ADNEKSIT (salpingoofarit) — bachadon naylari va tuxumdonning yalligʻlanishi. Kasallikni turli patogen mikroblar — stafilokokk, streptokokk va b. qoʻzgʻatadi. Mikroblar bachadon ortiklari (tuxumdon va bachadon naylari) ga abort, tugʻruq, jinsiy aloqa vaqtida, turli infeksion kasalliklar (sil, angina, ichki aʼzolarning yalligʻlanishi) da esa boshqa aʼzo va toʻqimalardan qon va limfa tomirlari orqali oʻtadi. Sovqotish, oʻta toliqish, ruhiy iztirob, orastalik qoidalarining buzilishi kasallikning avj olishiga imkon beradi. Oʻtkir va surunkali Adneksit farq qilinadi. Oʻtkir Adneksitda qorinning pastki va quymich sohasida ogʻriq, koʻngil aynishi, qusish, harorat koʻtarilishi kuzatiladi. Kasallik ogʻir kechganda bemorning umumiy ahvoli ogʻirlashadi. Surunkali Adneksit tez-tez qaytalanib turadi. Bachadon naylari yalligʻlanishi natijasida ular chandiqlanib, toʻsilib qoladi, bu esa bachadondan tashqari homiladorlik yoki bepushtlikka sabab boʻladi.