AYRIBOBO CHOʻQQISI — OʻzR Surxondaryo viloyatidagi Koʻhitangtov tizmasining suvayirgʻich qismidagi choʻqqi. Oʻzbekiston bilan Turkmenistan chegarasida. Bal. 3139 m. A. ch. Koʻhitangtovning eng baland joyi. Ayribobo choʻqqisining aksari qismini nurashga chidamli argillit va alevrolitlar hamda qumtoshlar tashkil etgan. Choʻqqi nayzasimon shaklda. Ayribobo choʻqqisi Koʻhitangtov-Surxon qoʻriqxonasi hududiga kiritilgan.