O'tamish hoji va uning «Chingiznoma» asari haqida

«Chingiznoma» Oltin O'rda va Qozog'istonning ko'hna tarixidan, aniqrog'i XIII—XVI asrlardagi tarixidan hikoya qiluvchi qimmatli tarixiy asarlar jumlayendan hisoblanadi. Lekin asar hozirgacha juda nam o'rganilgan, tadqiqotchi olimlar uning fakt va ma'lumotlaridan deyarli bahramand bo'lishmagan. Buning asosiy sababi asarning kam nusxada yetib kelganligidadir. Bizga ma'lum bo'lishicha, «Chingiznoma» ning faqat bitta nusxasi saqlanib qolgan, xolos. O'sha yakkayu yagona nusxa hozir O'zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti kutubxonasida 1552/V raqam bilai saqlanmoqda. U boshqa oltita asar bilan birga muqovalangan. Bu asarlar orasida xivalik mashhur tarixchi olim Abulg'ozixoniing «Shajarayi tarokima» («Turkman xalqining shajarasi») degan mashhur asari ham bor. Lekin, afsuski, «Chingiznoma» ning bu nusxasi to'liq emas. Voqealar bayoni mashhur Oltin O'rda xoni To'xtamishxon tarixi bilan uzilib qolgan.

«Chingiznoma» bir vaqtlar Xorazmda hukmronlik qilgan shayboniylardan Esh sulton (1558 yili o'ldirilgan)ning topshirig'i bilan XVI asrning birinchi yarmida yozilgan. Bu haqda muallifning o'zi asar muqaddimasida batafsil gapirgan.
Asar muallifi O'tamish xoji haqida juda kam ma'lumotga egamiz. Uning haqida faqat quyidagilar ma'lum. Otasi mavlono Muhammad Do'st o'ziga tinch va nufuzli odamlar jumlasidan bo'lib, shayboniylardan Ilborsxonning saroyida xizmat qilgan. O'tamish xojining bobosi esa o'z vaqtida shayboniyxonlardan Yodgorxonning xizmatida bo'lgan. Yodgorxonning ulusi Sirdaryoning quyi oqimida joylashgan bo'lib, xonning o'zi XV asrning 80-yillarida Shayboniyxon bilan bo'lgan tungi to'qnashuvda halok bo'lgan. O'tamish xojining o'zi ham Ilborsxon saroyida munshiy (kotib) bo'lib ishlagani ma'lum. Olim haqida hozircha boshqa biror narsa deyish qiyin.
«Chingiznoma» haqidagi dastlabki ma'lumotni Ye. F. Kal (1863—1891), V. V. Bartold ra A. V. Validiylar berishgan. Har uchala olim ham «Chingiznoma» ni diqqatga sazovor asar deb baholaganlar. Lekin shuni alohida aytib o'tmoqchimanki, «Chingiznoma» ni o'rganish borasida qozog'istonlik sharqshunos olim, marhum V. P. Yudinning xizmati salmoqli bo'ldi. Olim bu asarni rus tiliga tarjima qilib, nashr etdi (1992), «Chingiznoma» materiallari asosida bir necha muhim ilmiy maqolalar yozdi.
Ha, haqiqatan ham, «Chingiznoma» diqqatga molik muhim tarixiy asar bo'lib, asosan rivoyatlar, muallifning eshitgan- uqqanlari va ko'rganlari asosida yozilgan. «Tarixiy kitoblardan, — deb yozgan edi akademik Bartold, — O'tamish xoji faqat ayrim xonlarning nomini qayd etgan, xolos. Xonlar haqida batafsil ma'lumot topolmagan... O'tamish xoji o'tgan zamonlar haqida bilimdon odamlardan so'rab-surishtirib ko'p rivoyatlar to'plagan va tez fursat ichida o'zi ham rivoyatlarni yaxshi biluvchi kishi sifatida tanilgan». Xullasi kalom, O'tamish xoji o'ziga kerak bo'lgan rivoyatlarni qunt bilan bitta-bittalab yig'ib, Dashti qipchoq va Qozog'iston tarixidan katta faktik material to'pladi. Lekin ulardan foydalanganda tanqidiy uslubga amal qildi, rivoyatlarni birma-bir aql tarozisida tortib, so'ng kitobiga kiritdi. «Ularning (Oltin Urda xonlarining — B.A.) kechmishini o'rganish borasida menda katta xohish-intilish bo'lgani sababli, — deb yozadi «Chingiznoma» muallifi, — falon yerda tarix rivoyatlarini yaxshi bilgan keksa odam borligini eshitguday bo'lsam, to'xtovsiz uning huzuriga bordim va so'rab-surishtirib, haqiqatni bilib oldim, eshitganlarimni birma-bir aql tarozusida tortib, ma'qullarini xotiramda saqladim, ma'qul bo'lmaganlarini rad etdim». O'tamish xojiga ma'lumot berganlar orasida savdogarlar, sayyohlar, aslzodalar va hatto xonlar ham bo'lgan. Bu xususda muallif yuqorida nomi zikr etilgan Ilborsxonni alohida tilga oladi. «U rivoyatlarni juda yaxshi bilar edi», — deb eslaydi O'tamish xoji uning haqida. O'tamish xojiga tarix rivoyatlarini yig'ishda yaqindan yordam berganlar orasida Sulton G'ozi sulton  xizmatida bo'lgan xojitarxonlik (astraxanlik) xoji Niyoz, xitoy-qipchoq qabilasiga mansub bo'lgan Bobo Alibiylar ham bo'lishgan. «Bir so'z bilan aytganda, — deydi O'tamish xoji pirovardida, — xitoy-qipchoq qabilasidan chiqqan va ilgari xojitarxon xoni Abdulkarimxonning katta beklaridan bo'lgan Bobo Ali xojasi, ya'ni o'sha Abdulkarimxon vafotidan keyin Makkai Mukarramani borib ziyorat qilib, xoji bo'lib qaytdi. Shundan keyin u Sulton G'ozixonning xizmatiga kirdi. Sulton G'ozixon ham tarix rivoyatlarini yaxshi ko'rardi. Shu sababdan xon hazratlari mendan so'radilar: «Aytishlaricha, To'xtamishxon O'rusxon dargohidan qochib borib bu yerga kelganmish. Bu qanday yuz berdi?» Banda o'sha Bobo Ali xojidan Eshitganlarimni unga hikoya qilib berdim».
«Chingiznoma» muallifi haqida yana quyidagilar ma'lum. U Xorazm va Oltin O'rdaning janubiy viloyatlari, xususan Kaspiy dengizi sohilidagi yurtlar va Volganing quyi oqimida joylashgan viloyatlar bo'ylab ko'p sayohat qildi. Bu yerda u nafaqat tarixiy, balki jo'g'rofiy ma'lumotlar ham yig'di. Masalan, Oltin O'rda xoni Berkaxon bilan Darband (Ozarbayjon)ga bostirib kirgan Elxon Halokuxon qo'shinlari o'rtasida bo'lgan urush haqida batafsil hikoya qiladi. Shu bilan birga diqqatga sazovor mana bu ma'lumotlarni ham keltiradi: «Qulzum (Kaspiy) dengizi sohili bo'ylab yurilganda, ko'plab daryo irmoqlari va ko'rfazlariga duchkelasiz. Yo'l o'sha daryo irmoqlari ustidan o'tadi. Usha yerda ko'plab qum uyumlaridan hosil bo'lgan baland-past tepaliklarga do'chor kelasiz. Bu yerlarni Qir machaq deb atashadi. Banda o'sha yerlarni borib ko'rganman».
Ayrim o'rinlarda olim Esh sultonning og'asi Do'st sultonning (u hammasi bo'lib Xorazmni bir yil — 1557—1558 yili idora qilgan) esdaliklari (daftari)ga suyangan. Biz buni Berkaxon bilan Halokuxon qo'shinlari o'rtasida Darbandda bo'lib o'tgan urushga bag'ishlangan bobda yaqqol ko'ramiz. Bu yerda xususan bunday deyilgan: «Ba'zi tarixchilarning aytishlaricha, o'sha urushda Halokuxonning o'zi shaxsan ishtirok etgan. Uning qo'shini tor-mor etilgan, Halokuxonning o'zi bo'lsa halok bo'lgan. Biroq, uning o'sha urushda halok bo'lganini hech kim bilmaydi. Lekin hazrati oliylari Do'st sultonning tarixida bunday deyilgan: «Usha urushda halok bo'lgan qo'shin xususida qayg'u chekib, u (Halokuxon — B. A.) og'ir dardga chalinib, yotib qoldi va oradan ikki oy o'tgandan keyin vafot etdi». Yana bir misol. Tug'luq Temur (shaxsini aniqlab bo'lmadi. Shaybon o'g'illaridan biri Mergandan tug'ilgan bir nabirasi Tug'a Temur deb atalgan. Ushami yoki boshqasimi, hozircha bu haqda aniq bir narsa deyish qiyin) haqidagi hikoyatda mana bu satrlarni o'qiymiz: «Sultonlar iftixori oliy hazrat Do'st sultonning xotira daftarida yozilganki, mazkur Tug'a Temur ulug' podshoh bo'lgan va Samarqand bilan Buxoroni idora qilgan».
«Chingiznoma» ning manbalari mana shulardan iborat.
Endi asarda keltirilgan muhim va diqqatga sazovor tarixiy ma'lumotlardan ayrimlarini keltiramiz. Bu ma'lumotlar ba'zida uchrab turadigan voqealarga bir taraflama baho berish hollarini hisobga olmaganda, o'ta muhim va qimmatlidir.
Ma'lumki, Berdibek hukmronligi (1357—1361) dan keyin Oltin O'rdada feodal va toju taxt uchun kurash nihoyatda kuchaydi. O'tamish xoji bu haqda mana bu ma'lumotlarni keltiradi: «Jonibekxonning (O'zbekxonning o'rtancha o'g'li; 1341 — 1357 yillarda Oltin O'rda xoni) onasi Tayduli begim Mangutoy Xizrxonni chaqirtirib olib, Saroy Berka mamlakati taxtiga o'tqazdi». Xo'sh, bu Xizrxon degani kim bo'ldi o'zi? «Chingiznoma» muallifi uni «Shaybon naslidan bo'lgan Mangutoyning o'g'li va Xizr o'g'lon deb atardilar va Soinxon (Botuxon) unga (Mangutoyga) Oqko'l degan yerdan ulus tayin qilgan edi», deydi. Endi Xizr o'g'lonning otasi Mangutoyning shaxsini aniqlaylik. Mashhur Eron tarixchisi Rashididdinning bergan ma'lumotlariga ko'ra, Shaybonning o'g'illari orasida Mangutoy degani ham bo'lgan. Rashididdin xususan bunday deb yozadi: «Shaybonning uchinchi o'g'li Qadaq. Uning bir o'g'li bo'lgan — ismi To'la Buqa. Mazkur To'la Buqaning ikki o'g'li bo'lgan. To'ng'ichi Mangutoy, kenjatoyi Tumon Temur». Lekin Xizr o'g'lonning Mangutoyning o'g'li ekanligi haqida ma'lumot uchratmadik. Ammo, nima bo'lganda ham, Oltin O'rda xonlari orasida Xizr nomli xonning o'tganligi ma'lum. U haqiqatan ham Shaybon naslidan bo'lib, Ibrohim o'g'lonning o'g'lidir va XIV asrning 60—70-yillarida Oltin O'rdaning ijtimoiy-siyosiy hayotida katta rol o'ynagan shayboniy xonlardan biri bo'lgan. Umuman olganda, O'tamish xojining Berdibekdan keyin Oltin O'rdada hokimiyat shayboniylar qo'liga o'tganligi haqidagi bu ma'lumoti o'ta muhimdir.
Ma'lumki, Shaybon og'asi Botuxonning Rusiya, Qrim va Sharqiy Ovrupo mamlakatlari ustiga qilgan harbiy yurishlari (1234—1238, 1239—1240) da faol ishtirok etgan. Bu voqealar Rashididdinning yuqorida tilga olingan kitobida umumiy tarzda qisqacha bayon etilgan. «Chingiznoma» da esa bu xususda keltirilgan ma'lumotlar birmuncha keng bo'lib, orasida yangilari, shuningdek Rashididdin keltirgan ma'lumotlarga aniqlik kirituvchi dalillar ham bor. Bir-ikki misol keltiramiz. Rashididdin Shaybonning birodarlari Buchak va Bo'ri bilan birgalikda 1238 yili Qrimga qilgan yurishi va o'shanda Tatqor qal'asini (Qrimning mustahkam qal'alaridan biri) tasarrufiga kiritgani haqida hikoya qiladi. O'tamish xoji Shaybonning o'sha yili Qrimning yana bir mustahkam qal'asi — Qirqyorni qamal qilgani va uzoq vaqt davom etgan janglardan so'ng ishg'ol qilgani va uni olishda ishlatgan harbiy nayrangi haqida qiziq ma'lumot keltiradi: «Shaybonxon qamal muddati cho'zilib ketgach, oxiri amirlarga va qo'shinga: «qoron- tutushishi bilan to erta tongga qadar ovoz chiqarishi mumkin bo'lgan idishlarni bir-biriga urib ovoz taratinglar», deb buyurdi. Shu zaylda askarlar o'n kun mobaynida kechasi bilan taqir-tuqir qilib, qal'a ahlining qulog'ini kar qildilar. Bir guruh askarlar shu ish bilan band bo'lib turganda, naqbchilar (zovur qazuvchilar, yer osti yo'li quruvchilari) chor tarafdan qal'a darvozalariga qarab naqb qazidilar. Natijada qamaldagilarning qulog'i kar bo'lib, cho'qmoq, tesha va ketmon ovozini eshitmay g'aflatda qoldilar». «Naqblarning qoldig'i hozir ham ko'zga tashlanib turibdi», — deydi O'tamish xoji. Muhimi shundaki, Shaybonxon Qrimda bir emas (Tatqor), balki ikki qal'a (Qirqyor)ni zabt etgan. Qozog'istonlik olima M. X. Abuseitova o'zining «Chingiznoma» ning ruscha nashriga yozgan izohlarida Qirqyor Cho'fit qal'a nomi bilan mashhur bo'lganligi va uning Baxchasaroy atrofida joylashib, 1299 yili tumanboshi Mamay tarafidan vayron etilganligini aytadi.
Shaybon Botuxonning Kelor, Boshqird va Bulor (Bulg'or)ga qilgan yurishida ham ishtirok etgan va janglarda o'zini yaxshi tarafdan ko'rsatgan. Bu hyqda O'tamish xojining mazkur asarida muhim ma'lumotlar uchratamiz. Muhimi shundaki, kitobda mazkur viloyatlardan boshqa yangi bir viloyat — Uloq viloyati ham tilga olingan. Polyaklar va mojarlar (vengerlar) mamlakati Kelar (Qodar) deb atalgan. Buni mutaxassis olimlar yaxshi bilishadi. Uloq esa — bu mo'g'ullar 1239 yili zabt etgan Ulokut bo'lishi mumkin. O'tamish xojining mana bu axboroti ham diqqatga sazovordir. U bunday deb yozadi: «Shundan keyin Shaybonxon Kerol viloyati ustiga qo'shin tortdi. Kerol — katta viloyat. Uni ishg'ol qilish uchun ko'p urush bo'ldi. Oxir-oqibatda Shaybonxon uni zabt etdi va o'z poytaxtiga aylantirdi. Shaybonxon o'sha viloyatda vafot etdi».
Oltin O'rda va Qozog'iston tarixini o'rganuvchilar uchun xon Berdibek vafotidan keyin Dashti qipchoqda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealar haqida «Chingiznoma»da keltirilgan mana bu ma'lumot ham o'ta muhimdir. «Uning (Berdibekning — B. A.) zamonida, — deb yozadi O'tamish xoji, — fitna va qo'z- g'olonlar ko'p bo'ldi. Qiyot qabilasiga mansub bo'lmish [tuman- boshi] Mamay qo'shinning o'ng qanotini olib, o'ziga tobe qabilalar bilan Qrimga ketib qoldi. Jir Xutlining o'g'li Dengiz Buqo esa uning so'l qanoti bilan Sirdaryo sohillariga ko'chib ketdi. Berdibekxen Saroy Berkada faqat ichkilar (xon xizmatchilari) bilangina qoldi. U uch yil Saroy Berkada xon bo'ldi, so'ng o'sha yerda vafot etdi».
«Chingiznoma»da keltirilgan ma'lumotlarning muhimlaridan yana bir-ikkitasini keltiramiz. Bulardan biri — Dashti qipchoqda islom dinining shoyi' bo'lishi, uning vaqti haqidagi ma'lumotdir. Ma'lumki, ko'pchilik tarixchilarning, o'tmishdagilarning ham, hozirgilarning ham fikricha, islom bu ulkan mamlakatda XIV asrning birinchi yarmida, ya'ni O'zbekxon taxtda o'ltirgan yillar (1312—1342) da tarqalgan. O'tamish xoji bu haqda boshqacha, e'tiborga molik fikr aytgan. Uning so'zlariga qaraganda, bu katta tarixiy voqea O'zbekxondan qariyb 60—70 yil muqaddam, ya'ni Berkaxon zamonida yuz bergan. «Dashti qipchoq mamlakati Berkaxonga bo'ysungamdan keyin, — deb yozadi O'tamish xoji, — u dinsizlarning ko'pchiligini islom diniga kirgizdi. Lekin Berkaxon vafot etgandan keyin ular yana dindan chiqib, eski asliga qaytdilar». Bundan Dashti qipchoq xalqi orasida islom dinini shoyi' etishga urinish O'zbekxondan 60—70 yil muqaddam yuz bergan, degan xulosa qilish mumkin.
Yana bir fakt. Jo'chixon bilan otasi Chingizxon o'rtasidagi munosabat, anniqsa har ikkalalarining umri oxirida qanday kechganligi haqida tarixiy kitoblarda har xil fikr aytilgan. «Tabaqoti Nosiriy» (taxm. 1260 yilda yozilgan) kitobining muallifi qozi Minhojiddin Juzjoniy (1193 yilda tug'ilgan) bunday deb yozadi: «Jo'chixon qipchoq cho'lining ob-havosi va suvlarini ko'rib, fazosi keng, ob-havosi yoqimli, suvi shirin, yaylovlari keng bunaqa mamlakat dunyoda yo'q, deb hisobladi va ko'nglidan otasiga qarshi isyon ko'tarish xayoli kechdi va yaqin kishilariga dedi: «Chingizxon aqldan ozibdi, chunki ko'p odamlarni o'ldirib, mamlakatlarni vayron qilmoqda. Fikrimcha, uni ovga mahliyo qilib, o'ldirish lozim. So'ng Sulton Muhammad Xorazmshoh bilan yaqinlashib, davlatimizni ravnaq toptirishimiz va mo'min-musulmonlarni qo'llab-qo'ltiqlashimiz zarur». Muallif so'zida davom etib, Jo'chixonning niyati va rejalarini Chig'atoyxonning otasiga yetkazganligini, Chingizxonning esa fitnaning oldini olib, bir guruh odamlarni Jo'chixon o'rdasiga jo'natganligini va fitnachi o'g'lini bir yoqlik qilganligini ta'kidlaydi. Ota-bola orasi yaxshi bo'lmaganligini Rashididdin ham aytgan. U xususan bunday deb yozadi: «Xorazm fath etilgandan keyin Jo'chixon Ardish (Irtish — B. A.) bo'ylariga qarab yo'l oldi va borib ug'ruq o'rdusiga qo'shildi. Bundan sal ilgari Chingizxon Jo'chiga shimoliy mamlakatlar, ya'ni Kelor, Boshqird, rus, cherkas, Dashti qipchoq va boshqa mamlakatlar ustiga qo'shin tortish va ularni bo'ysundirishni buyurgan edi. U esa bundan bosh tortib, o'z yurtiga ketib qolgandan keyin Chingizxon behad darg'azab bo'ldi va dedi: «Men uni jazoga tortaman, [bundan buyon] mendan mehr-shafqat ko'rib bo'libdi», dedi. So'ng Chingizxon Chig'atoyxon va Ug'gdoyxon boshchiligida unga qarshi askar yubordi, lekin shu payt Jo'chixonning vafot etganligi haqida mudhish xabar olindi». Shunga o'xshash gap Mahmud ibn Valining «Bahr ul-asror» kitobida ham uchraydi. Xorazmlik mashhur tarixchi Abulg'ozixon bu voqea (Jo'chixonning vafoti) otasining o'limidan (1227 yil 25 avgustda) olti oy avval sodir bo'lganligini aytadi. Xo'sh, bu haqda «Chingiznoma»da nima deyilgan? Unda bu haqda mana bu gaplar yozilgan: «Jo'chixon Chingizxonning to'ng'ich o'g'li edi. Chingizxon unga katta qo'shin berib, Dashti qipchoqqa tayin qildi va jo'nab ketayotganda dedi: «Mayli, o'sha mamlakat otlaring uchun yaylov bo'la qolsin. Unga Xorazmni ham qo'shib berdi. Jo'chixon Dashti qipchoqqa jo'nab ketdi va uning mashhur joylaridan bo'lmish Ulug'toqqa kelib tushdi. Kunlardan bir kuni tog'da kiyik ovida otdan yiqilib tushdi va bo'yni sinib, qazo qildi». «Chingiznoma» da keltirilgan bu ma'lumotni batafsil izohlab o'ltirishga ehtiyoj bo'lmasa kerak. Hammasi o'z-o'zidan ravshan. Birinchidan, «Chingiznoma» ning sharofati bilan endi Jo'chixon o'lgan joyni aniq bilamiz — bu Ulug'tog', Markaziy Qozog'istonda joylashgan mashhur manzil ekan. Jo'chixonning aynan ovda o'lganligi masalasiga kelsak, bu masala ham tushunarli. Aynan ov feodal hukmdorlar uchun o'z raqiblaridan qutiladigan, ularni bir yoqlik qiladigan bir chora bo'lgan.
Xullasi kalom, O'tamish xojining «Chingiznoma» asari Jo'chi ulusi va Xorazmning o'rta asrlardagi tarixining qorong'i taraflarini yoritishda muhim manba rolini o'ynaydi.

Lotin alifbosida maqola: O'tamish hoji va uning «Chingiznoma» asari haqida haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Tarix fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish
Sovet tuzumining ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirishdagi mustamlakachilik asosi
General Chernyayevning Toshkentga bosqini
O'rta Osiyoning qadimgi aholisi haqida yunon-rim mualliflari
Qo'qon xonligining tugatilishi


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты