ASQAD MUXTOR (taxallusi; fam. Muxtorov, 1920.23.12, Fargʻona—1997.17.4, Toshkent) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1980). Oʻrta Osiyo un-tining filol. f-tini tugatgan (1942). Andijon pedagogika insitutida kafedra mudiri (1942 — 45). «Yosh leninchi», «Qizil Oʻzbekiston» gaz. larida masʼul kotib, boʻlim mudiri (1945—48). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi kotibi (1957-69, 1985-88), uyushma boshqaruvi raisining oʻrinbosari (1965), «Sharq yulduzi» (1960—65), «Guliston» (1969—80) jur. lari, «Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati» gaz. si bosh muharriri (1981-82).
Dastlabki dostoni — «Bizning avlodlar» (1939) Buxoro mehnatkashlarining oʻtmish hayoti haqida. Adib ijodida oʻzbek xalqining maʼnaviy kamolotini koʻrsatish masalasi muhim oʻrin egallagan. Bu niyatini u oʻzbek ishchi sinfi hayotini tasvirlash orqali amalga oshirishga intiladi. Shu jihatdan «Poʻlat quyuvchi» (1947) poemasi bilan «Daryolar tutashgan joyda» (1950), «Opa-singillar» (1954), «Tugʻilish» (1961) asarlari oʻrtasida mushtaraklik bor. «Davr mening taqdirimda» (1964), «Chinor» (1969) romanlarida mehnat kishisining yuksak insoniy fazilatlari tasvirlangan. «Chinor» romani mazmun va shakliga koʻra oʻziga xos asar boʻlib, unda oʻzbek xalqi bosib oʻtgan tarixiy yoʻl, kishilar ruhiyati ifoda etiladi. Mehnat kishisi obrazi, uning yaratuvchilik faoliyati «Boʻronlarda bordek halovat» (1976) qissasida yangi qirralari bilan aks etdi. «Amudaryo» (1986) romani Afgʻonistondagi voqealar haqida hikoya qiladi. Adib qahramonlari fikrlovchi, mushohada yurituvchi, bahslashuvchi kishilardir. Bu hol uning lirikasi uchun ham xosdir. «99 miniatyura» (1962), «Sheʼrlar» (1966), «Sirli nido» (1984) va b. kitoblariga kirgan nazmlari bilan oʻzbek poeziyasining boy imkoniyatlarini namoyish qildi. Uning poetik ijodi hayotiy mazmunga toʻla, koʻproq voqeaband, hajviyotga moyil. Ularda inson hayotining oʻtkinchiligi va haqiqati haqidagi oʻylar, inson va tabiat munosabatlariga oid mu-rakkab savdolar aks etgan. «Mardlik choʻqqisi» (1948), «Yaxshilikka-yaxshilik» (1949), «Chin yurakdan» (1956), «Dunyo bolalari» (1962), «Ildizlar», «Jar yoqasidagi chaqmoq» (1984), «Kumush tola» (1988) va b. asarlari bolalarga bagʻishlangan. «Tong bilan uchrashuv» (1987) pyesalar toʻplami nashr etilgan. «Uyqu qochganda» (1997) kitobi hoz. hayot, maʼnaviyat, madaniyat va ijod masalalariga bagʻishlangan.
Sofokl, Shekspir, shuningdek jahon adabiyoti yirik namoyandalarining ayrim asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Asarlari bir qancha xorijiy tillarda bosilgan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1972). «Doʻstlik» ordeni bilan mukofotlangan (1995).
Ac: Asarlar, 4 jildli, T., 1980—83; Tong bilan uchrashuv, T., 1987.
Ad.: Soyimov B., Asqad Muxtor prozasi, T., 1969; Karimov H., Asqad Muxtorning insonni tasvirlash sanʼati, T., 1972.