ANTARKTIDA ZOOGEOGRAFIYA OBLASTI — dunyo okeani zoogeografiya oblastlaridan biri, Tinch va Atlantik okeanlarining Antarktida qitʼasi atrofidan 60° jan. kenglikkacha boʻlgan qismini oʻz ichiga oladi, faqat ayrim joylarda (mas, Jan. Amerikaning Tinch okeani qirgʻoqlari boʻylab) bu shartli chegaradan yuqoriroq koʻtariladi. Suv yuzasi harorati past, koʻpincha muz bilan qoplangan. Faqat sovuq va iliq oqimlar toʻqnash keladigan subantarktida suvlarida fito – va zooplankton koʻpayishi uchun juda qulay sharoit vujudga keladi. Shuning uchun Antarktida zoogeografiya oblastiga chegaradosh suvlarda kitsimonlarning koʻp turlari yashaydi. Moʻylovdor kitlardan janub va pakana kitlar; quloqli tyulenlardan yoldor tyulen, janub dengiz mushugi; haqiqiy tyulenlardan yirik tyulen — dengiz qoploni, Uedella va Rossa tyuleni hamda nisbatan kichik, lekin koʻp sonli krabxoʻr tyulen endemik turlar hisoblanadi. Antarktida zoogeografiya oblastida uchraydigan janub dengiz filining uz. 5,5 m, ogʻirligi 2,5 t ga yetadi. Qushlardan pingvinlar koʻpchilikni tashkil etadi. Ular orasidan imperator va qirol pingvinlari, Adeli pingvini va b., gigant boʻron qushi, kap kabutarchasi endemik hisoblanadi. Antarktida zoogeografiya oblastida albatroslarning bir necha turi yashaydi, dengiz sudralib yuruvchilari uchramaydi. Baliqlar va umurtqasizlarning turlari koʻp emas, lekin ulardan anchaus baligʻi, qisqichbaqasimonlarning ayrim turlari va b. umurtqasizlar katta biomassa hosil qiladi. Antarktida zoogeografiya oblasti hayvonlari odam taʼsiriga kam uchragan. Hozir Antarktida va uning sohillari yaqinida suvlar xalqaro qoʻriqxona hisoblanadi.
Ad..Kobыshev N. M.,Kubansev B. S, Geografiya jivotnыx s osnovami zoologii, M., 1988.