ASQAROV Akbar Asqarovich (1902.25.10 (7.11) — Toshkent – 1978.9.5) — terapevt, Oʻzbekiston FA muxbir aʼzosi (1943), tibbiyot fanlari d-ri (1947), prof. (1948), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1956). 1927-y. Oʻrta Osiyo davlat un-ti tibbiyot f-tini bitirgan. Toshkent tibbiyot in-ti fakultet terapiyasi kafedrasi mudiri (1941-y. dan).
Asqarov koʻp yillar davomida meʼda-ichak kasalliklari etiologiyasi, klinikasi va davolash (ayniqsa oʻzbek taomlaridan tuzilgan parhez yordamida) usullari ustida i. t. ishlari olib borgan. Asqarovning ingichka ichak, yoʻgʻon ichak, oʻt pufagi va jigar kasalliklari ustida olib borgan ilmiy ishlari tibbiyot nazariyasi va amaliyotini boyitgan. Ibn Sino «Tib qonunlari» asarining oʻzbekcha nashriga masʼul muharrir va ruscha nashrining tahrir hayʼati aʼzosi boʻlgan. Toshkentdagi koʻchalardan biri uning nomiga qoʻyilgan.