ANGIDRIT — sulfatlar sinfiga mansub mineral. Kimyoviy formulasi CaSO4. Rombik singoniyali. Qattiqligi 3,5—3,8. S. ogʻ. 2,9—3,0. Moʻrt. Rangsiz yoki oq, baʼzan och havo rang, kulrang, qizgʻish, koʻk. Shishasimon yaltiroq. Angidrit choʻkindi jinslar orasida, ayniqsa dolomitlashgan ohaktoshlar ichida koʻp uchraydi. Tabiatda Angidrit zich massa yoki qatlam-qatlam holda uchraydi; baʼzan gidrotermal yertomirlarda ham boʻladi. Zangori mayda donali Angidrit vulpinit yoki bergam marmari deb ataladi. Angidrit bogʻlovchi modda. Oʻgʻit, sement, bezak buyumlar tayyorlashda ishlatiladi. Angidrit namlikni shimib yana osongina gipega aylanishi va oʻz hajmini 30% gacha kattalashtirishi mumkin. Angidrit konlari Rossiya, Ukraina (Donbass, Karpatol-di) va b. joylarda bor. A. ning katta zaxiralari Oʻzbekistonning Qashqadaryo viloyatida va Olmaliq atroflarida topilgan.