AYIQTOVONLAR (Ranunculus) — ayiqtovondoshlar oilasiga mansub koʻp yillik (baʼzi turlari bir yillik) oʻsimliklar turkumi. Yer yuzida 600 ga yaqin turi, shu jumladan Oʻrta Osiyoda 65 turi bor; koʻproq sernam yerlarda, Oʻrta Osiyoda esa choʻl va adirlarda ham oʻsadi. Ayiqtovonlar poyasining uz. 15—60 sm, baʼzan 80 sm ga boradi; gullari sariq, toʻgʻri (aktinomorf), qoʻsh gulqoʻrgʻonli. Gulkosa va gultojisi 5 bargli, har bir tojbargning tagida qipiqsimon oʻsimta bilan yopilib turadigan shira bezi bor, changchi va urugʻchilari koʻp. Guloʻrni baʼzi turlarida tuksiz, boshqalarida sertuk. Barglari panjasimon oʻyma, poyaning pastidan yuqorisiga tomon maydalashib boradi. Mevasi apokarp va quruq (q. Meed). A. ning Oʻzbekistonda 32 turi (koʻproq R. pinnatisectus, R. linerilobus, R. Severtzovii va b.) oʻsadi. Tarkibida zaharli modda — anemonol boʻlgani uchun Ayiqtovonlar li oʻtloqlarda mol boqish xavfli. Ayiqtovonlar oʻrib quritilganda zaharsizlanadi. Baʼzi turlari xushmanzara oʻsimlik sifatida ekiladi.