ASAL, bol — ishchi asalarilar oʻsimliklar gulidagi shira (nektar) ni organizmida qayta ishlash yoʻli bilan hosil qiladigan shirin suyuqlik. Asalarilar Asalni uya kataklariga oʻzlari uchun oziq qilib gʻamlaydi. Asal oʻz tarkibiga koʻra nektardan farq qiladi. Asalda 80% dan koʻproq uglevodlar (glyukoza, fruktoza), 0,4% kul, 13 — 20% suv boʻladi. Ada inson uchun foydali moddalarning 70 dan ortiq turi bor. Shuningdek, Asalda mineral moddalar: kalsiy, natriy, kaliy va b. ; mikroelementlar, organik kislotalardan olma, limon kislotalari, vitaminlar (V2, V6, RR, S, Ye, K) borligi aniqlangan. Tabiatdan olinish manbaiga koʻra gul (nektar) Asal va shira (oʻsimlik barglari va poyalaridan ajraladigan shira) Asalga boʻlinadi. Guldan olingan Asal ham oʻsimlik turiga qarab beda, yantoq, kungaboqar, gʻoʻza va b. ga ajraladi. Asal oʻzining taʼmi, hidi, rangi jihatidan, shuningdek qaysi faslda qanday oʻsimlik gulidan yigʻilganligiga va joyi (togʻ, oʻrmon, vodiy)ga qarab ham farqlanadi. Eng yaxshi Asal — togʻ asali, chunki u turli dorivor gullardan yigʻiladi. Oq akatsiya, beda, olma, shaftoli va b. oʻsimliklar gulidan toʻplangan Asal ham sifatli, oftob kam tushadigan oʻrmon gullari va yetishgarishda turli zaharli dorilar sepiladigan texnika oʻsimliklari, mas, fa, kanopdan olingan Asal ancha sifatsiz hisoblanadi. Asal mumkataklardan maxsus asalajratkich moslamalar bilan ajratib olinadi. Asal qimmatli oziq-ovqat mahsuloti, uning 1 kg da oʻrtacha 3200 kaloriya energiya bor. Asaldan tibbiyotda qadimdan doridarmon sifatida foydalanilgan. Hozir farmatsevtika sanoatida turli doridarmonlar ishlab chiqariladi. Asalning oʻzi turli kasalliklarga parhez va davo vositasi tarzida beriladi. 20-a. ning 60-y. laridan boshlab tibbiyotda Asal bilan davolash usullari – apiterapiya shakllandi. Asal oziq-ovqat sanoatida ham ishlatiladi.