ARXEOLOGIYA (arxeo… va logiya) , qadimshunoslik — qad. moddiy madaniyat yodgorliklariga asoslanib kishilik jamiyati oʻtmishini oʻrganuvchi fan. Mehnat qurollari, uy-roʻzgʻor buyumlari, qurolyarogʻlar, zeb-ziynatlar, uy-joy, ustaxonalar, mudofaa va irrigatsiya inshootlarining qoldiqlari hamda oʻtmishga oid turli topilmalar Arxeologiyaning bosh manbai boʻlib, ularni chuqur ilmiy oʻrganish asosida oʻtmishdagi kishilik jamiyatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish tarixining umumiy manzarasi tiklanadi. Shu sababli Arxeologiya tarix fanining bir tarmogʻi hisoblanadi.
Arxeologiya soʻzini mil. av. 4-a. da Platon (Aflotun) qad. voqealar maʼnosida ishlatgan. Ilmiy maqsadlardagi dastlabki arxeologik qazishlar 18-a. boshidan boshlangan. 19-a. yirik arxeologik kashfiyotlar davri boʻlib, Arxeologiya fan sifatida shakllanib bordi, 19-a. Lei asosan 4 kiyemga boʻlinib oʻrganilar edi; Yunoniston va Rimning quldorlik davri yodgorliklarini oʻrganuvchi mumtoz Arxeologiya, ibtido-iy Arxeologiya, oʻrta asr moddiy-madaniyat yodgorliklarini oʻrganuvchi umumiy Arxeologiya va sharq A. si. 20-a. boshida ular birlashib, keng mazmunli hoz. zamon A. si shakllandi.
Oʻzbekistonda arxeologik tekshirishlar 19-a. ning oxirgi choragida, Turkistonni Rossiya bosib olganidan soʻng boshlandi. Rossiya imperiyasi Turkistonning oʻtmishi, xalqining urf-odati, qad. qoʻlyozmalarini oʻrganish orqali oʻlkada oʻzining mustamlakachilik rejimini mustahkamlamoqchi edi. Turkiston osori atiqalarini oʻrganishni dastavval rus Arxeologiya havaskorlari va oʻlkashunoslari boshlab berdi. 1895-y. V. V. Bartoldnkng tashabbusi bilan Turkiston arxeologiya havaskorlari toʻgaragi tuzilib, Arxeologiya ishlari shu toʻgarak nazoratida olib boriladi. Oʻsha davrda oʻtkazilgan Arxeologiya tadqiqotlarida V. V. Bartolvd, V. L. Vyatkin, N. I. Veselovskiylarning xizmati katta boʻldi. Ammo arxeologik yodgorliklarni hali har tomonlama, keng oʻrganilmaganligi hamda topilmalar yaxshi aniqlanmaganligi sababli bu vaqtda ibtidoiy va undan keyingi ilk davrlar mutlaqo yoritilmadi. Shunday boʻlsa ham 19-a. oxiri — 20-a. boshlaridagi Turkistonda olib borilgan arxeologik izlanishlar Oʻzbekiston tarixshunosligida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Oʻrta Osiyo xalqlarining qad. moddiymadaniyat yodgorliklarini oʻrganishda dastlabki qadamlar qoʻyildi. Mahalliy xalq oʻrtasida oʻz vatanining oʻtmish yodgorliklari bilan qizi-quvchi Akram polvon Asqarov, Mirza Abdulla Buxoriy, Muhammad Vafo kabi qad. buyumlar hamda chaqatangalarni toʻplovchi havaskor oʻlkashunoslar paydo boʻldi. Bu davrda Turkiston arxeologiyasi havaskorlik darajasida boʻlib turli xil (koʻproq numizmatikaga doir) topilmalarni toʻplashdan ibo-rat boʻlgan. Afrosiyob, Ulugʻbek rasadxonasi va Poykand xarobalarida dastlabki qazishmalar olib borilgan. Oʻzbekistonda Arxeologiya fani 20—30y. larda shakllandi. V. L. Vyatkin Afrosiyob xarobasini (1925; 1929—30), B. P. Denike qad. Termizni (1926—27), M. Ye. Masson Ohangaron vodiysini (1925 — 28), Ayritom xarobalarini (1932—33) qazib oʻrgandilar. 30-y. larda keng koʻlamda qazish ishlarini Arxeologiya Yakubovskiy Zarafshon vodiysida (1934, 1939), M. Ye. Masson qad. Termizda (1936 — 38), V. A. Shishkin Tali Barzuda (1936 – 39), Varaxshaaya (1937 – 39), S P. Tolstov, Ya. F. Gʻulomov qad. Xorazm vohasida (1937 — 50), A. P. OkladnikovTeshiktosh va Machay gʻorlarida (1938 — 39), V. V. Grigoryev Qovunchitepa xarobalarida (1934— 37) olib bordilar. Toʻplangan arxeologik materiallar Oʻzbekiston tarixini davrlashtirishda muhim manba boʻldi, yangi arxeologik madaniyatlar (Kaltaminor, Tozabogʻyop, Qovunchi madaniyatlari va b.) oʻrganilib, fanga kiritildi. Teshiktosh gʻoridan neandertal tipidagi odam skeletining topilishi Oʻzbekiston arxeologiyasida buyuk kashfiyot boʻlib, dunyo olimlarida katta qiziqish uygʻotdi. Oʻzbekistonda arxeologiya fanini rivojlantirishda Oʻrta Osiyo davlat untida arxeologiya kafedrasining ochilishi (1940), OʻzFA Arxeologiya boʻlimining tashkil etilishi (1943) katta ahamiyatga ega boʻldi. Arxeologik yodgorliklarni r-nlarga boʻlib oʻrganishda Termiz arxeologik kompleks ekspeditsiyasi, Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi, Pomir-Olay va Pomir-Fargʻona ekspeditsiyalari katta rol oʻynadi. 50-y. larda Oʻzbekiston arxeologiya ekspeditsiyasi otryadlari Toshkent vodiysida mozorqoʻrgʻonlarni (T. Aʼzamxoʻjayev), Zamonbobo jez davri qabristonini (Ya. Gʻulomov), Bolaliktepa yodgorligini (L. I. Albaum) va b. ni oʻrganishga kirishdi. 60-y. larda Moxondaryo arxeologik otryadi Ya. Gʻulomov rahbarligida Zarafshonning quyi oqimida mil. av. 4 — 2-ming yillikka mansub 60 dan ortiq neolit va jez davriga oid manzilgohlar, Uchtut chaqmoqtosh konlari (A. Askarov, M. Qosimov, Oʻ. Islomov va T. Mirsoatov), Moʻminobod qabristoni (A. Askarov), Samarqand makoni (D. N. Lev, M. Joʻraqulov), Chust jez davri qishlogʻi xarobasi (V. Sprishevskiy), Dalvarzintepa (Yu. A. Zadneprovskiy), Xolchayon (G. A. Pugachenkova) va b. arxeologik obidalarda keng koʻlamda kazishlar olib bordi. Tuproqqalʼa, Varaxsha, Bolaliktepa, Afrosiyob, Quva podshoh saroylari va ibodatxonalarining oʻrganilishi, Samarqand va Mugʻ togʻida qad. Sugʻd, Xorazmda xorazmiy yozuvlarining topilishi Oʻzbekiston madaniyatining yuqori darajaga koʻtarilganini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston FA Arxeologiya inti ning tashkil etilishi (1970) Oʻzbekistonda arxeologik tadqiqotlarni yanada kengaitirishga imkon berdi. 70—80-y. larda in-t jamoasi tomonidan Oʻzbekistonning deyarli barcha viloyatlarida keng qamrovli arxeologik kuzatuv va qazishlar oʻtkazilib, oʻtmishning eng qad. davri — tosh asridan to soʻnggi oʻrta asrlarga mansub koʻplab nodir yodgorliklar topildi. Mas, Buxoro, Toshkent, Surxondaryo, Fargʻona, Samarqand viloyatlarida Teshiktosh, Amir Temur, Omonqoʻton, Obirahmat, Xoʻjakent, Qapchigʻay, Obishir, Qoratogʻ, Xoʻjamazgil (M. Qosimov, Oʻ. Islomov, N. Tosh-kenboyev, R. Sulaymonov, M. Xoʻjanazarov) kabi qad. tosh davri gʻor makonlari hamda Xorazm choʻllarida yangi tosh (neolit) va jez davri makonlari (A. Vinogradov, M. Itina) oʻrganilishi diqqatga sazovordir. Bu yodgorliklardan topilgan ashyoviy materiallar Oʻzbekiston tarixining eng qad. davri manzarasini tiklashda asosiy manba boʻlib xizmat qildi. Ayniqsa Oʻzbekistonning jan. tumanlarida qad. dehqonchilik madaniyatiga tegishli koʻplab yodgorliklarning (Sopollitepa, Jarqoʻton, Kuchuktepa, Mirshodi) topilishi va oʻrganilishi (A. Askarov, T. Shirinov, Sh. Shaydullayev) qad. Baqtriya madaniyatining genezisi, taraqqiyot bosqichlari va bu yerlarda ilk shahar madaniyatining shakllanish jarayonini kuzatish imkonini berdi. Maxsus tadqiqotlar Samarqand, Buxoro, Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari va Fargʻona vodiysi, Qoraqalpogʻiston hududidagi qad. shaharlarni oʻrganishga bagʻishlandi. Ayniqsa qad. shaharlar — Yerqoʻrgʻon (R. Sulaymonov, M. Isomiddinov), Qanqa (Yu. Buryakov), Eski Termiz (Sh. Pidayev, T. Annayev), Dalvarzin-tepa (E. Rtveladze, B. Turgʻunov), Shoshtepa va Oqtepa (M. Filanovich), qad. Buxoro va Poykend (A. Muhammadjonov, Jez davriga oid sopol buyumlar (mil. av. 2-ming yillik oʻrtalari). J. Mirzaahmedov, Sh. Odilov), Axsikat va Pop (A. Anorboyev, B. Matboboyev), Afrosiyob (X. Oxunboboyev, M. Isomiddinov), Xiva (M. Mambetullayev), Mizdahqon (V. Yagodin) kabi yodgorliklarda olib borilgan arxeologik tadqiqotlar samarali boʻldi. Xorazm va Zarafshon vodiysida Ya. Gʻulomov, B. V. Andrianov, A. R. Muxammadjonov va b. ning qad. irrigatsiya va dehqonchilik vohalarining vujudga kelishi jarayonlarini oʻrganish borasida olib borgan arxeologik va etnografik izla-nishlari alohida ahamiyatga ega boʻldi.
Bu davrda Zarafshon vodiysi, Xorazm, Surxondaryo va Sirdaryo vohalari hamda Fargʻona vodiysida olib borilgan arxeologik va antropologik izla-nishlar tufayli Oʻrta Osiyo, xususan Oʻzbekiston yerlarida yashovchi aholining asosiy antropologik tiplarga boʻlinganligi ularning shakllanish tarixini yoritish imkonini berdi; oʻzbek etnosining oʻziga xos xususiyatlari, tub etnik elementlarning ularga kelib qoʻshilgan etnoslar b-n qorishib ketish jarayoni kuzatildi. Bu masalaga oydinlik kiritishda T. Xoʻjayov, K. Shoniyo-zov va b. hissasi salmoqli boʻldi. Shu asnoda Arxeologiya fanining turli davr va yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy maktablar tarkib toddi. Ularga Ya. Gʻulomov, S. P. Tolstov, A. P. Okladnikov, M. Ye. Massoy va G. A. Pugachenkova kabi olimlar asos soldi. Yirik asar va risolalar nashr etildi.
Mustamlaka davrida Oʻrta Osiyo, jumladan Oʻzbekiston hududidan topilgan eng nodir arxeologik topilmalar, qoʻlyozma asarlar talon-taroj etilib Moskva, Sankt-Peterburg, shuningdek boshqa xorijiy mamlakatlarga tashib ketildi. Mas, mashhur Amudaryo xazi-nasi Londondagi Britaniya muzeyiga olib ketilgan.
Arxeologik izlanishlar maqsadi va natijalarini oʻzbek xalqi tarixi bilan bogʻlash tom maʼnoda mustaqillik yillaridan boshlandi.
Oʻzbekiston Arxeologiyasi oʻz tadkiqotlarining samarasi bilan jahon ilmiy darajasiga koʻtarildi. Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Italiya va Polsha bilan hamkorlikda arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda. Rossiya (Moskva, Sankt-Peterburg) olimlari bilan ilmiy aloqalar mavjud.
Abdulahad Muhammadjonov.