AJAM (arab. — arab emas)
1) arablardan boshqa Sharq xalqlarining umumiy nomi. Shuningdek, arablar yashaydigan Sharq mamlakatlari, xususan, Turon va Eron ham «Mulki ajam» deb yuritilgan. Bu yerlardan yetishib chiqqan olimlar «ajamiy» deb atalgan. Keyinchalik Ajam nomi faqat eronliklarga nisbatan qoʻllanilgan, Eronni esa Ajam yoxud Ajamiston deb ataganlar.
2) Oʻrta asr «oʻn ikki maqom» tizimidagi shuʼba. Musiqa risolalarida A. Rahoviy maqomi, Bayoti Ajam — Navo maqomi, Navroʻzi Ajam — Hijoz maqomi shuʼbalari sifatida qayd etilgani maʼlum.
3) Oʻzbek, tojik, uygʻur va b. Sharq xalqlari mumtoz musiqa merosida mavjud cholgʻu va ashula asarlari. Jumladan, Shashmaqom turkumining Segoh maqomi cholgʻu boʻlimida Muxammasi Ajam qismi, ashula boʻlimida Navroʻzi Ajam shuʼbasi, Xorazm maqomlari turkumining Segoh maqomi ashula boʻlimida Nasri Ajam shuʼbasi, shuningdek Toshkent — Fargʻona maqom yoʻllari qatorida Navroʻzi Ajam kuyi, toʻrt qismli Ajam va uning taronalari cholgʻu turkumi va b.