ANURIYA (yun. an — inkor qoʻshimchasi va uron — siydik) — siydik tutilishi; bunda buyrakda hosil boʻlgan siydik qovuqqatushmaydi. Prerenal Anuriya buyrak tomirlarining oʻsmalar bilan qisilishi yoki qayrilib ketishi, shuningdek buyrak arteriyalariga tromb yoki embol tiqilib qolishi natijasida kelib chiqadi. Koʻp qon yoʻqotish, yurak-tomirlar sistemasidagi kamchilik va shok, ich ketishi sababli koʻp suyuqlik yoʻqotish, betoʻxtov qusish, badanning shishib ketishi, assit va sh. k. kasalliklarda qon aylanishining ogʻir darajada buzilishi natijasida paydo boʻladigan Anuriya ham prerenal Anuriyaga kiradi. Bunday Anuriyada buyraklar ham, siydik yoʻllari ham zararlanmaydi; arterial bosimning pasayishi, buyraklardan kam qon oʻtishi, qonda suvning kamayishi va b. ekstrarenal omillar katta rol oʻynagani uchun siydik toʻxtashining bu turini ekstrarenal Anuriya deb ham ataladi. Renal (chin) A. buyrak toʻqimasining sidirgʻa patologik ja-rayondan zararlanishi (glomerulonefrit, piyelonefrit, sulema, kantaridin, qoʻrgʻoshin tuzlari va sulfanil-amidlardan zaharlanish va h. k.) natijasida roʻy beradi. Postrenal (buyrak orti) Anuriya esa yuqori siydik yoʻllarida siydik oqimini toʻsuvchi biror illat boʻlishi oqibatida vujudga keladi. Reflektor A. kuchli ru-hiy hayajon, jarohatlanishdan keyin qattiq ogʻriq sezish natijasida paydo boʻladi. Ikki sutka va undan ortiq vaqt ichida siydik kelmay qolishi uremiyaga sabab boʻladi.