BAKTERIYALAR (yun. bakterion — tayoqcha) — bir hujayrali mikroorganizmlarning katta guruhi; shakllangan yadroga ega boʻlmagan mikroskopik organizmlar — prokariotlar. B. da hujayra pardasi, koʻp miqdorda dezoksiribonuklein kislota (DNK), sodda yadro bor. Mitoxondriy va xloroplastlar odatda, boʻlmaydi, yadroning xromosomalari va qobigʻi koʻzga koʻrinmaydi. Bakteriyalar koʻndalangiga boʻlinish (baʼzan choʻzilish yoki kurtaklanish) yoʻli bilan koʻpayadi. Bakteriyalarning koʻp turi tayoqcha shaklida boʻladi. Biroq sharsimon, ipsimon yoki ilon izi shaklli mikroorganizmlar ham Bakteriyalarga kiradi. Bakteriyalarning fiziologik xususiyatlari nihoyatda xilma-xil, ular biokimyoviy jihatdan juda faol. Bakteriyalar tuproqda, suvda, suv havzalari zaminida va b. joylarda tarqalgan. Ular yagona bir guruh boʻlmay, har xil yoʻllar bilan vujudga kelgan organizmlardir. Baʼzi Bakteriyalar, (mas, ipsimon Bakteriyalar, azotobakter va b.) koʻk-yashil suvoʻtlarga yaqin, ayrim Bakteriyalar esa nursimon zamburugʻlar — aktinomitsetlar bilan urugʻdosh; spiroxetalar va b. baʼzi Bakteriyalar bir hujayrali sodda hayvonlarga oʻxshaydi. Bakteriyalarning kattakichikligi, shakli, tuzilishi, harakatchanligi har xil. Sharsimon Bakteriyalarning diametri, odatda, 1 — 2 mkm, tayoqcha shaklidagilarining yoʻgʻonligi 0,4 dan 0,8 mkm gacha, uz. 2 — 5 mkm boʻladi. Baʼzan juda yirik Bakteriyalar ham uchraydi. Mas, Thiophysa macrophusaHHHr diametri 20 mkm; juda mayda Bakteriyalar ham bor. Ayrim Bakteriyalar, shu qadar maydaki, hatto bakterial filtrdan ham oʻtib ketadi. Sharsimon Bakteriyalar kokklar deb ataladi. Agar kokklar koʻndalangiga boʻlinish yoʻli b-n koʻpaysa va boʻlingandan keyin birbiriga qoʻshilganligicha qolib zanjir hosil qilsa, streptokokklar deyiladi. Hujayralar uchta oʻzaro tik yoʻnalishda boʻlinsa, hujayralar xaltachasi (paketi)ni hosil qiladi, bunday shakl sarsinalar uchun xos. Kokklar xar xil yoʻnalishda boʻlinsa, hujayralarning uzum boshining gʻujumi shaklidagi toʻplami hosil boʻladi, bunday shakl stafilokokklarga taalluqli. Sporalar hosil qiladigan tayoqchasimon Bakteriyalar batsillalar deyiladi. Tayoqchasimon Bakteriyalarning uchlari tekis «qirqilgan» yoki doʻngroq boʻlishi mumkin. Bular alohida yoki, baʼzan, zanjir shaklida joylashadi. Uzun ip hosil qiladigan ipsimon bakteriyalar, asosan, suvda yashaydi. Vergul shaklidagi Bakteriyalar vibrionlar, yoʻgʻon spiralsimon buralganlari spirallar, bir nechta bir xildagi ingichka buramalilari spiroxetalar deyiladi. Elektron mikroskopda qaralganda Bakteriyalarning hujayra pardasi bir necha (odatda, uch) qavat ekanligi koʻrinadi. Uning tarkibiga muramin kislota, aminokislotalar, lipidlar, glyukozamin va b. birikmalar kiradi. Hujayra pardasi ostida iitoplazmatik membrana bor, shu membrana moddalar almashinuvida muhim rol oʻynaydi. Sitoplazmada ribosomalar boʻlib, ular tarkibiga RNK kiradi. Bakteriyalar hujayrasida DNK iplari bor, ular qobiqsiz yadro, yaʼni nukletoid hosil qiladi. Bakteriyalar yuqori t-raga, odatda, chidamsiz, quritish, oftob, har xil kimyoviy moddalar Bakteriyalarni oʻldiradi (q. Dezinfeksiya, Sterillash). Bakteriyalar sovuqqa juda chidamli, shu tufayli tuproqda qishlab chiqa oladi. Bakteriyalarning koʻpi oval yoki yumaloq shaklli sporalar hosil qiladi. Bakteriyalar sporalari yuqori t-ra va zaharli moddalar taʼsiriga juda bardoshli. Sporalar qulay muhitga tushganda ulardan tayoqchasimon yoki vegetativ hujayralar paydo boʻladi. Bakteriyalarning rivojlanish sikli har xil. Mas, mikobakteriyalar boʻlinish yoʻli b-n ham, kurtaklanish yoʻli bilan ham koʻpayadi. Miksobakteriyalarning vegetativ hujayralari qisqaradi va kichrayib, yumaloq yoki oval shaklli mikrotsistalar hosil qiladi. Koʻpchilik Bakteriyalar organik moddalarni, baʼzilari anorganik moddalarni oksidlash yoʻli b-n energiya oladi. Faqat kislorodli muhitda yashay oladigan Bakteriyalar aeroblar, kislorodsiz muhitda yashaydigan Bakteriyalar anaeroblar deyiladi. Aerob nafas olish vaqtida organik birikmalar oksidlanib, karbonat angidrid ajralib chiqadi. Anaerob sharoitda organik birikmalarning parchalanishi va bunda energiya ajralib chiqishi bijgʻish deyiladi.
Tabiatda va xalq xoʻjaligida Bakteriyalarning ahamiyati juda katta. Bakteriyalar tirik xujayralar tarkibiga kiradigan hamma kimyoviy elementlarning tabiatda aniqlanishida ishtirok etadi. Oʻsimlik va hayvon qoldiqlari sellyuloza, pentozalar, kraxmal, pektin moddalar va b. ni oʻzlashtira oladigan mikroorganizmlar ishtirokida parchalanib, pirovardida karbonat angidrid bilan suvga aylanadi. Tabiatda azot aylanishida ham mikroorganizmlarning roli katta. Hayvonlar oʻziga zarur azotli birikmalarni oʻsimlik oqsillaridan hosil qiladi. Hayvon va oʻsimlik oqsillari Bakteriyalar taʼsirida minerallashib, avval ammiakka, keyin nitrit va nitratlarga aylanadi. Ammoniyli tuzlar ham, nitratlar ham yuksak oʻsimliklar uchun oziq boʻladi, ular shu tuzlardan foydalanib, oʻz tanasida oqsil hosil qiladi. Bakteriyalar boshqa biogen elementlarni ham minerallashtiradi. Ular organik fosfor birikmalarini parchalab, suv havzalari va tuproqda fosforning mineral birikmalarini koʻpaytiradi. Bakteriyalar taʼsirida oltingugurtning organik birikmalari ham minerallarga aylanadi. Bakteriyalar genetika, biofizika, kosmik biologiya va b. sohalarga oid umumiy masalalarni hal qilish uchun eng yaxshi obyektdir. Bakteriyalar kulturasidan aminokislotalar, vitaminlar va antibiotiklarni miqdor jihatidan aniqlashda foydalaniladi. Tuproq unumdorligi B. ning hayot faoliyatiga bogʻliq. Pektin moddalarni bijgʻitadigan Bakteriyalar yordamida zigʻir, kanop va b. tolali oʻsimliklar ivitiladi. Sutdan qatiq, sariyogʻ, pishloq va b. mahsulotlar tayyorlashda ham Bakteriyalarning har xil turlaridan foydalaniladi.
Sanoatda Bakteriyalarning tegishli turlari yordamida kraxmalli yoki boshqacha xom ashyodan sut (laktat) kislota, atseton, etil spirt, butil spirt va b. spirtlar, dekstrin, diatsetil, antibiotiklar, vitaminlar, aminokislota va b. olinadi.
Bakteriyalardan ferment preparatlari tayyorlashda ayniqsa koʻp foydalaniladi. Shu bilan birga, Bakteriyalarning koʻpgina turlariga qarshi kurash olib borishga ham toʻgʻri keladi, chunki ular don-dun va b. masalliqlarni, har xil xom ashyo, material va buyumlarni buzadi. Odam va hayvonlarda uchraydigan koʻpgina kasalliklar (mas, ich terlama, vabo, sil, kuydirgi, manqa va b.)ni Bakteriyalar paydo qiladi.
Odam va hayvonlarda kasallik qoʻzgʻatadigan Bakteriyalar patogen Bakteriyalar deb ataladi. Fitopatogen Bakteriyalar yovvoyi oʻsimliklarda ham, ekinlarda ham koʻpgina kasalliklarni vujudga keltiradi. Kasallik qoʻzgʻatadigan Bakteriyalarga qarshi aseptika va antiseptika choralari koʻriladi, shuningdek, bakteriostatik va bakteritsid moddalar ishlatiladi.