Abdulahadxon daxmasi – Karmanadagi Qosim Shayx majmuasi tarkibiga kiruvchi me’moriy yodgorlik. 1910-1911-yillarda Buxoro amiri Said Olimxon tomonidan otasi Abdulahadxon qabri atrofida qurdirilgan. Qosim Shayx ansamblining janubi-gʻarbiy qismida joylashgan. Arxeologlar oʻrganib, u yerda mayit (suyaklar) yoʻqligini aytishgan. 2000-yil restavratsiya qilingan, 2017-yil qayta restavratsiya qilingan, 2017-yilgi restavratsiya paytida daxmaning shimol tomonidagi hujralar toʻliq buzilib, qayta tiklangan.
Abdulahadxon daxmasi pishgan gʻishtdan toʻrtburchak shaklda qurilgan. Shimoliy va sharqiy qismlarida hujralar joylashgan, kirish eshigi sharqiy tomonida. Eshik peshtoqli, eshikning yuqori qismida marsiya matni oʻyib yozilgan marmar joylashtirilgan, eshikdan kirganda kichik yoʻlak mavjud, yoʻlak tepasi gumbazli qilib ishlangan. Yoʻlakdan daxma hovlisiga kiriladi. Yoʻlakning bir tomonida hujraga kiradigan eshik mavjud. Daxmaning ichki qismi janubiy tomoni kengroq hovli, shimoli-gʻarbiy tomonida yogʻochli ayvon bor, Ayvonning roʻparasida kvadrat shaklda kulrang marmar va granit bilan qoplangan Abdulahadxon qabri joylashgan. Qabr balandligi 2 metr, tomonlari 3x3 metr. Sagʻananing shimoliy tomondagi devorida arab imlosida yozilgan yozuvlar boʻlgan. Toshlar yemirilishi va tuz qoplashi natijasida yozuvlarni oʻqish imkonsiz holga kelgan.
1910-yil 22-dekabrdan 23-dekabrga oʻtar kechasi buyrak kasaliga uchragan amir Abdulahadxon Buxoroda vafot etadi (boshqa bir manbaga koʻra 1910-yil 6-yanvarda Ziyovuddin yaqinidagi Xayrobod bogʻida vafot etgan). Uning jasadi olib kelinib, Karmanadagi Qosim Shayx xonaqosi yoniga dafn etilgan.
Abdulahadxon daxmasiga kirish eshigi tepasiga marmar toshga oʻyib marsiya yozilgan. Bu toshyoʻnma muallifi Mulla Abdurahim Gʻazgʻoniydir.Toshyoʻnmadagi eʼtiborga molik jihatlar shundaki: undagi harflar yoʻnilmagan, aksincha, harf ostidagi hudud yoʻnilishi orqali harflar boʻrtib chiqqan, bu nafaqat oʻz davri, balki bugungi kun sangtaroshligi uchun ham oʻta murakkab va noyob ish, bundan tashqari, marsiyani oʻz ichiga olgan burchakli gajakdor naqsh uslubi antik davr yunon-rim freskalarini aslatadi. 2000-yillarda Qosim Shayx ansambli restavratsiya qilingan paytda marsiya matni kirill alifbosida qora marmarga oʻyilib, Abdulahadxon daxmasiga kirish eshigining oʻng tomonidagi devoriga osib qoʻyilgan.
Marsiya matni quyidagicha:
Ey dil, bu yorugʻ jahonda xotirjamlik yoʻq. Shu bois bu dunyoning har xil tamannosiga koʻngil bogʻlama! Qaragil, zamonaning Xusravi (shohi) boʻlgan Sayyid Amir Abdulahadxon ham ravzai naimga qarab ravona boʻldi. Hayot dengizida u kabi gavhar yoʻq edi. Xayfki, bu gavhar qora tuproq bagʻriga koʻmildi. U fazilat va suxan gulistonining bulbuli edi. Vo darigʻo, shunday bulbul oʻz gulistonini tark etdi. Uning umr daraxti soʻldi, yaproqlari hazon boʻldi. Shu sabab falakning yuzi qaygʻu va nadomatlardan qaro boʻldi. Uning vafoti tufayli koʻzlardan yosh oʻrniga qon arigi oqdi. Musibatdan yoshgina valiahd gʻam dengiziga gʻarq boʻldi. Ey koʻngil, bilgilki, hech kim ham abadiy emas. Hammamiz ham tuproqdan yaraldik, yana tuproqqa qayturmiz. Darhaqiqat, taqdir olamida Olloh buyurgan ishlargina boʻlur, Olloh buyurmagan ishlar amalga oshmas. Kimki shoh qabrini ziyorat aylab, Ollohdan oʻtinib, u uchun jannatdan joy sorasa, uning ruhini nihoyatda shod etgan boʻladi.
Muqaddas muharram oyining oltinchi kuni, 1329-hijriy, 1910-milodiy.
1984-yil arxeologlar qazish ishlari olib borib, amir Abdulahadxon qabrini ochib koʻrishgan ammo u yerda kichik-kichik barmoq suyaklaridan boʻlak narsa topilmagan. Shundan soʻng sagʻana devorlari sinchiklab tekshirilgan va u avval ham ochilganini aniqlashgan. Tuproq qatlamlarini oʻrganib, sagʻana 1942–1943-yillarda birinchi marta ochilgan va undagi suyaklar yigʻib olib ketilgan, degan xulosaga kelishgan.