ALMASHLAB EKISH — q. x. ekinlarini dalalar va yillar boʻyicha ilmiy asoslangan navbatlab ekish. Tuproq unumdorligini taʼminlash va ekinlarning hosildorligini oshirishning samarali tadbiri hisoblanadi. Almashlab ekish — dehqonchilik tizimining eng muhim qismidir. Ekinlarni tartibi bilan belgilangan sxemada har bir dalaga ekish uchun ketgan vaqt A. e. rotatsiyasi deyiladi; A. e. ga kiritilgan ekinlarning guruhi roʻyxati va ularni navbatlash tartibi yoki almashlab ekiladigan ekinlar bilan band boʻladigan dalalarning bir-biriga nisbati Almashlab ekish sxemasi deyiladi. Almashlab ekish joriy etilmay, bir yerning oʻziga bir xil ekinlar surunkasiga eqilgan (yakka ziroatchilik)da tuproqning fizik xususiyatlari yomonlashadi, ekinlar hosildorligi pasayadi, har xil kasallik va zararkunandalar, shu sharoitga moslashgan begona oʻtlar koʻpayadi (mas, poliz ekinlarida shumgʻiya, gʻoʻzada vilt, boshoqli gʻalla ekinlarida qorakuya va b.). Ekinlar kasalliklari, zararkunandalariga qarshi kurashda, dalalarni begona oʻt bosib ketishini bartaraf etishda Almashlab ekish sinalgan agrotexnik chora hisoblanadi. Almashlab ekishni tasniflash ikki belgiga asoslanadi. Bularning biri — A. e. da yetishtiriladigan q. x. mahsuloti (paxta, don, ozuqa, sabzavot va b.)ning asosiy turi. Ikkinchisi — biologik xususiyati, yetishtirish texnologiyasi va tuproq unumdorligiga koʻrsatadigan taʼsiri jihatidan bir-biridan farq qiladigan ekinlar guruhlari nisbati (dukkakli don, donli va texnika ekinlari, sabzavot-poliz ekinlari, koʻp yillik oʻtlar). Birinchi belgisi jihatidan Almashlab ekish dalali, yem-xashak va maxsus Almashlab ekish boʻlinadi. Dalali Almashlab ekishda ekin maydonining yarmidan koʻprogʻi asosiy (gʻoʻza, don ekinlari, kartoshka va b.) ekinlar yetishtirishga ajratiladi. Yem-xashak Almashlab ekishda ham ekin maydonining yarmidan koʻprogʻini yem-xashak ekinlari egallaydi. Maxsus Almashlab ekishda maxsus agrotexnika, alohida sugʻorish usullari va b. ni talab qiladigan ekinlar yetishtiriladi. Ularga sabzavotlar, poliz ekinlari, tamaki, sholi va b. kiradi. Ikkinchi belgisi jihatidan Almashlab ekish ekinlar guruhi, asosiy tovar mahsuloti, dalalar soni, rotatsiya muddati va b. belgilariga koʻra tur (tip)larga boʻlinadi. Almashlab ekishning gʻoʻza — gʻalla — beda; don ekinlari — toza shudgor; don ekinlari — oʻtlar — chopiqtalab ekinlar; don ekinlari — oʻtlar; oʻtlar — chopiq-talab ekinlar; chopiqtalab ekinlar — sideratli ekinlar; oʻtlar — dalali va b. tur (tip)lari bor. A. e. turiga qarab ekin turlari bilan band dalalar soni nisbati raqamlar bilan ifodalanadi. Mas, gʻoʻza-beda Almashlab ekish 3: 7 nisbatida birinchi raqam bedapoya dalalarini, ikkinchisi gʻoʻza dalalarini koʻrsatadi (beda ekin maydonining 30,0%ni tashkil etadi). Oʻzbekistonda xoʻjalikning qaysi soha boʻyicha ixtisoslashgani va tuproq-iqlim sharoitiga kura Almashlab ekishning har xil sxemasi qoʻllanilishi mumkin.
Oʻzbekistonda 1930—90-y. larda jamoa va davlat xoʻjaliklarida 3:7 sxemali donga ajratilgan bir dalali gʻoʻza — beda Almashlab ekish, 3:4:1:2 sxemali donga ajratilgan bir dalali gʻoʻza—beda Almashlab ekish va boʻlaklangan 1:2:1:2:1:3 sxemali bedasiz turli ekinlar — chopiqtalab ekinlar Almashlab ekish qoʻllanildi. Almashlab ekishning mazkur sxemalarida gʻoʻza salmogʻi 60—70%ni tashkil etdi. 90-y. lar boshidan Oʻzbekistonda don mustaqilligiga erishish uchun sugʻoriladigan maydonning katta qismi gʻalla ekinlari uchun (1997-y. da kariyb 1 mln. ga) ajratildi. Natijada gʻoʻza yakkaziroatchiligiga barham berilib, ayrim xoʻjaliklarda gʻoʻza-gʻalla nisbati deyarli teng boʻlib qoldi.
Paxtachilik A. e. da boshokli don ekinlarini joylashtirish boʻyicha tavsiyalarga binoan 1:2:7 sxemasiga koʻra ekinlar quyidagicha: 1 (gʻalla): 2 (beda): 7 (gʻoʻza) — gʻoʻza 70% yoki 1:2:3:1:2 sxemasida esa ekinlar 1 (gʻalla) : 2 (gʻoʻza) : 3 (beda) : 1 (gʻalla) : 2 (gʻoʻza) — gʻoʻza 40% joylashtirilib, Almashlab ekish dalasida gʻoʻza sal-mogʻini 10—20% kamaytirishga erishildi. Tuproq unumdorligi past, meliorativ holati yomon yerlarga 1:3:5 sxemalari — 1 m (meliorativ) : 3 (beda) : 5 (gʻoʻza) yoki 1 m (meliorativ): 3 (beda) : 4 (gʻoʻza) : 1 (gʻalla) – gʻoʻza 44,4 – 55,5% boʻlgan namunaviy tavsiyalar berildi. Sholikor xoʻjaliklarda Almashlab ekishning uch, yetti, toʻqqiz va oʻn dalali sxemalari qoʻllaniladi. Toʻqqiz dalali sxemada 1-, 2-, 3dalalarga sholi, 4dalaga yozning ikkinchi yarmida siderat yoki don uchun mosh, soya, oʻris noʻxat (yozning birinchi yarmida dala meliorativ holati yaxshilanadi), 5-, 6-, 7-dalalarga sholi, 8dalaga beda bilan don uchun bahorgi arpa, 9-dalaga ikki yillik beda ekiladi. Bu sxemalarda sholi 66,6—70%ni tashkil etadi. Sabzavotchilikda sabzavot ekinlari A. e. ning asosiy boʻgʻini koʻp yillik va bir yillik oʻtlardir. Ekishda beda va b. dukkakli ekinlardan keyin poliz ekinlari, karam, piyoz, pomidor ekiladi. Kartoshka, poliz ekinlari, bodring va ildiz mevali ekinlardan keyin eqilgan karam ham moʻl hosil beradi. Begona oʻtlardan koʻproq zararlanadigan piyoz, ildiz mevali sabzavot ekinlari (sabzi, lavlagi, sholgʻom, turp), kartoshka, bodring karamdan keyin eqilganda yaxshi samara beradi. Sabzavot ekinlarini, odatda, ilgari ular yetishtirilgan dalaga 3—4 yil oralatib eqilgani maʼqul.
Oʻzbekistonning iqlim sharoitida bir dalaga takroriy ekin ekib, yil davomida ikki marta hosil olish mumkin. Mas, sabzavot ekinlarining 8 da-lali almashlab ekish sxemasida (3:4:1) 1-dalaga beda (birinchi yili beda makkajoʻxori yoki arpa bilan birga ekiladi), 2-dalaga beda (ikki yillik beda), 3-dalaga beda (uch yillik beda), 4-dalaga oʻrtagi sabzavot (pomidor, bodring), 5-dalaga kechki sabzavot (kechki sabzavotdan oldin ertagi kartoshka ekiladi), 6-dalaga kechki kartoshka (kechki kartoshkadan oldin ertagi sabzavot ekinlaridan karam ekiladi), 7-dalaga sabzavot (piyoz), 8-dalaga kechki sabzavot (kechki sabzavotdan oldin ertagi kartoshka) ekiladi.
Almashlab ekish tizimi q. x. fanlarining yangi yutuqlari va toʻplangan tajribaga muvofiq takomillashtirib boriladi.
Ad.: Tursunxoʻjayev 3. S, Sorokin M., Gʻoʻza — beda almashlab ekish va ularning samaradorligini oshirish yoʻllari, T., 1978; Grechixin V. N. i dr., Sevooborotы v xlopkovodstve: Opыt i problemы, T., 1982; Tursunxodjayev 3. S, Bolkunov Almashlab ekish, Nauchnыye osnovы xlopkovыx sevooborotov, T., 1987.
Abdurahim Ermatov.