AZOT MUVOZANATI — organizmga bir kecha-kunduzda ovqat tarkibida kirgan azot bilan undan tashqariga chiqqan (siydik va najas b-n) umumiy azot orasidagi farq. Voyaga yetgan organizmning normal holatida Azot muvozanati mavjud. Oʻsayotgan yosh organizm musbat Azot muvozanatiga ega, yaʼni uning tashqariga chiqarayotgan azoti qabul qilgan azotidan kam. Yetilgan katta organizm toʻla Azot muvozanatida boʻladi, yaʼni bir kecha-kunduzda kabul qilingan azot miqdori tashqariga chiqarilgan azot miqdoriga teng boʻladi. Manfiy Azot muvozanati ovqat bilan qabul qilingan azot yetishmaganda, ayniqsa ayrim aminokislotalar ovqatda yetarli boʻlmaganda, baʼzi kasalliklarda kuzatiladi. Bunda tashqariga chiqarilgan umumiy azot ovqat bilan qabul qilingan azotdan ortiq boʻladi.