AGROKIMYO

AGROKIMYO, agronomik kimyo — tuproq va oʻsimliklardagi kimyoviy jarayonlar, oʻsimliklarning mineral oziqlanishi, oʻgʻitlar va tuproqni kimyoviy melioratsiyalash vositalarini qoʻllash toʻgʻrisidagi fan. A. q. x. ni kimyolashtirishning ilmiy asosini tashkil etadi. Agrokimyo oʻsimlik, tuproq va oʻgʻitlar oʻrtasidagi munosabatni, dala sharoitida oʻsimliklar oziqlanishini oʻrganadi, oʻsimliklarning oziqlanishiga eng qulay sharoit yaratish, tuproq va oʻgʻitlar tarkibidagi oziq moddalarning oʻzlashtirilish koef. oshirish maqsadida ushbu sharoitlarni oʻzgartirish yoʻllarini, shuningdek, hosildorlikni oshirishning boshqa vositalari — pestitsidlar, oʻsish stimulyatorlarini koʻllash, tuproq unumdorligini yaxshilash va hosildorligini oshirish maqsadida kimyoviy melioratsiya vositalarini qidirib topadi. Agrokimyo fani tuproqshunoslik, dehqonchilik, oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi, q. x. mikrobiologiyasi, kimyo va fizika fanlari bilan bevosita bogʻlangan. Agrokimyoda nazariy va amaliy masalalarni oʻrganish uchun har xil tadqiqot usullari qoʻllaniladi. Bularga oʻsimlik, tuproq va oʻgʻitlarni lab. da kimyoviy, fizik-kimyoviy tahlil qilish; oʻsimliklarda vegetatsion tajriba (vegetatsion uychalarda va issiqxonalarda) oʻtkazish; har xil tuproq-iqlim sharoitlarida oʻgʻitlar bilan dala tajribalari (oʻgʻitlarning geografik mintaqalardagi tajribalari) olib borish; xoʻjaliklarda i. ch. tajribalari oʻtkazib, olingan natijalarga iqtisodiy baho berish ishlari kiradi. Agrokimyoda oʻsimlik asosiy tadqiqot obyekti hisoblanadi. Oʻsimliklar oziqlanishini oʻrganish va oʻgʻitlar vositasida uni izga solish usullarini ishlab chiqishda har bir oʻsimlik (ekin)ning biologik va agrotexnik xususiyatlari hisobga olinadi. Agrokimyo tuproqshunoslik va tuproq mikrobiologiyasi bilan bogʻliq boʻlganligi uchun unda tuproq ham oʻrganilishi kerak. Agrokimyo tuproq tarkibidagi oziq moddalarning umumiy miqdorini, ularning oʻsimliklarga oʻtish xususiyatini, oʻgʻitlarning oʻzgarish jarayonlarini va tuproq xossasiga taʼsirini hamda oʻgʻitlarni ishlatish meʼyorini va nisbatini, ularni turli xil ekinlarga solishning ratsional muddatlari va usullarini, oʻgʻitlarni qoʻllashning tuproqni ishlash tizimlari, almashib ekish, sugʻorish tartiboti va b. bilan toʻgʻri qoʻshib olib borishni oʻrganadi. Agrokimyo oʻsimliklarning oziqlanishini oʻrganishi tufayli oʻsimliklar fiziologiyasi va biokimyosi bilan bogʻlangan. Oʻgʻitlarni bir shakldan ikkinchi shaklga oʻtishi tuproqning xususiyatlariga, tuproqshunoslar, kimyogarlar va mikrobiologlar oʻrganadigan kimyoviy va mikrobiologik jarayonlarga bogʻliq.

Agrokimyo fan sifatida 19-a. ning 40-y. larida shakllandi. Uning shakllanishida nemis kimyogari Yu. Libix (1803-73)ning oʻsimliklarning mineral oziqlanishi haqidagi taʼlimoti muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Oʻzbekistonda, garchi dehqonchilikda goʻng, kul, loyqa, qum, paxsa kesaklaridan oʻgʻit sifatida qadimdan foydalanib kelingan boʻlsada, Agrokimyo fani tarixi 20-a. dan boshlanadi. Birinchi agrokimyoviy tajribalarda ekinlarda oʻgʻitlarni qoʻllash masalalari R. R. Shreder, M. M., Bushuyev, I. K. Negodnoye tomonidan oʻrganilgan (1906 — 28 ylarda 121 tajriba oʻtkazilgan). Respublikada Agrokimyo fanini rivojlantirishda Oʻzbekiston paxtachilik in-ti, Oʻzbekiston FA Tuproqshunoslik va agrokimyo in-ti (1977) katta rol oʻynadi. Agrokimyo rivojlanishi bilan respublikada mineral oʻgʻitlar sanoati taraqqiy etdi (q. Kimyo sanoati, Kimyo instituti). Respublikada Agrokimyo fanini rivojlantirishda B. M. Isayev, M. A. Belousov, N. N. Zelenin, T. S. Zokirov, B. P. Machigin, I. N. Niyozaliyev, P. V. Protasov, T. P. Piroxunov, G. I. Yarovenko va b. ning ishlari muhim ahamiyatga ega.

Oʻzbekistonda Tuproqshunoslik va agrokimyo in-tda, q. x. oliy oʻquv yurtlaridagi Agrokimyo kafedralarida Agrokimyo masalalarini oʻrganish boʻyicha tadqiqot ishlari olib boriladi.

Ad.: Protasov P. V., Niyozaliyev I. N.,Toirov T. 3., Paxtachilikdaagroximiya, T., 1981; Zokirov T. S, Pochvenno-agroximicheskiye osnovы xlopkovodstva, T., 1987. I. N. Niyozaliyev, T. 3. Toirov.


Lotin alifbosida maqola: AGROKIMYO haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: A harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



BIOLOGIYA
AGRONOMIYA
AGROKIMYOVIY TAHLIL
AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI
AZOTLI OʻGʻITLAR


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты