Shunday aktyorlar bo‘ladiki, ular ijro etgan rollari orqali millatining, xalqining yuragi to‘ridan munosib o‘rin egallaydi. Ular rol ijro etayotgan payt ijod zavqi chog‘laridagi ko‘nglidan taralayotgan nur tomoshabinlar qalbini zabt etadi, ijobiy qahramonlarining xislatlari tomoshabinga ma’lum ma’noda “yuqadi”. Ana shunday xislatlarni o‘zida jo etgan buyuk akter, O‘zbekiston xalq artisti Davlat mukofotining sovrindori Yodgor Sa’diyevdir.
1946 yil aktyor Xabib Sagdiyev oilasida Toshkentning Sebzor dahasida tavallud topgan.
O‘rta maktabni tugatib, Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutiga o‘qishga kiradi va 1971 yil tamomlaydi. 1968 yildan bugungi kunga qadar Hamza nomidagi O‘zbekiston davlat akademik drama teatri truppasi aktyori hisoblanadi. 1998 yil O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi “Qalqon” studiyasining badiiy rahbari etib tayinlanadi.
Yodgor Sa’diyevning ijodi ijtimoiy, falsafiy, g‘oyaviy mazmun bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, qahramonlar xususiyatini, ijtimoiy muhit bilan munosabatlarini, ichki dunyosi va kechinmalarini psixologik o‘tkir tarzda talqin etishi bilan ajralib turadi. Qahramonga dramatik хatti-harakat, ohang, imo-ishora topa olishi, uning ichki va tashqi tomonini uyg‘unlashtira olishi bilan diqqatga sazovordir. Yetakchi aktyor sifatida Yodgor Sa’diyev ijtimoiy muhit va boy ichki dunyo bilan murakkab munosabatlarga ega 60 dan ziyod rollarni gavdalantirgan “Mirzo Ulug‘bek” spektaklidagi Mirzo Ulug‘bek roli, Karl Morr (“Qaroqchilar”), Kochkaryov (“Uylanish”), ertakchi (“Qor malikasi”), G‘ofir (“Boy ila xizmatchi”), Prometey (“Olovni tashlama, Prometey”), kichik o‘g‘il (“G‘ariblar”), Bobur (“Yulduzli tunlar”), Klimkov (“Ro‘yxatlarda yo‘q”), Arslon (“Oyna”), Abdurahmon (“Mehrobdan chayon”), Filipp (“Ro‘yo”, 1983 yil shu roli uchun “Yilning eng yaxshi erkak roli” nominatsiyasiga sazovor bo‘lgan), Abror Hidoyatov (“Tomosha davom etadi”) , Ma’mur (“Kelinlar qo‘zg‘aloni”).
Yodgor Sa’diyev, shuningdek, kinoda ham ko‘plab esda qolarli va o‘ziga xos xarakterga ega timsollarni gavdalantirgan: Abdusalom (“Dilbarim”), Olimjon (“O‘n uch terak ko‘chasi”, Dovjenko nomidagi kinostudiya), Shayh Ja’far (“Yengilmas”), Dadabo‘ri (“Armon”), Tog‘ay (“Minorxo‘rlik Jo‘ra ovchi”), Mayor Mitsumi (“Manjur varianti”, Qozoqfilm), 20 qismli “Shaytanat” da Asadbek, “Iblis devori”da Ibrohim amaki rollari bilan shuhrat qozondi. “Shaytanat”ning 7 qismidan 20 qismigacha, “Iblis devori” filmlariga rejissyorlik qilgan. Shuningdek, telefilm, videofilm va telepostanovkalar: “Abu Ali ibn Sino”da Ibn Sino, “Diyonat”da Jabbor, “Girdob”da Yo‘ldosh, “Alisher Navoiy”da Badiulzamon, “Imon”da Orifjon, “Ichkuyov”da O‘rinboy, “So‘nggi o‘q”da Jahongir obrazlarini yaratgan.
Yodgor Sa’diyev “Iblis devori” (2008) filmining rejissyori, shuningdek, “Shaytanat” filmining rejissyori hamda prodyuseri.
Yodgor Sa’diyev rejissyorlik hamda teatrdagi ishlari orasida J.Puarening “Aldagani xotin yaxshi”, F.Bogdanovning “Tungi mehmon”, S.Sirojiddinovning “Hayot eshik ortida” spektakllarini sahnalashtirgan.
Dublyajda 700 ga yaqin filmda ovoz bergan.
1989 yil Hamza nomidagi Davlat mukofoti, 1998 yil “O‘zbekiston xalq artisti”, 2005 yil “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.