BARG FILCHASI (Polydrosus Germ.) – qattiqqanotlilar turkumining filchalar (uzuntumshukdilar) oilasiga mansub hasharot. Qoʻngʻizlik davrida turli oʻrmon va baʼzi meva daraxtlarining bargi bilan oziqlanadi. Oʻzbekiston vohalarida 2 turi uchraydi. Bahorda birdaniga koʻpayib, daraxt barglarini, ayniqsa, urugʻdan yangi chikhan nihol shoxlarining pastki barglarini yeb, yalangʻochlaydi. Qoʻngʻizning kattaligi 4 — 5 mm, juda xoʻra, atigi 2 — 3 hafta umr koʻrsada katta zarar keltiradi. Shu vaqt ichida daraxt barglariga tuxum qoʻyadi. Tuxumdan chiqqan lichinka tuproqqa kirib chirindilar bilan oziqlanadi. Erta bahorda gʻumbakka aylanadi. Bir haftadan keyin qoʻngʻiz boʻlib chiqadi. Kurash choralari: daraxtlar tagiga chodir yozib, silkitib, qoʻngʻizlar qoqib tushiriladi va darhol yoʻqotiladi. Urugʻli meva daraxtlariga insektitsidlar purkaladi.