OYOQ (POY) Doniyol (a.s.) aytadilar: Kimki bir oyog‘ini kesilganini yoki singanini ko‘rsa, yarim moli ketishiga dalildir. Agar har ikki oyog‘ining kesilganini yoki singanini ko‘rsa, barcha moli ketishiga yoki o‘zining o‘lishiga dalil bo‘ladi. Ta’birchilarning aytishlaricha, agar kishi har ikki oyog‘ining kesilganini yoki singanini ko‘rsa, safarga chiqishiga dalil bo‘ladi. Qarasaki, oyog‘i po‘lat yoki misdan emish, umri uzun bo‘lishiga dalolat qiladi. Agar oyog‘ini shishadan ekanini ko‘rsa, umri tez tugashi va moli sovrilishiga dalildir, chunki shisha boqiy emas, kuchi kamdir. Oyog‘i shal yoki illatli ekanini ko‘rsa, holatining sust va zaif bo‘lishiga dalildir. Agar yaxshi odam oyog‘ining shal bo‘lganini ko‘rsa, dinining ziyoda bo‘lishiga dalolat qiladi. Oyog‘ining arqon bilan bog‘lab qo‘yilganini ko‘rsa, biror kishidan unga manfaat yetishiga dalil bo‘ladi. Oyog‘i yo‘q bo‘lib, hassatayog‘ bilan ketayotganini ko‘rsa, biror kishiga suyanishiga dalil bo‘ladi, lekin u kishidan foyda topmaydi. Podshoh yoki amaldor har ikki oyog‘ining kesilganini ko‘rsa, amalidan tushishiga dalildir va moli barbod bo‘ladi. Qarasa, oyog‘i kumush, to‘piqlari oltin emish, yuqoridagi dalilning o‘zidir. Qarasaki, oyog‘i kasalmand emish, unga biror ziyon yetishiga dalildir. Oyog‘i ustunga bog‘langanini ko‘rsa, buning ta’biri tuzukroq bo‘ladi, chunki daraxt erkak kabidir, ustun esa murda kabi. Oyog‘i tuzoqqa tushib qolganini yoki biror joyga kirib qolganini ko‘rsa, makru hiylaga duchor bo‘lishiga dalolat qiladi, og‘ir-yengilligi esa tuzoqning qattiq, mahkamligiga bog‘liq. Oyog‘i birorta joyda yoki go‘rda toyib ketganini ko‘rsa, din va dunyo ishida oqsab qolishi yoki birovning aytgan yomon so‘zidan ranjishiga dalildir. Kirmoniy (r.a.) aytadiki, har ikki oyoq ota va ona hukmidadir. Oyokda ko‘rilgan har qanday zaiflik va nuqson ota-onaga taalluqli bo‘ladi. Oyoqlar ko‘p ekanligini ko‘rsa, safarga ketishiga dalolat qiladi. Bordi-yu, kambag‘al bo‘lsa, boyga aylanadi. Jobir Mag‘ribiy (r.a.)ning aytishicha, oyog‘ini tuya yoki sigir oyog‘iga o‘xshaganini ko‘rsa, quvvati va moli ziyoda bo‘ladi. Oyog‘i xuddi ot yoki eshak oyog‘i kabiligini ko‘rsa, quvvati va izzati ziyoda bo‘lishiga dalolat qiladi. Oyog‘ini darrandalar yoki vahshiy hayvonlar oyog‘i kabi ko‘rsa, haromdan biror narsa topadi. Oyog‘ini qushlar panjasi kabi ko‘rsa, kasbu maishatning kuchayishiga dalil bo‘ladi, dushman ustidan zafar topadi. Hazrati Sodiq (r.a.)ning aytishlaricha, tushda oyoq ko‘rish yetti narsaga belgi bo‘ladi: maishatga; umrga; harakatga; mol qidirishga; quvvatga; safarga; xotinga.