AHMAD al-FARGʻONIY (toʻliq ismi Abul Abbos Ahmad ibi Muhammad ibn Kasir al-Fargʻoniy) (taxm. 797, Fargʻona — 865, Misr) — astronomiya, mat., geogr. va b. ilmiy yoʻnalishlarda faoliyat koʻrsatgan oʻzbek qomusiy olimi. Sharkda Al-Fargʻoniy, Yevropada Alfraganus (Alfraganus) taxalluslari b-n mashhur. Uning hayoti va ilmiy faoliyati toʻgʻrisida juda oz, u ham boʻlsa, uzuq-yuluq maʼlumotlar yetib kelgan. Ahmad al-Fargʻoniy hayoti, ilmiy izlanishlari va kamoloti Abbosiylar sulolasi hukm surgan, Arab xalifaligi jahonning eng yirik saltanatlaridan biriga aylanib, uning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida Movarounnahr, Xorazm va Xurosondan kelgan koʻplab mutafakkirlar muhim oʻringa ega boʻla boshlagan tari-xiy davrda kechdi. Ahmad al-Fargʻoniy Xalifa Xorun ar-Rashid (786 — 809) vorislari al-Maʼmun (813 — 833), Muʼtasim (833 – 842) va Mutavakkil (846 — 861) hukmronlik qilgan davrda yashadi hamda avval Marv, soʻngra Bagʻdod, Damashq va Qohira shaharlarida ilmi hayʼat (falakiyotshunoslik — astronomiya), riyoziyot (mat.) va jugʻrofiya (geografiya) fanlari b-n shugʻullandi hamda qator ilmiy va amaliy asarlar yozib qoldirdi.
Ahmad al-Fargʻoniy dastavval (taxm. 811-y.) Fargʻonadan Marvga kelgan. Ilk oʻrta asrlardayoq Marv sh. Oʻrta Osiyoning yirik madaniy va ilmiy-maʼrifiy markazlaridan biri boʻlgan, bu maskanda oʻsha davrlardayoq Movarounnahr, Xorazm va Xurosondan koʻplab olimlaru fozillar va mutafakkirlar toʻplanib, Ajamnij madaniy hayotida muhim ahamiyat kasb etganlar. Hatto 651-y. da soʻnggi Sosoniylar shahanshohi Yazdigard III ibn Shahriyor (632 — 651) arablar taʼqibidan qochib, poytaxt kutubxonasidagi kitoblarni oʻzi bilan Marvga olib kelgan. Xalifalik qoʻl ostiga oʻtgach ham Marv oʻzining qad. mavqeini yoʻqotmay, nafaqat ilmiy va madaniy markazga, balki fath etilgan sharqiy viloyatlarning siyosiy markaziga aylangan.
Horun ar-Rashid vafoti (809-y.)dan soʻng xalifalik taxtiga Muhammad al-Amin (809 — 813) chiqadi. Uning akasi Abdulloh bilan taxt uchun (809 — 813-y. larda) olib borgan kurashi (Xorun ar-Rashid oʻgʻli Abdullohni 806-y. da Movarounnahr va Xurosonning noibi etib Marvga yuborgan edi) Abdullohning gʻalabasi bilan tugaydi. Muhammad al-Amin qatl etiladi. Oʻsha yili (813-y.) Abdulloh al-Maʼmun nomi bilan taxtga oʻtiradi. Biroq u xalifalik poytaxti Bagʻdodga bormay, to 819-y. ga qadar Marvda yashaydi. U oʻz atrofiga olimlaru fozillarni toʻplaydi. 819-y. al-Maʼmun barcha saroy ayonlari va olimlari bilan birga Maradan Bagʻdodga koʻchadi. Ular orasida Ahmad al-Fargʻoniy ham boʻlgan. Bu davrda xalifalikda Horun ar-Rashid farmoni b-n bino qilingan ikkita rasadxona va boy kutubxona bor edi. Abu Rayxon Beruniy maʼlumotiga Karaganda, rasadxonalardan biri Bagʻdodning ash-Shammosiya mahallasida va ikkinchisi Damashq yaqinida Kasiyun nomli togʻda joylashgan edi. Rasadxonalarda Horun ar-Rashid asos solgan ilmiy markaz «Bayt ulhikmat» («Donishmandlar uyi») olimlari i. t. lar olib borardi. Ular orasida Ahmad al-Fargʻoniy xam bor edi. Ahmad al-Fargʻoniy avval Bagʻdoddagi rasadxonada ish olib bordi, soʻngra al-Maʼmun topshirigʻiga binoan Damashqsagi rasadxonada os-mon jismlari harakati va oʻrnini aniqlash, yangicha «Zij» yaratish ishlariga rahbarlik qildi.
Ahmad al-Fargʻoniy yunon astronomlari, jumladan, Ptolemeyning «Yulduzlar jadvali» asarida berilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqish xamda oʻsha davrdagi barcha asosiy joylarning jugʻrofiy koordinatalarini yangitdan aniqlash yuzasidan olib borilgan muhim tadqiqotlarda faol ishtirok etdi. Shu munosabat bilan arab tilidagi ilmiy atamashunoslikka doir ishlarni, xususan, falakiyot, riyoziyot va geogr. ga oid atamalarni belgilab chiqishdek maxsus ilmiy ishlarni amalga oshirishda ham Ahmad al-Fargʻoniyning xizmati katta. Bulardan tashqari, u ayrim astronomik asboblarni ixtiro etish, falakiyotshunoslikka doir arab tilidagi boshlangʻich bilimlarni belgilash va tartibga solish ishlariga ham muhim hissa qoʻshdi. 832 — 833-y. larda Ahmad al-Fargʻoniy Shom (Suriya) shim. dagi Sinjor dashtida Tadmur va ar-Raqqa oraligida yer meridiani bir darajasining uzunligini oʻlchashda qatnashdi. Ahmad al-Fargʻoniyning hayoti va ilmiy hamda amaliy faoliyati toʻgʻrisidagi eng soʻnggi maʼlumot 861-y. ga man-subdir. Oʻsha yili Abbosiy xalifa Abul Fazl Jaʼfar al-Mutavakkil (hukmronlik yillari 847 — 861) buyrugʻiga binoan Nil daryosidagi suv sathini oʻlchaydigan inshoot barpo etish uchun Misrning Qohira yaqinidagi Fustat sh. ga keladi. Ilmiy-texnik va meʼmoriy jihatdan gʻoyat ulugʻvor bu qurilma Nil daryosining Sayyolat ul-Rod mavzesida hozirga qadar saqlanib qolgan. Garchi Ahmad al-Fargʻoniy haqida maʼlumotlar juda oz boʻlsada, ammo oʻrta asrlarda sharq ilmiy dunyosida uning nomi mashhur boʻlgan. Ibn annadim (10a.), Ibn al-Kiftiy (12 — 13-a.)lar, Abul Faraj Bar Ebrey (13-a.) va Xoji Xalifa (17-a.) kabi Sharq fihrastchilari uning nomini oʻz asarlarida qayd etganlar.
Musulmon mamlakatlari boʻylab safarga chiqqan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi ekspeditsiya aʼzolari 1997-y. 5 dek. da MARda boʻlishib, Ahmad al-Fargʻoniy hayotini oʻrganishlari natijasida u Misrning Fustat sh. da vafot etganligi, Munattam togʻining sharqiy qismidan sal narida joylashgan Imom ash-Shofe qabristoniga dafn etilganligini aniqlashdi. Vaqt oʻtishi bilan uning qabri yoʻqolib ketgan. U yerdan olib kelingan tuproq Fargʻona vodiysining Quva sh. da 1998-y. barpo etilgan ramziy qabrga qoʻyildi.
Ilmiy merosi. Yozma manbalarda qayd etilishicha, Ahmad al-Fargʻoniy ilk oʻrta asr falakiyot, riyoziyot va geogr. ilmlari yoʻnalishida bir qancha ilmiy va amaliy asarlar yozib qoldirgan. Uning asosiy astronomik asari — «Kitob al-harakot as-samoviya va javomiʼ ilm an-nujum» («Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi»). Bu asar «Astronomiya asoslari haqidagi kitob» nomi bilan ham maʼlum boʻlib, 1145 va 1175-y. larda Yevropada lotin tiliga tarjima etiladi. Shundan soʻng Ahmad al-Fargʻoniy nomi lotinlashtirilib, «Alfraganus» shaklida Gʻarbda shuhrat topadi. Uning «Astronomiya asoslari haqidagi kitob» asaridan bir necha asrlar davomida Yevropa un-tlarida astronomiya fani boʻyicha asosiy darslik sifatida foydalanilgan, chunki bu kitob zamonasidagi astronomiya haqidagi eng muhim va zarur boʻlgan bilimlarni uz ichiga olgan. Uning geogr. ga oid boʻlimi Yer yuzidagi mamlakatlar va shaharlar haqidagi eng boshlangʻich va zaruriy bilimlarga bagʻishlangan boʻlib, «Yerdagi maʼlum mamlakatlar va shaharlarning nomlari va har bir iqlimdagi hodisalar haqida» deb ataladi. Asarda falakiyot va geogr. ilmlarining asosiy mazmuni, vazifalari va qismlari tushunarli dalillar asosida sodda qilib bayon etiladi. Xususan, Yerning dumaloqligi, bir xil osmon yoritqichlarining turli vaqtda koʻtarilishi, tutilishi va bu tutilishning har bir joydan turlicha koʻrinishi, masofalar oʻzgarishi bilan ularning koʻrinishi oʻzgarishi haqida qimmatli mulohazalar bildiriladi. Umuman Ahmad al-Fargʻoniyning «Astronomiya asoslari haqidagi kitob» asari oʻrta asr musulmon Sharqi mamlakatlaridagi, soʻng Ispaniya orqali Yevropa mamlakatlaridagi astronomiya ilmining rivojini boshlab berdi. Qad. yunon ilmi, jumladan, astronomik ilmlar ham birinchi bor arabchadan tarjima qilingan risolalar orqali maʼlum boʻldi. Ahmad al-Fargʻoniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493-y. da tosh bosma usulida nashr etildi. 1669-y. mashhur golland matematigi va arabshunosi Yakob Golius Ahmad al-Fargʻoniy asarining arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan nashr etganidan soʻng uning shuhrati yanada ortdi. Yevropa Uygʻonish davrining mashhur olimi Regiomontan 15-a. da Avstriya va Italiya un-tlarida astronomiyaga doir maʼruzalarini Ahmad al-Fargʻoniy asarlari asosida oʻqigan. Uning nomi Dante (14-a.) va Shiller (18-a.) tomonidan tilga olinadi.
Yevropa olimlaridan Dʻalamber, Brokelman, X. Zuter, I. Yu. Krachkovskiy, P. Yushkevich va B. Rozenfeld Ahmad al-Fargʻoniyning ijodiga va qoldirgan ilmiy merosiga yuqori baho berganlar.
Bizning davrimizgacha Ahmad al-Fargʻoniyning 7 asari saqlanib qolgan (lekin bular hoz. zamon tillariga tarjima qilinmagan). Asarlarning qoʻlyozmalari jahonning turli shaharlari — Berlin, Dushanba, London, Parij, Tehron, Toshkent, Mashhad, Patna, Rampur, Xalab va Qohiradagi yirik kutubxonalarda saqlanmoqda.
Ahmad al-Fargʻoniyning boy ilmiy merosini chuqur oʻrganish Oʻzbekistonda mustaqillikdan keyin boshlandi. 1998-y. Ahmad al-Fargʻoniyning 1200-yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. Fargʻona sh. da Ahmad al-Fargʻoniy nomi bilan ataladigan istirohat bogʻi va qad. Quva shahrida Ahmad al-Fargʻoniy haykali oʻrnatildi. YUNESKO ning 1998-yildagi tadbirlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Ahmad al-Fargʻoniy tavalludining 1200-yilligini nishonlash toʻgʻrisida»gi qarori (1997-y. 27-noyabr)ga koʻra alloma hayoti va ijodiga bagʻishlangan ilmiy anjumanlar, badiiy koʻrgazmalar oʻtkazildi, yangi kitoblar nashr etildi, spektakllar (dramaturg Hayitmat Rasulning «Piri koinot», Yoʻldosh Sulaymonning «Fargʻona farzandi», Nurulloxon hoji Abdulloh oʻgʻli «Bashar allomasi») sahnalashtirildi, filmlar suratga olindi. Oydagi 20 km li yirik kraterlardan biriga Ahmad al-Fargʻoniy nomi qoʻyildi. Fargʻona sh. dagi maydon, koʻcha, maktablarning biriga Ahmad al-Fargʻoniy nomi berilgan.
Ad,. Karы-Niyazov T. N , Astronomicheskaya shkola Ulugbeka, M.-L., 1950; Nosirov A., Hikmatullayev X., Ahmad Fargʻoniy, T., 1966; Buyuk siymolar, allomalar (Oʻrta Osiyolik mashhur mutafakkir va donishmandlar), 1-kitob, T., 1995; Axmedov A., Ahmad al-Fargʻoniy, T., 1998.
Abdulahad Muhammadjonov.