ANGOR TUMANI — Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1952-y. 16 apr. da tashkil etilgan. 1962-y. 24 dek. da Termiz tumaniga birlashtirilgan. 1979-y.4 dek. da qayta tuziddi. Angor tumani viloyat janda joylashgan. Termiz, Muzrabot, Sherobod, Qiziriq va Jarqoʻrgʻon tumanlari bilan chegaradosh. Mayd. 0,39 ming km2. Aholisi 85 ming kishi (1997). Angor tumanida 1 shaharcha (Angor) va 7 qishloq fuqarolari yigʻini (Istiqlol, Doʻstlik, Zang, Navoiy, Tallimaron, Yangiobod, Qayran) bor. Markazi — Angor shaharchasi.
Angorda mil. av. 6 — 4 – a. larda aholi manzillari boʻlgan. Kushan podsholigi davrida (1—3 – a. lar) dehqonchilik vohasi tarkib topgan. Zartepa qalʼasi Angorning markazi boʻlgan. 6 — 7-a. larda qalʼalar, qoʻrgʻonlar vujudga kelgan. Oʻtmishda Angor Termizga boradigan savdo karvoni qoʻnib oʻtadigan qishloq hisoblangan.
Tabiati. Tuman viloyatning eng jan. da joylashgan. Shim. da Kiziriq, gʻarbda Xotinrabot dashtlariga tutashgan. Shim. da Xovdogʻ, jan.-sharqida Qoraqir qirlari bor. Ular orasida Kattaqum joylashgan. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Qishi qisqa, iliq. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 2 — 3°. Yozi issiq, davomli. Iyulning oʻrtacha t-rasi 31 — 32°. Yiliga 120 — 130 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 300 kun. Tuman hududining gʻarbiy qismidan Sherobod daryosining quyi qismi oqib oʻtadi. Zang kanalidan tarmoqlanadigan ariqlardan sugʻoriladi. Tuprogʻi boʻz, taqir, qumloq tuproq. Tuproq shoʻrlanishini kamaytirish uchun tuman hududi boʻylab shim.sharqdan jan.-gʻarb yoʻnalishida zovur qazilgan. Shoʻra, yantoq, jingʻil, qiyoq, qamish, burgan kabi choʻl oʻsimliklari oʻsadi. Tuman hududining koʻp qismi oʻzlashtirilganligi sababli choʻldashtga xos yovvoyi hayvonlar deyarli uchramaydi.
Aholisining aksari qismi oʻzbeklar; shuningdek tojik, turkman, rus, tatar, yahudiy va b. millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga oʻrtacha 218 kishi toʻgʻri keladi. Aholisining 90% dan ortigʻi qishloqlarda yashaydi.
Xoʻjaligi. Angor tumanida 8 jamoa xoʻjaligi, 104 dehqon-fermer xoʻjaligi, 36 hissadorlik jamiyati, 123 kichik korxona, 7 sanoat korxonasi bor. Tuman gʻalla, paxta va sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan. Bogʻdorchilik va tokchilik bilan ham shugʻullaniladi. 1999/2000 oʻquv yilida 40 dan ortiq umumiy taʼlim maktabida 20559 oʻquvchi taʼlim oldi. 20 mingdan ziyod maktabgacha tarbiya muassasasi, muallimlar tayyorlash, kasb-hunar litseyi, 2 iqtidorli bolalar litseyi mavjud. 30 kutubxona, madaniyat uyi, 14 qishloq klubi, Angor shaharchasida Angor tumani Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi, «Orzu» kinoteatri aholiga xizmat koʻrsatadi. Markaziy kasalxona, 8 qishloq ambulatoriyasi, 52 feldsher-akusherlik punkti, 2 poliklinika, markaziy stadion, 12 sport zali, 28 futbol maydonchasi ishlab turibdi (2000).