Mirzo Kenjabek

Mirzo Kenjabek shoir, tarjimon. Fors-tojik mumtoz adib, shoir va yozuvchilarining ko‘plab asarlarini tarjima qilib, kitobxonlar e’tiboriga taqdim etgan. Mirzo Kenjabekning 1982 yildagi ilk she’riy to‘plami san’atsevarlar tomonidan qizg’in kutib olingan.

Mirzo Kenjabek 1956 yilning 20 fevralida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi Mehnat qishlog‘ida tug‘ilgan. 1963-1973 yillar maktabda tahsil olgach, 1974-1979 yillarda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida o‘qib, oliy ma’lumotga ega bo‘ladi. 1998-2001 yillar Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent Oliy Islom institutida bilim olgan.

Mirzo Kenjabek mustaqillik arafasida bir guruh tengdoshlari va ustozlari bilan birga, ijtimoiy jihatdan faollashib, mamlakatimiz va xalqimizning ozod kelajagi yo‘lida ijod qilgan:

Na ijod, na dovruq istak-najotim,

Dillarni poklayin nohaq shubhadan:

Butkul sabil qolsin mening ijodim,

Faqat ozod bo‘lsin shu xalq, shu Vatan!..

Shoirning “Dildoshlik”, “Til erki - el erki”, “Xalq nomidan yolg‘on so‘zlamang”, “Yuragimda oyoq izi bor”, “Fitna san’ati” kabi she’rlari ham ozodlik g‘oyasi ila tarannum etilgan.

Mirzo Kenjabekning birinchi she’riy to‘plami 1982 yilda “Adashgan maktublarim” nomi ostida nashr etilgan.

Shoirning “Quyoshga qaragan uy” (1983), “Munojot” (1986), “Sharq tili” (1988), “Bahorim yellari” (1991) kabi she’riy to‘plamlari va publitsistik maqolalari chop etilib, kitobxonlar e’tiboriga tortiq etilgan.

Mirzo Kenjabek Hofiz Sheroziy va Shayh Sa’diy Sheroziy g‘azallarini, Nikolas Gilen (Kuba), Gevorg Yemin (Armaniston), Yakub Kolas (Belorussiya), Sherali Loyiq (Tojikiston), O‘ljas Sulaymon (Qozog‘iston) kabi mumtoz shoirlarning she’rlarini tarjima qilib, kitobxonlarga taqdim etgan.

U mumtoz-shoir va olim Usmoni O‘shiyning arab tilidagi “Omoliy” kitobini tarjima qilgan (1999). Shuningdek, shoir Naqshbandiya tariqatining shayhi, Muhammad Zohid Qo‘tqu ibn Ibrohim al-Bursaviyning “Ahli sunnat val-jamoat” asarini turk tilidan tarjima qilib, ikki kitob ko‘rinishida nashr etgan (1998-1999).

Professor Mahmud As’ad Jo‘shonning “Haqiqiy sevgi” (1998), Usmoniylar davri olimi Qutbiddin Iznikiyning “Murshidi mutaahhilin” (“Yosh kelin-kuyovlarga maslahatnoma” (1999) kitoblari ham M.Kenjabek tarjimasida nashr etilgan.

Ulug‘ vatandoshimiz Abu Iso Muhammad at-Termiziyning “Sunani Termiziy” (“Al-jomi’ as-sahih”) asarining M.Kenjabek tarjimasida nashr etilishi O‘zbekiston ma’naviy-ma’rifiy hayotida ulkan voqea bo‘ldi. Ushbu yo‘lni davom ettirgan holda, M.Kenjabek “Termiz tazkirasi” asarini chop etdi (2001).

Istiqlol yillarida shoirning “Vatan, ko‘zlardasen, qaroqlardasen”, “O‘zingda nur bo‘lsa, nurni ko‘rgaysan” kabi turkum she’rlari, “Asl Vatan qayg‘usi”, “Navoiy nazmida hadis va hikmat”, “Poklik ishtiyoqi” kabi bir qancha ma’rifiy maqolalari e’lon qilindi. U, shuningdek, Pushkinning “Yevgeniy Onegin” romanini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.


Lotin alifbosida maqola: Mirzo Kenjabek haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Ensiklopediya fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



Umar Shayx Mirzo Bahodir
General Chernyayevning Toshkentga bosqini
Sovet tuzumining ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirishdagi mustamlakachilik asosi
O‘rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish
Qo'qon xonligining tugatilishi


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты