( “TARAQQIY”, ”XURSHID”, ”TUJJOR” GAZЕTALARI MISOLIDA)
Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng milliy merosimizga bo‘lgan munosabat qayta tiklanib, ajdodlarimiz yaratib ketgan boy madaniy meros yangidan o‘rganilib, bu sohada katta yutuqlar qo‘lga kiritildi. Jumladan, azim va navqiron Toshkent shahrining 2200 yilligini nishonlash katta tarixiy ahamiyatga egadir.
Toshkent butun O‘rta Osiyo jadidchilik harakati markazi bo‘lishi bilan birga, eng ko‘p milliy marifatchilik g‘oyalari bilan sug‘orilgan jadid nashrlari shu makonda chop etildi.
Ushbu maqolada yoritish uchun “Taraqqiy”, ”Xurshid”, ”Tujjor”gazetalariga, undagi maqola va materiallarni tahlil qilish bilan bayon qilishga to‘xtalmoqchimiz.
Xususan, Turkistonda birinchi jadid matbuot organi “Taraqqiy” gazetasi Toshkent shahrida Ismoil Obidov muharrirligida, 1906 yil 27 iyundan etiboran chop etila boshlangan. Uning tahririyati O‘ratepa ko‘chasi, 97 uyda joylashgan edi. Gazeta bahosi bir yilligi 5 so‘m, olti oyligi 2 so‘m 50 tiyin, uch oyligi 1 so‘m 50 tiyin bo‘lgan, bir donasi 50 tiyindan sotilgan. Gazeta to‘rt sahifada chop etilib, unda e’lonlar ham bosilgan.E’lonlar gazetaning birinchi sahifasida satriga 40 tiyindan, oxirgi sahifada satriga 20 tiyindan bosilgan. “Taraqqiy” gazetasining shiori: “Najot: maslakda sabot, to‘g‘rilikda ijobat” deb nomlangan. Nashr “ilmiy, adabiy, siyosiy, faniy, tijoriy” gazeta bo‘lganligi uning o‘zida ta’kidlab ko‘rsatiladi.
“Taraqqiy” Ivan Geyerning “Taraqqiy-O‘rta Osiyo umrguzaronligi” gazetasi mablag‘i asosida chop etilgan. Mashhur ma’rifatparvar jadid namoyondalaridan Abdulla Avloniy “Burungi o‘zbek vaqtli matbuotining tarixi” maqolasida “Taraqqiy” gazetasi Ivan Geyerning to‘xtolg‘on gazetasi o‘rniga chiqdi, desa mumkindir. Uning obunachilarining kolgan haqqiga
“Taraqqiy” gazetasi yuborildi”, deb qayd etildi.
“Taraqqiy” gazetasi faoliyati haqida keng tadqiqotlar olib borgan jurnalistika tarixi mutaxasisi, olima Nazira Abduazizova quyidagilarni yozadi: “....garchi nashr Ivan Geyerning mablag‘i hisobiga nashr qilana boshlangan bo‘lsa ham, uning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi avvalgi gazetadan tubdan farq qilgan”. “Taraqqiy”da milliy, ijtimoiy-siyosiy, madaniy, iqtisodiy masalalar ko‘tarilib, mushtariylarni “mamlakat xabarlari”, ”xorijiy xabarlar”, ”telegraf xabarlari”, ”Toshkent axbori” ruknlari ostida yangiliklardan voqif etib turgan. Gazeta ma’rifat manbalaridan sanalgan kitob, gazeta uchun hukumatning mablag‘ ajratmayotgani va buni uning o‘zi ham bilib turganligini shunday o‘xshatish bilan bayon etadi: “hozirda ijtimoi, kalom, matbuot uchun berilgan xarit(xarajat)lar; tushak ustida og‘ziga suv tomizilib turgan og‘ir xastadek ekanini tilsiz va ko‘r tabiblar ham tasdiq eturlar”.
Mustamlakachilik tuzumidan ozod bo‘lish g‘oyasi va millatni taraqqiy ettirish masalasi gazetaning bosh maqsadlaridan edi. Shunday g‘oya gazetaning 1-sonidagi “Toshkentda 14-iyun” maqolasida ham o‘z ifodasini topadi. Unda: ”Biz musulmonlarni hurriyatga haqlari bormi?”-deb, savol qo‘yib, “ Yo‘q! Qarindoshlar yuz marotaba yo‘q”- deb javob beradi. Sababi ma’rifatsizlik, ilmsizlik hukmron bo‘lgan jamiyat hech qachon erkinlikka erisha olmasligi ta’kidlanadi. “Taraqqiy”da milliy jadidlarimiz aholidan olinadigan soliqlar, yurt va xalq manfaati uchun ishlatilmasdan, “zolim ishga va aysh-ishratg‘a” sarflayotganligidan zorlanayotganligini bildiradi.
Gazetaning 1906 yil 3 sonida pivoxo‘rlik va ichkibozlikning keng tarqalib ketilayotganligidan xavotirli fikrlar bildiriladi. Shuningdek, “Taraqqiy”da “feleton” rukni ostida madaniy-ma’rifiy masalalar ko‘tarilib, ta’lim tizimini isloh qilish, zamonaviy fanlarni o‘quv dasturlariga kiritish, undan tashqari adabiy-tanqidiy maqolalar e’lon qilib borilgan. Jumladan,gazetaning 1-sonida ”Bizni jaholat jahli murakkab” deb nomlangan M.Abdurashidxonovning maqolasi berilib, maktab va madrasa darslariga zamonaviy fanlar kiritilishini targ‘ib qiladi. Gazetaning 10-sonida, shu ruknda berilgan maqolada, Toshkent shahrining Voskresenskiy mahallasida Fotix Oldin va Ismoil al-Alaviy maktablarga imtihon bilan o‘quvchi qabul qilganligini, muallim Shokir Muxtorov ijobiy baholab chiqadi.
Gazeta faoliyati juda qisqa vaqt davom etdi, aslida nashrning o‘z oldiga qo‘ygan quyidagi maqsadi bor edi: “Biz bir mo’ni sababidan gazetamiz biroz vaqtgacha qadimgi Taraqqiy ismi ila tasmin qilinub nashr etilsa ham inshoollo tez fursatda “Sharq” ismi ila tasmix qilinur”. Chor Rossiyasi mustamlakachilik tuzumi milliy g‘oyalar targ‘ibotchisi bo‘lgan “Taraqqiy” gazetasining nashr etilishini bir necha oydan so‘ng to‘xtatib qo‘ydi. Shundan so‘ng ham jadidlar matbuot tashkil etishni yanada rivojlantirdi. Masalan M. Abdurashidxonov muharrirligida “Xurshid” gazetasini chiqarila boshlandi. “Xurshid” gazetasi ”- deb yozadi A. Avloniy, “1906 yili “Taraqqiy” to‘xtolg‘ondan keyin o‘sha vaqtning yoshlari tomonidan tuzilgan bir shirkatning moddiy ko‘magi, Munavvar Qori Abdurashidxonovning mas’ul muxarrirligi orqasida tosh bosma usul bilan chiqa boshladi”, deydi.
“Xurshid” Toshkent shahrining Zanjirlik mahallasida nashr etilib, haftada bir marta, “tezda ikki uch bor chiqadurg‘on ilmiy, adabiy, siyosiy, maishiy, turkcha (ya’ni, o‘zbekcha) ” gazetadir. Bir donasi besh tiyindan sotilgan. Gazeta sakkiz sahifada nashr etilgan. Bu gazeta ham xuddi “Taraqqiy” kabi birinchi sahifada o‘sha kuni Toshkentda bo‘lgan muhim xabarni e’lon qilish bilan boshlanib, ikkinchi betda feleton rukni ostida maqolalar bosib chiqargan. Gazetadagi “Toshkent xabari” , “Axbori xoriji” , “Axbori doxiliya” kabi ruknlar mushtariylarni yangiliklardan voqif etib turgan.
Gazeta bulardan tashqari Turkiston xalqlari oldida turgan dolzarb muommalarni yechib, mustamlakachilikdan ozod bo‘lishga intiluvchi maqolalar e’lon qiladi. Madaniyat va ma’rifatni tiklash uning bosh g‘oyasiga aylanadi. “Xurshid” ta’qib ostida bo‘lgani uchun atiga ikki oy davomidagina faoliyat olib bordi.
Yuqoridagi ikki gazeta taqdiridan ko‘rinib turibdiki, mustamlakachilar o‘zlarining siyosatini millat taraqqiyotiga, madaniyati va o‘zligini anglashiga qarama – qarshi qo‘yadi.
Millatparvar fidoiy jadidlar mustamlakachilik siyosati qanchalik taxqirli va havfli bo‘lishiga qaramay millat dardini o‘z dardi deb bildi. Ayniqsa bu masalada jadidlar milliy matbuotni birinchi darajada rivojlantirishga katta e’tibor berdilar. Bunga “Tujjor” gazetasining 1907-yil 21-avgustda chiqishi yaqqol misoldir. Gazeta muxarriri Toshkentlik soxovatli boylardan biri Saidkarim Saidazimboyev bo‘lgan.
Bahosi bir yilligi besh so‘m, olti oyligi uch so‘m, uch oyligi bir so‘mi oltmish tiyin, bir oyligi oltmish tiyin, bir nusxasi olti tiyindan sotilgan.
E’lonlar gazetada avvalgi sahifada satriga o‘n olti tiyindan, oxirgi sahifada o‘n tiyindan bosilgan. U “milliy, siyosiy va ma’ishiy gazetai islomiya” edi. Manzili Peterburg ko‘chasidagi xususiy uyda, deb ko‘rsatilgan.
Gazetaning birinchi sonida muxarrirning “Matbuot ilmi” maqolasida, nashr ta’sis etilishiga oid quyidagi fikrlarni o‘qiymiz: “... o‘tgan yil Ismoil Obidov, Munavvarxon Abdurashidxonovlar Taraqqiy va Xurshid gazetalarni nashr etsalar ham hukumat xazorag‘a muxolif o‘lg‘onlari sababli gazetalari to‘xtatildi. Turkiston musulmonlari bina, din, matbuotsiz go‘yo tilsiz, quloqsiz qoldilar, man emas ko‘p zamonlardin beri suyuklik millatimg‘a xolis bir xizmat etmak orzusida edim, lekin na yo‘l ila yaxshiroq xizmat etmak o‘lur mumkin deb fikr va andisha qilmoqda edim. Emdi bildimki, Turkiston musulmonlari hech bir narsaga o‘z tillarida yozilmish bir gazeta kabi muxtoj emas ekanlar”. Gazeta muxarriri S.Saidazimboyevning bu dardu alamlarga to‘la, millat jarohatiga dahldor ehtirosli so‘zlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatiga ega.
O‘rni kelganda shuni ham takidlash joizki, jadid matbuotidan quvvat olgan holda O‘zbekistonning bugungi milliy matbuoti o‘z sahifalarida jadidchilik harakati tarixini keng yoritayotganligi bizningcha, o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Ikkinchi bir ma’noda, bu jadidlar yaratgan milliy matbuot juda katta ahamiyatga ega bo‘lganligidan dalolatdir.
“Tujjor” gazetasida “Xorij xabarlari”, “Telegraf xabarlari”, “Dohliy xabarlari”, “Idoraga maktublar”, “Idoradan javoblar” kabi ruknlarda maqolalar elon qilingan. Muza xabarlari ruknida, gazetaning 4-sonida shunday malumotni beradi: “1907 yil 30 avgustda Toshkent shahrida savdogarchilik maktabi ochildi”.
Gazetaning 5 sonida Toshkent ko‘cha transporti haqida quyidagi malumotni yozadi: “Toshkent shahrida yurib turg‘on kungi arobalarig‘a o‘tgan 1902 sanada jami uch milyun 277 ming, 62 nafar odam tushubdur va ham ul kungi arobalarini har biri ushbu 1902 yilgi sanada kungi sohiblarig‘a ondarik 9 ming so‘mdan toza hosil berubdurlar ”. Bulardan tashqari gazetada yana bir muhim masala, vabo kasalidan ehtiyot bo‘lish haqida, Qo‘qonda tijorat maktabi ochilgani haqida, o‘quv dargohlarining qurilishi, ochilishi va ulardagi sharoitlar haqida, hamda feleton rukni ostida maqolalar elon qiladi. Jumladan 11-sonida “Gazet nadur” maqolasi elon qilinib Buxoro amirligi va Xiva xonligida aholining ko‘pchiligi gazeta tushunchasidan bexabarligidan afsuslaniladi.
Toshkent jadid marifatparvarlari 1909 yildan keyin rus chorizmining siyosati tufayli 1914 yilgacha hech qanday nashr chiqara olmaydi. Yuqorida sanab o‘tilgan matbuot nashrlari mustamlaka sirtmog‘i ichida yozilgan bo‘lsa ham, erkin fikrlar, hurriyatni ifoda etuvchi g‘oyalar,ilm marifatni va marifatli yoshlar bilan asta sekin ozodlik sari qadam tashlay olishiga ishongan milliy marifatparvarlarimizning naqadar jasorat ko‘rsatganligi va fidoyiligidan dalolat berib turibdi.
Maqolamizni Prezidentimizning marifatparvar va hurlik tarafdorlari,Turkiston jadidlari haqida aytgan quyidagi fikrlari bilan nihoyasiga yetkazamiz: “... yuzlab marifatparvar, fidoiy insonlarning o‘z shaxsiy manfaati, huzur halovatidin kechib, el ulus manfati, yurtimizni taraqqiy topdirish maqsadida amalga oshirgan ezgu ishlari avlodlar xotirasidan aslo o‘chmaydi!”
Lotin alifbosida maqola: Toshkent jadid matbuoti haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)