ALKALOIDLAR — oʻsimliklarda, kamdan-kam hollarda hayvonot organizmida uchraydigan va asos xossasiga ega boʻlgan azotli organik birikmalar. Shular jumlasidan morfinni birinchi marta (1806) nemis aptekari Sertyurner koʻknori shirasi (afyun)dan ajratib oddi. Shundan keyin olimlar oʻsimliklar tanasida neytral va kislota xossasiga ega boʻlgan kimyoviy birikmalargina emas, balki asos xossasiga ega boʻlgan moddalar ham mavjud degan xulosaga keldilar. 19-a. da strixnin, xinin, kofein, atropin, efedrin va b. ajratib olindi. 20-a. ning 60-y. larda 1000 dan ziyod tabiiy va sunʼiy yoʻl bilan olingan Alkaloidlar maʼlum edi. Alkaloidlar oʻsimliklar hayotini boshqarib turadigan faol moddalardir. Aksariyat Alkaloidlar rangsiz kristall moddalar boʻlib, kimyoviy tabiatiga koʻra halqasida azot atomlari boʻlgan geterotsiklik birikmalar hisoblanadi. Oddiy Alkaloidlar tarkibida 10 ga yaqin, murakkablarida 50 dan ziyod uglerod atomlari buladi. Alkaloidlar sulfat, xlorid, salitsilat, oksalat va b. kislotalar bilan kristall tuzlar hosil qiladi; bu jarayondan ularni tozalash va olishda foydalaniladi. Alkaloidlarga ishqoriy xossa beradigan element azotdir. Alkaloidlar sohasida Oʻzbekiston olimlaridan akad. lar S. Yu. Yunusov va O. S. Sodiqovning oʻz shogirdlari bilan bu soxdda qilgan ishlari ancha salmoqlidir. S. Yu. Yunusov kashf etgan qonuniyatga koʻra, Alkaloidlar erta bahorda oʻsimlikning yer usti qismlariga, kuz faslida bir yillik oʻsimliklarning urugʻiga, koʻp yillik oʻsimliklarning esa piyozi, ildizi va urugʻiga miqdor jihatidan eng koʻp yigʻiladi. 1943—93 y. larda Oʻzbekiston FA Oʻsimlik moddalari kimyosi in-tida S. Yu. Yunusov rahbarligida 29 oilaga mansub 266 oʻsimlik turi oʻrganilib, ulardan 913 alkaloid ajratib olindi. Turli guruhlarga kiruvchi 518 yangi alkaloidning tuzilishi aniqlandi. Sitizin, galantamin, likorin kabi preparatlarning i. ch. texnologiyasi koʻrsatib berildi, xolinesterazaga qarshi dezoksipeganin gidroxlorid preparati Toshkent kimyo farmatsevtika z-dida ishlab chiqarila boshlandi. Aritmiyaga qarshi diterpin alkaloidi asosida preparatlar olishning yangi yoʻnalishlari ochildi. Bu preparatlardan allapinin tibbiyot amaliyotida qoʻllana boshladi. Tibbiyot-biologiya tadqiqotlari uchun bir qator bioreaktiv preparatlar (bibikulin, akonitin, geliotrin, imperialin) olishga muvaffaq boʻlindi. Ayni vaqnda yana bir yangi yoʻnalish — zaharli zamburugʻlardan alkaloidlar ajratib olish ustida tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Tibbiyotda turli kasalliklarni davolashda yuzdan ortiq Alkaloidlar (morfin, kodein, kofein, efedrin, strixnin, kolxamin, atropin, kokain, galantamin, sitizin va q. k.) qullanilmoqda. Alkaloidlarning baʼzilari (mas, anabazin va nikotin sulfat) q. x. da insektitsid sifatida ishlatiladi. Kashandalik va bangilikning «sababchisi» ham Alkaloidlar dir. Tarkibida Alkaloidlar boʻlgan begona oʻsimliklarning baʼzilari (mas, kukmaraz va kampirchopon) gʻalla ekinlari orasida oʻsadi, don bu oʻsimliklar urugʻidan tozalanmay isteʼmol qilinsa, odam va hayvonlar ogʻir kasalliklarga chalinishi mumkin.
Ad:. Orexov Alkaloidlar, Ximiya alkaloidov, M., 1955; Itogi issledovaniya alkaloidonosnыx rasteniy, T., 1993.