Obid Jalilov — O‘zbekiston Davlat akademik drama teatri aktyori, kino aktyor. O‘zbekiston xalq artisti.
1896 yil 10 noyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. Ijodiy faoliyatini 1920 yil Mannon Uyg‘ur tomonidan tashkil etilgan dramatik truppada boshlagan.
Obid Jalilov 1927 yildan umrining oxiriga qadar Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik drama teatri yetakchi artisti bo‘lgan. Sahnada yuqori mahorati va yengil ijrosi bilan Podkolesin (N. Gogol “Uylanish”, 1926), Yo‘ldashev (U. Ismoilov, “Paxta shumg‘iyalari”, 1930), Tolipov (3. Fatxullin, “Istiqbol”, 1933), Po‘latov (K. Yashin, “Nomus va muhabbat”, 1934) kabi yorqin siymolarni gavdalantirgan.
1927 yil V.S. Ivanovning “Bronopoyezd 14-69” spektaklida Obid og‘ir sanalgan Vershinin rolini ijro etadi.
1930 yil Obid truppa safida Moskvaga borib, Moskva badiiy teatri, Vaxtanov nomidagi kichik teatrlariga tashrif buyuradi. Shundan so‘ng u sahnaga yanada kuchliroq mehr qo‘yadi va teatrga yanada kattaroq hurmat ila munosabatda bo‘ladi. “Boy ila xizmatchi” spektaklidagi Solih timsoli alohila e’tiborga loyiqdir. Obid Jalilov ushbu rolni 500 marotabadan ziyod ijro etgan.
1935 yil uzoq davom etgan tayyorgarlikdan so‘ng, teatr sahnasida Shekspirning “Gamleti” qo‘yilib, unda Obid Jalilov Klavdiya rolini ijro etadi.
1948 yil teatr Uyg‘un hamda Izzat Sultonovlarning “Alisher Navoiy” spektakliga qaytadi. Unda Obid Jalilov Majiddin roli uchun Davlat mukofotiga sazovor bo‘ladi.
Abdulla Qodiriyning “Shoyi so‘zana” spektaklining (1953 yil) muvaffaqiyatida Obid Jalilovning o‘rni beqiyosdir.
Obid Jalilov sahnadagi samarali ijodidan tashqari, o‘zbek kinosi rivojiga ham ulkan hissa qo‘shgan. U “O‘lim qudug‘i”, “Azamat”, “Tohir va Zuhra”, “Nasriddin sarguzashtlari”, “Alisher Navoiy”, “Atirgullar ochilganda”, “Sen - yetim emassan” va boshqa filmlarda mahorat ila ijro etgan.
Obid Jalilov 1920 yildan 1963 yilga qadar sahnada ham, ekranda ham bir yuz ellikka yaqin turli xarakterdagi rollar ijro etgan. Bu noan’anaviy iqtidorli artist hayotdan 1963 yili ko‘z yumgan.