ANALIZ VA SINTEZ (yun. analysis-ajratish va synthesis — birlashtirish) — kishilar dunyoni bilish jarayonida ishlatadigan, oʻzaro chambarchas bogʻlangan tekshirish usullari. Analiz fikran yoki amalda narsa va hodisani tarkibiy boʻlaklarga boʻlish, sintez esa mazkur boʻlaklarni fikran yoki amalda bir butun qilib birlashtirish, narsani yaxlit holda tadqiq etishdir. Inson atrofini oʻrab turgan va xilma-xil xususiyatlarga ega boʻlgan obyektiv borliq murakkab va shu bilan birga tayin narsa hamda hodisalardan ibo-rat. Ularni oʻrganish va bilish uchun tarkibiy qismlarga ajratish, yaʼni analiz (tahlil) etish lozim. Lekin ushbu usul yordamidagina ularni toʻla bilish mumkin emas, binobarin uni sintez bilan toʻldirish zarur. Sintez analiz natijalariga tayangan holda narsa yoki hodisani bir butun qilib birlashtiradi. Analiz va sintez va s. oʻzaro bogʻliq boʻlib, analizsiz sintez chuqur bilim bermaydi, ayni vaqtda sintez vositasida yakunlanmagan analiz ham yetarli emas. Analiz va sintez va s. qilish faoliyatining markazi — bosh miya katta yarim sharlarining poʻstidir, lekin mazkur faoliyat ijtimoiy i. ch. jarayonida va asosidagina paydo boʻladi va amalga oshiriladi. Fikrlash jarayonida Analiz va sintez va s. abstrakt (mavhum) tushunchalar yordamida yuzaga keladigan va abstraksiya, umumlashtirish va h. k. bilan mustahkam bogʻlangan mantiqiy tafakkur usullari sifatida namoyon boʻladi.