahrini qozoq respublikasi tarkibiga emas, balki O‘zbekiston SSR tarkibiga kiritish maqsadga muvofiq edi? Bolsheviklar tuzumi ularning Markaziy Osiyodagi vakolatlari, ayniqsa milliy chegaralanishga qadar sovet davlatiga rasman qo‘shib olinmagan Buxoro va Xorazmdagi vakolatlari cheklanganligini yaxshi tushunar edi. Qozoq respublikasida esa sovet hokimiyati 1920 yilda o‘rnatilgan edi va ularning hokimiyati u yerda mustahkam edi. Shu sababli sovet hokimiyati Toshkent shahrini o‘zbeklarga berishni ma’qur deb topdi. Sovet hokimiyati o‘z hokimiyati zaif bo‘lgan respublikada [o‘zbek respublikasida] imkon qadar kuchliroq mavqega ega bo‘lishni xohlar edi. Sovetlarning fikricha, Toshkent shahrisiz o‘zbek respublikasi bo‘lmasdi, o‘zbek respublikasiz esa milliy hududiy chegaralanish o‘tkazilmasdi.

***

E. OLLVORT. HOZIRGI O‘ZBЕKLAR.

MILLATLARNI TADQIQ ETISH (1990 yil):

O‘sha vaqtdagi kuzatuvchi “etnik xususiyatlarga asoslangan hududiy chegaralanish loyihasi Buxoroning o‘zidan kelib tushayapti” deb qayd etgan bo‘lar edi. Biroq milliy chegaralanish jarayonini go‘yo mahalliy tashabbus sifatida ko‘rsatish uchun Buxoroning mahalliy rahbariyati Moskva tomonidan saylangandi. Markaziy Osiyoni etnik ma’muriy birliklarga bo‘lib tashlash bo‘yicha ochiq-oshkora va rasmiy qadamlar 1924 yilning 25 fevralida Buxoro Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasining O‘rta Osiyoni etnik xususiyatlar asosida bo‘lish vaqti kelganligi haqidagi bayonotidan boshlandi.

Ushbu Butun Buxoro Kongressi xalqlarning turmush tarzi va iqtisodiy holatidagi farqlarga shama qilib va ular o‘rtasidagi nizolardan kelib chiqib, millatlarni belgilab berdi. Bu jadidlar islohotlar o‘tkazayotgan davrda Markaziy Osiyo muammosini hal qilish maqsadida ruslar va ularning vakillari tomonidan olib kirilgan zo‘ravonlik edi.

Buxoroda o‘sha vaqtda kommunistlar yetakchisi bo‘lgan Fayzulla Xo‘jayev 1924 yilda “Markaziy Osiyo respublikalarining mavjud siyosiy chegaralari sun’iydir” deb ta’kidlagandi. “Bu chegaralar, – deydi u, “ushbu respublikalarda yashovchi har bir elatni nohaq ravishda bir-biridan ajratib tashlaydi”. U xalqlarning bunday tarzda bir-biridan ajratilishini “Markaziy Osiyo elatlari orasida sun’iy ravishda adovat qo‘zg‘atish” deya ta’riflagandi.

Kommunizm amaldorlari etnik nizolar qo‘zg‘atilishi bilan bog‘liq ayblovlarga qo‘l siltab, o‘rta osiyoliklarning mahalliy xalqlar o‘rtasida mavjud bo‘lgan munosabatlarga asoslangan va bir millat nomi bilan atalmaydigan davlatlarni tuzish maqsadida qilgan sa’y-harakatlarini yo‘qqa chiqardi. Turkistondagi va Markaziy Osiyoning boshqa tumanlaridagi voqealarning tirik govohi bo‘lgan Ahmad Zaki Volidiy (To‘g‘an) 1920 yillarning boshida u va boshqalar Xorazmda millatlararo munosabatlarni uyg‘unlikda saqlash uchun samarali ish olib borganliklarini qayd etgan edi. “Biroq ruslar [Xorazmda] turkmanlar va o‘zbeklar o‘rtasida adovat urug‘ini sochish o‘z manfaatlariga mos kelishini yaxshi bilar edi” deb ta’kidlagandi u. Ahmad Zaki Volidiy 1919–1920 yillarda boshqird inqilobiy qo‘mitasining rahbari bo‘lgan va Markaziy Osiyodagi tadbirlarda ham ishtirok etgan.

Rossiya va uning Markaziy Osiyodagi agentlari 1917 yildan keyin turkmanlar va qozoqlar orasida o‘zbeklar bilan avvalgi siyosiy-ma’muriy birliklarda hamkorlik qilishni va birga hayot kechirishni davom ettirmaslik kayfiyatini uyg‘otishga harakat qilganiga shubha yo‘q. Bu 1920 yillarning boshidan boshlab Moskvada va Markaziy Osiyoda g‘ayrio‘zbek siyosatchilarining sa’y-harakatlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Turkiston va Xorazmda savodsiz qozoq ishchi va mardikorlarining sara s’ezdlarini chaqirish orqali ular xalqlararo bid’atlarni qo‘zg‘atib, Markaziy Osiyodagi etnik ishlar bilan bog‘liq yirik madaniy va siyosiy masalalar haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmagan yuzlab ana shunday shaxslarni o‘zbeklarga qarshi gijgijladi. Bu tez orada etnik nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Bunday siyosat olib borayotgan hokimiyat butun mintaqa bo‘ylab etnik guruhlarni bo‘lib tashlash rejasini amalga oshirish maqsadida xalqlararo fuqarolik va shaxsiy huquqlarni ta’minlash g‘oyasini ko‘tarib chiqdi. Markaziy Osiyoning turli mintaqalarida yashovchi etnik guruh a’zolaridan etnik tafovutlarni aniqlash va ular o‘rtasida chegaralarni belgilash zarurligi haqida da’volar kelib tushdi. Bunday bo‘shliqqa tez orada Leninning deputatlari yetib keldi. Ularning missiyasi asosan o‘zbeklarni Markaziy Osiyoning boshqa xalqlaridan ajratib, ularning sovet hokimiyati uchun xavfli bo‘lgan faolligini bartaraf etishdan iborat edi.

Milliy hududiy chegaralanish rejasi bilan bog‘liq eng katta nizolardan biri 1924 yilning avgust-sentabr oylarida Toshkent vohasi va Toshkent shahri ustida kelib chiqdi. Bu nizoda sovet hokimiyati vakillaridan ko‘ra ko‘proq qozoqlar Moskvaga katta xizmat ko‘rsatib berdi. Qozoq va o‘zbek hududlari o‘rtasidan belgilangan yangi chegara chiziqlariidan biri Toshkent shahrining yonidan o‘tgandi. Qozoqlar xiralik bilan Toshkent shahrini qo‘lga kiritishga intildi. Ushbu chegara nizosi vohada yashovchi o‘zbeklarda vatanparvarlik ruhini qo‘zg‘atdi. Ular qozoqlar bilan qattiq va uzoq raqobatlashdi. Qozoqlar “sartlarga” Toshkent shahri va Toshkent viloyati berilishiga olib keladigan qaror qabul qilinishiga barcha jabhada kurash olib bordi.

Xalqlarni bir-biridan ajratishni nazarda tutuvchi Rossiyaning talabi ayrim sovet tarixchilari aytganidek, janubdagi xalqlarga foyda keltirishni emas, balki o‘zbeklarni yakkalab qo‘yishni hamda Marksning millatlar nazariyasini tasdiqlashni ko‘zlar edi. Shuningdek ruslar o‘zlarining etnik bir xilligini boshqalar tan olishlarini xohlar edi. Bu, ularning fikricha, Sharqda ham ichki, ham tashqi sohada etnik siyosiy rivojlanishning yagona modeliga aylanar edi. Quyidagi uchta holat etnik chegaralanishga kuchli qarshilik ko‘rsatilganligini tasdiqlaydi. Bunday qarshilik ko‘pincha sartlar yoki o‘zbeklar sifatida ma’lum bo‘lgan xalq yashaydigan mintaqalarda birin-ketin kuzatildi. 1923 yilning oxirida Turkiston muhtoriyatining janubi-sharqiy qismida O‘rta Osiyoni bo‘lish masalasiga qarshi fikrlar yangradi. Unda turli xalqlar yashaydigan Farg‘ona viloyati delegatlari 1924 yilning 1-8 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan Turkiston muhtoriyati Kengashining yigirmanchi s’ezdida aholi zich bo‘lgan butun Farg‘ona vodiysini o‘z ichiga oladigan “avtonom Farg‘ona viloyati”ni tashkil etishni talab qilib chiqdi (u vaqtdagi Farg‘ona viloyati Rossiya tarkibidagi Turkiston ASSR hududida joylashgandi va Qirg‘iziston hududining bir qismini ham o‘z ichiga olardi). Ular ushbu s’ezddan keyin bevosita Turkiston kommunistik partiyasining rahbariyatiga, shuningdek Markaziy Qo‘mita qoshidagi O‘rta Osiyo byurosining qarorgohiga murojaat qildi. Byuro bunga quyidagi tarzda javob qaytardi: “Farg‘onani farg‘onalik o‘rtoqlar taklif etganidek hozirgi shaklda qoldirish va avtonom viloyatga aylantirish xatodir”. Ushbu rad javobida o‘zbeklarning mintaqadagi integratsion salohiyatiga putur yetkazishni ko‘zlagan eng muhim sabablar emas, balki ikkinchi darajali siyosiy sabablar – masalan, kommunistik partiyaning ko‘proq bir millatli respublikalarni tashkil etish siyosati sabab qilib ko‘rsatildi.

Bunday javob farg‘onaliklar shijoatini qaytarmadi. Olti oy o‘tgach Qo‘qon gazetalari O‘rta Osiyoni qayta tashkil etish bo‘yicha yangi g‘oyani taklif qildi.

Rossiyaning milliy hududiy chegaralanish rejasiga bo‘yin egish o‘rniga qo‘qonliklar o‘z shahrini milliy respublikaning poytaxti qilib belgilashni taklif qildi, negaki “o‘zbek xonlarining poytaxti yaqin-yaqingacha Qo‘qon shahrida joylashgan edi”. Qo‘qon shahrida Buxoro va Toshkentdan farqli ravishda tojiklar, ruslar va boshqa turkiy bo‘lmagan xalqlar yashamas edi. Qo‘qon shahri mintaqadagi mustaqillik kayfiyati kuchli bo‘lgan shahar edi va ko‘pincha (1850, 1876, 1898, 1917-1918, 1919 yillarda) rus harbiylari va ko‘rilgan siyosiy chora-tadbirlarga qarshilik ko‘rsatgan markaz vazifasini bajargan edi. Ushbu mantiqiy taklif chippakka chiqdi, chunki Turkiston hududining bir qismida asosan o‘zbeklar yashaydigan ittifoqdosh respublikaning tashkil etilishi etnik jihatdan bir xil bo‘lgan aholining jipslashishi natijasida ushbu sub’ektni mustahkamlar edi. Moskvaning nuqtai nazari bo‘yicha, aftidan, tojiklar ko‘pchilikni tashkil qilgan Samarqand yoki ruslar talay bo‘lgan Toshkent yangi hududiy bo‘linmani [o‘zbek respublikasini] boshqarish uchun mos keladigan shahar edi. 1924 yilning martida milliy chegaralanish bo‘yicha ikkinchi va jiddiy qarama-qarshilik bu safar Xorazmda kuzatildi. Xorazm respublikasi Markaziy qo‘mitasining Ijro etuvchi byurosi mamlakatni etnik belgilar bo‘yicha bo‘lib tashlash rejasidan rasman bosh tortdi. Xorazm avvalgi asrlarda kuzatilganidek Rossiya hamlasiga yana dosh berdi. Shunday qilib, 1924 yilda ham Xorazm g‘animning zarbasiga chap berdi. Moskvada Rossiya kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining Siyosiy byurosi 1924 yil 12 iyun kuni Xorazm respublikasi turli millatlardan iborat Markaziy Osiyodagi yagona sub’ekt sifatida qoldirilishini tasdiqladi. Biroq 1924 yilning 26 iyul kuni tozalash va bosim o‘tkazilgach, Xorazm respublikasining Markaziy Ijro etuvchi qo‘mitasi o‘zining avvalgi qarorini bekor qildi (bu qaror xato deb e’tirof etildi) va Moskvadagi yuqori turuvchi organlardan [avvalgi] qarorni qayta ko‘rib chiqishlarini o‘tinib so‘radi. Rossiya Markaziy Qo‘mitasining Siyosiy byurosi darhol Xorazm respublikasini “etnik tenglik va bir xillik” prinsipi bo‘yicha bo‘linishi lozim bo‘lgan sub’ektlar toifasiga kiritdi. Farg‘ona avtonom respublikasini tashkil etish taklifi va xorazmliklarning qarshiligi, ehtimol, O‘rta Osiyoda muayyan millat nomi bilan atalmaydigan davlat tuzilmasini saqlab qolishga bo‘lgan turkistonliklarning so‘nggi intilishi edi. Ushbu intilishlarning yo‘qqa chiqarilishida Butunrossiya kommunistik partiyasining O‘rta Osiyo bo‘linmalari bevosita ishtirok etdi.

Rossiyaning Markaziy Osiyoni milliy xususiyatlarga ko‘ra bo‘lish qarori yuzasidan yana bir norozilik Orol dengiziga yaqin joyda joylashgan Chimboyda, Chimkent uyezdining Amudaryo detasida kuzatildi. U yerda yashovchi aholi milliy chegaralanish natijasida o‘z madaniyati xarob bo‘lishidan xavfsirar edi, chunki milliy chegaralanish loyihasi ularning o‘ziga xosligi ustidan hukmronlik qilish uchun qozoqlar va qoraqalpoqlarga yuridik imkoniyat yaratib berar edi. Kommunizm barpo etuvchilar bu shaxslarni millatchilikda, sinfiy dushmanlikda va hokazolarda aybladi, ular borasida Farg‘ona va Xorazmdagi “adashgan” kommunistlarga nisbatan qo‘llanilgan choralardan ham qattiqroq choralar ko‘rildi.

Milliy hududiy chegaralanish prinsipiga qarshi chiqqan o‘rta osiyoliklar mintaqadagi mavjud davlatlar tarixan yuzaga kelganini, turkiy xalqlarning uyg‘unligi yuksakroq darajadagi jipslikni shakllantirganini hamda Islom dini aholi birligini mustahkamlaganini ta’kidladi. Bunday da’volarni rad etish uchun Moskvaning O‘rta Osiyo respublikalaridagi vakillari Stalinning millatlar tasnifiga asoslangan holda Yevropacha-Markscha usulda javob qaytardi.

Qozonlik tatar siyosatchi Said Sulton Galiyev (1880-1939) Sharqning, shu jumladan Markaziy Osiyoning butun musulmon va/yoki turkiy aholisi Rossiya va Yevropa kommunistik sub’ektlaridan ayri holda yagona sotsialistik uyushmaga birlashtirilishini qo‘llab-quvvatlaganida Stalin unga butun vujudi bilan qarshilik ko‘rsatdi. Sulton Galiyevning rejalari, shubhasiz, Markaziy Osiyoning turkiy musulmon aholisini ham o‘z ichiga olar edi va bosh kotib Sulton Galiyevga u kommunistik partiyada irqiy-diniy guruhlar haqida boshqa nutq so‘zlay olmasligini ma’lum qildi. 1923 yilda Stalin Markaziy Osiyoda bo‘ysunmas va madaniy jihatdan bir-biri bilan bog‘liq aholini birlashtiradigan federatsiyalar tashkil etilishiga qarshilik ko‘rsatib, yana bir bor o‘zining hiyla-nayrangini ishga soldi.

***

KAMOL ABDULLAYEV.

“SHINJONDAN XUROSONGACHA” (2009 yil):

Panislomizm va panturkizm kabi g‘ayri sovet loyihalar tug‘dirayotgan potensial xavfning oldini olishni maqsad qilgan sovet rahbariyatining intilishi – miliy hududiy chegaralanish o‘tkazilishining bosh sababidir. Sovet rahbariyatining maqsadi “Buxoro”, “Turkiston” va “Xiva” kabi nomlarni esdan chiqarish edi, chunki bu nomlar mintaqa aholisining siyosiy sodiqligini ifodalovchi va tub aholi orasida qonuniy deb hisoblanuvchi davlat ramzlari edi. Ko‘p millatli va polietnik Turkiston, Buxoro va Xiva davlatlari o‘rnida O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston avtonom sovet respublikasi (O‘zbekiston tarkibida), Qoraqalpoq avtonom viloyati va Qoraqirg‘iz viloyati kabi milliy sovet sotsialistik respublikalari tashkil etildi.

Milliy-hududiy chegaralanish XI asrdan beri O‘rta Osiyoda tanho hukmronlik qilib kelgan turkiy sulolalarni tiklash rejalarini yo‘qqa chiqardi. Eng asosiysi, u panturkizmga qaqshatqich zarba berdi.

Turkiy birdamlik milliy respublikalarga bo‘lib tashlanishidan tashqari mintaqada yagona turkiy bo‘lmagan respublika – Tojikiston paydo bo‘ldi.

Stalin natsional-kommunistlarning O‘rta Osiyoda yagona Turk respublikasini yaratish talabiga xilof ravishda turkiy xalqlar birdamligiga nifoq solish va sovet tuzumiga zid bo‘lgan yagona turk davlatiga qarshi kurashish maqsadida “oriylar hududini” tashkil etdi.

1924 yilda o‘tkazilgan milliy hududiy chegaralanishning oqibatlari ana shundan iboratdir. Milliy chegaralanish g‘oyasi Markaz tomonidan loyihalashtirildi va amalga oshirildi. O‘rta Osiyo xalqlari “Oktabr farzandlari” deb e’lon qilindi hamda bundan buyon o‘zining qaror topishi uchun bolsheviklar va ruslar oldida qarzdor edi. Shoshma-shosharlik bilan belgilangan chegaralar va sovetlarning bundan buyongi siyosati tojiklar, o‘zbeklar va boshqa xalqlarni tinch qo‘shnilardan murosasiz raqiblarga aylantirib qo‘ydi. Iqtisodiyot markazlashtirilgan va xalq xo‘jaligi taqsimlangan sharoitda mintaqaning milliy namoyondalari taqchil resurslar va Kremlning lutfiga sazovar bo‘lish uchun bir-birlari bilan jiddiy kurashga kirishdi. 1924 yilda Tojik respublikasi tashkil etilishi bilangina tojiklarda birlashish g‘oyasi bilan sug‘orilgan millatparvarlik shakllandi. Aynan o‘shanda tarkibida talaygina sobiq jadid panturkistlari bo‘lgan Tojikiston rahbariyati Xo‘jand okrugi, Buxoro, Samarqand va ayrim boshqa hududlarga da’vo bilan chiqib, O‘zbekiston SSRga hududiy e’tirozlarini bildirdi. Qariyb 10 yil davom etgan milliy hududiy chegaralanish chog‘ida bolsheviklar mintaqaning xalqlari o‘rtasida nizo urug‘ini sochish hamda yangi paydo bo‘lgan respublikalarda cheksiz hokimiyatga ega bo‘lish maqsadida chegaralarni noto‘g‘ri belgiladi, anklavlar, bahs-munozarali uchastkalarni tashkil etdi. Bunday siyosat Qadimgi Rimning “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” usuliga o‘xshar edi va ayni vaqtda Xitoyning Shinjon hududida yuritilayotgan “varvarlarni varvarlar yordamida boshqar” siyosatini eslatar edi.

Lotin alifbosida maqola: O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



XITOY
Umar Shayx Mirzo Bahodir
TOSHKENT
GEOGRAFIYA
Temur davlatining tashkil topishi va Temurning harbiy yurishlari


Комментарии 3

Гость admin
123456'and/**/extractvalue(1,concat(char(126),md5(1299696077)))and'

123456'and(select+1)>0waitfor/**/delay'0:0:0
5 октября 2023 19:46

Гость admin
123456'and(select*from(select+sleep(2))a/**/union/**/select+1)='
28 ноября 2023 00:53

Гость admin
123456/**/and(select+1)>0waitfor/**/delay'0:0:0'/**/
4 января 2024 23:38

Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты