ANTISEPTIKA — jarohatlarni va ularni tozalab davolashda ishlatiladigan asboblarni kimyoviy moddalar b-n yuqumsizlantirish usuli. 1867-y. da ingliz olimi J. Lister fransuz bakteriologi L. Paster tajribalariga asoslanib operatsion xona havosidagi, jarroh qoʻlidagi va jarohatga ishlatiladigan narsalar (doka, jarrohlik asboblari) dagi bakteriyalarni yoʻqotish b-n jarohatlarni koʻpgina asoratlardan saqlab qolish mumkin, degan xulosaga keldi. Buning uchun u 5% li karbol kislota eritmasiga hoʻllangan bir necha qavat bogʻlov ishlatdi. Antiseptik kimyoviy preparatlar yuza va chuqur qoʻllaniladi. Yuza Antiseptikada jarohat va boʻshliklar xloramin, xloratsid, vodorod peroksid, kaliy permanganat va b. moddalar eritmasi bilan yuviladi yoki jarohat yuzasiga antiseptik mazlar (mas, Antiseptika Vishnevskiy mazi) surtiladi. Chuqur Antiseptikada esa avj olayotgan jarohat atrofidagi teri ostiga antiseptik suyuqliklar (furatsilin, rivanol va b. eritmalar), teri osti, muskul orasi yoki venaga antibiotiklar singari antiseptik moddalar yuboriladi. Ikkala holda ham mikroblar yo oʻldiriladi yoki ularning hayot faoliya-ti uchun noqulay sharoit tugʻdiriladi. Hozir mexaniq fizik, kimyoviy va biologik Antiseptika usullari mavjud. Antiseptika jarrohlik davo usulining ajralmas tarkibiy qismidir.