ADIGEYa, Adigeya Respublikasi, Kavkaz togʻ tizmasining shim. yon bagʻrida, Kuban atrofidagi tekislikda joylashgan. RF Krasnodar oʻlkasi tarkibiga kiradi. Mayd. — 7,6 ming km2. Aholisi — 450 ming kishidan ortiq (1999). Poytaxti — Maykop sh.
Tabiati. Yer yuzasining aksariyati Shim. Kavkazga xos oʻrqirli tekislikdan iborat, jan. dagi togʻlarning bal. 3238 m (Chugush togi). Gaz, neft konlari, maʼdanli buloqlar bor. Sement, ohak, oyna i. ch. uchun xom ashyo zaxiralariga ega. Togʻlarda koshinkorlik va bezakbop toshlar koʻp. Maykop tuprogʻining xususiyatlari noyob. Adigeya hududining qariyb 40%ni oʻrmonlar ishgʻol qiladi. Togʻ va vodiylarda dub, buk, qayin, shumtol, zarang, kavkaz pixtasi, sharq archasi, qaragʻay, terak, sambit, qayragʻoch, lipa (joʻka) oʻsadi. Adigeyada 60 turdagi sut emizuvchi hayvon, 200 xil parranda yashaydi. Iqlimi — moʻtadil iliq. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi —2°, iyulda 22° atrofida. Yiliga 700 mm gacha yogʻin yogʻadi. Asosiy daryosi — Kuban; uning irmoqlari — Laboy, Beloy va b. Tuprogʻi — asosan qoratuproq. Kavkaz qoʻriqxonasining aksariyati Adigeya hududida.
Aholisining koʻpchiligi adigeylar va ruslar. Adigeylarning taxminan 82% oʻz tarixiy hududida yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 58,8 kishi toʻgʻri keladi. Shahar aholisi 54%ni tashkil etadi.
Tarixi. Taxm. 13-a. da gʻarbiy adigey qabilalari adigey elati boʻlib tarkib topa boshladi (antik yozuvchilarning dalolat berishicha, meotlar, sindlar va b. ularning ajdodlari boʻlgan). 13-a. da adigeylarni Oltin Oʻrda oʻziga boʻysundirib olgan. 16-a. da turk sultonlari va Qrim xonlari adigeylarni qaram qilish uchun hujum uyushtirgan. 1557-y. dan Adigeya Rossiya tarkibida. 1918-y. Maykopda shoʻro hokimiyati eʼlon qilindi, may oyida adigeylar yashovchi hudud Kuban-Qora dengiz sovet respublikasi tarkibiga kiritildi. 1922-y. Cherkasiya muxtor viloyati tuzildi, u 1928-y. da Adigeya muxtor viloyati deb ataldi. 2-jahon urushi vaqtida 1942-y. avg. da nemis-fashist bosqinchilari Adigeya hududini bosib oldilar. 1943-y. ozod qilindi. 1991-y. A. muxtor viloyati Adigeya respublikasi boʻldi. 1995-y. martda Adigeya konstitutsiyasi qabul qilindi.
Xoʻjaligi. Adigeya xalq xoʻjaligida sanoat yetakchi oʻrin oladi. Uning asosiy tarmoqlari — oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati. Energetikasi issiqlik elektr st-yalari va gidroresurslarga tayanadi. Konserva, vinochilik, yogʻ-moy, tamaki, qand-shakar, sut z-dlari bor. Oʻrmon, yogʻochsozlik, mashinasozlik sanoati korxonalari mavjud. Asosiy sanoat markazi Maykop sh. Q. x. da asosiy ekinlar bugʻdoy, makkajoʻxori, sholi, kungaboqar, qand lavlagi, zigʻir, tamaki, choy, efir moyli oʻsimliklar. 250 ming ga haydaladigan yer bor. Parrandachilik q. x. ning muhim tarmogʻi hisoblanadi. Qoramol, qoʻy va echki boqiladi. Yilqichilik va asalarichilik rivojlangan. Asosiy transport turi — t. y. Avtomobil va havo transporti rivojlangan. Kuban daryosida kemalar qatnaydi. Adigeya dagi mashinasozlik, yogʻochsozlik, yengil sanoat korxonalari mahsulotlari — stanoklar, turli tipdagi reduktorlar, mebel, karton, oziq-ovqat, shuningdek qora metallar, moyli ekinlar urugʻi jahondagi 17 mamlakatga chiqariladi. Maykop sh. da ishlab chiqariladigan yuksak darajada tozalangan insulin chet elda keng tarqalgan.
Madaniyati. Adigeyada oʻrta umumiy, hunartexnika va oliy taʼlim rivojlangan. Adigeyada un-t, Maykop davlat texnologiya inti, Adigeya xalqaro FA, tarix-oʻlkashunoslik muzeyi, ommaviy kutubxonalar, klub muassasalari bor. Qadim zamonlardan mardlik eposi, qahramonlik qoʻshiqlari, ogʻzaki tarixiy hikoyalar keng yoyilgan. Adabiyot va sanʼat arboblari — shoirlar L. Kuek, R. Xochemizova, rassomlar P. Amosyan, V. Dolgov, V. Mexed, F. Petuvash, T. Kat, M. Tuguz, 3. Guchev, M. Gogunokovlar mashhur. Jez davridan qolgan oltin va kumush idishlar, hayvonlar tasvirlangan haykalchalar maʼlum, ilk temir davrida zargarlik buyumlari va keramika paydo boʻlgan. Amaliy naqsh sanʼatining anʼanaviy turlari: kumushga gul solish, zar va kumush ip bilan kashta tikish rivojlangan. Hoz. davrda dastgoh tasviriy sanʼati urf boʻldi. Oʻrta a. larda Yevropa bilan Osiyoni bogʻlovchi Buyuk ipak yoʻli respublika hududidan oʻtgan. Adigeylarning ajdodlari jahon arxeologiyasida mashhur boʻlgan Maykop madaniyatini yaratganlar, mahobatli tosh sagʻanalar barpo etganlar. Adigeyada simfonik orkestr, kamer teatri, xalq cholgʻu asboblari orkestri ishlab turibdi. Maykopda Sharq xalqlari sanʼati Davlat muzeyining filiali ochilgan.