SUYAK (USTURXON) Ibn Sirin (r.a.)ning aytishicha, tushdagi suyak odamlar u bilan maishat qiladigan molni bildiradi. Agar suyak topib olganini va unda go‘sht borligini ko‘rsa, o‘sha go‘sht mikdoriga muvofiq yaxshilik hamda mol topishiga dalildir. Suyakning go‘shtsiz ekanini ko‘rsa, unga ozgina yaxshilik yetishini bildiradi. Biror kishiga suyak berganini ko‘rsa, o‘sha kishiga bundan yaxshilik yetishiga dalildir. Kim o’zini suyak holda ko’rsa, hatto uning jussasi odamlarning hay’atidan qattiqroq bo’lib qolsa, bu uning o’lishiga dalolat qiladi. Kirmoniyning aytishicha, bir odamning suyagi singanini va uni bog‘layotganini ko‘rsa, ulug‘lik hamda xilma-xil hunarlarga ega bo‘lishiga dalildir. Ja’far Sodiq (r.a.)ning aytishicha, tushdagi suyak yetti narsani bildiradi: mol egalarini; qarindosh-urug‘larni; bola-chaqalarni; vasiylikni; molni; aka-ukalarni; yordamni.