ANATOMIYA (yun. anatome — kesaman, yoraman) — ayrim aʼzolar, sistemalar va butun organizmning shakli va tuzilishini oʻrganadigan fan; morfologiyaning bir qismi (q. Hayvonlar morfologiyasi, Oʻsimliklar morfologiyasi). A. hayvonlar Anatomiyasi (zootomiya) va oʻsimliklar anatomiyasi (fitotomiya) ga boʻlinadi. Hayvonlar Anatomiya sidan odam A. si (antropotomiya) ajratiladi. Odam va hayvonlar organizmi evolyutsiyasining asosiy bosqichlarini oʻrganadigan qiyosiy (solishtirma) Anatomiya ham bor. «A» termini koʻproq odam Anatomiya sini ifodalash uchun ishlatiladi. Odam Anatomiya siga inson organizmi faoliyati haqidagi fan — fiziologiya bilan bir butun holda qaraladi. Anatomiya har bir aʼzoning kishi jinsi va yoshiga qarab oʻzgarish xususiyatlarini, atrof muhit hamda mehnat faoliyatining aʼzolar tuzilishi, vazifasiga taʼsirini ham oʻrganadi. Dastlab har bir aʼzo alohida-alo-hida oʻrganilgan boʻlsa, keyinchalik aʼzolarning oʻzaro munosabatlarini, ularning bir sistemaga birlashish qonuniyatlarini, organizm bir butun boʻlib, uni tashqi muhit b-n chambarchas bogʻliqligini, aʼzolarning shakli bilan funksiyasi oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni hisobga olgan holda oʻrganila boshlandi.
Anatomiyaga oid dastlabki maʼlumotlar eng qad. xitoy va hind asarlarida, shuningdek Gippokrat, Aristotel (Arastu) asarlari va ayniqsa Aleksandriya maktabi vakillarining asarlarida uchraydi. Keyinchalik Abu Ali Ibn Sinoning 5 jildli «Tib qonunlari» asarida tibbiyotning barcha sohalariga, xususan Anatomiyaga oid mukammal maʼlumot berildi. Italyan rassomi Leonardo da Vinchi murdani yorib tekshirib normal Anatomiyaning bir qadar mufassal tavsifini bergan. Hoz. zamon A. si Uygʻonish davridan, yaʼni yevropalik anatom-olim A. Vezaliy murdalarni yorib tekshirib, odam tanasi tuzilishining toʻliq, sistematik va aniq tavsifini bergan vaqtdan boshlanadi. Anatomiya umuman normal aʼzo va toʻqimalarning shakli va tuzilishini oʻrgangani uchun normal Anatomiya deb ataladi. Normal Anatomiya, organizmning funksional sistemalariga muvofiq ravishda suyaklar haqidagi taʼlimot — osteologiya, boʻgʻimlar haqidagi taʼlimot — artrologiya, muskullar haqidagi taʼlimot — miologiya, ichki aʼzolar haqidagi taʼlimot — splanxnologiya, qon aylanish va limfa sistemasi haqidagi taʼlimot — angiologiya, markaziy va pereferik nerv sistemasi haqidagi taʼlimot — nevrologiya, sezgi aʼzolari haqidagi taʼlimot — esteziologiya va ichki sekretsiya bezlari haqidagi taʼlimot — endokrinologiyatg boʻlinadi. Anatomiyadan quyidagi fanlar ajralib chiqqan: gistologiya (aʼzo va toʻqimalarning mikroskopik tuzilishini oʻrganadi); patologik Anatomiya (kasallik oqibatida oʻzgargan aʼzo va toʻqimalarning shakli va tuzilishini oʻrganadi), topografik yoki amaliy Anatomiya (xirurgik Anatomiya ham deyiladi, odam tanasida aʼzo va toʻqimalarning joylanishini oʻrganadi). Bundan tashqari, vazifasi tasviriy sanʼat (rassomchilik, haykaltaroshlik) uchun odam gavdasining tashqi koʻrinishini tasvirlab berishdan iborat boʻlgan plastik Anatomiya, aʼzolarning shakllari va tuzilishini ularning faoliyati bilan bogʻliq holda oʻrganadigan funksional yoki nazariy Anatomiya, yosh Anatomiyasi va boshqa Anatomiyalar ham bor.
Miyaning faoliyati bilan bogʻliq holda uning noziq tuzilishi, qon va limfa tomirlarining nerv bilan taʼminlanishi, bir qismi ishdan chik,-qan qon aylanish sistemasining tiklanish (kompensatsiya) qobiliyati va b. masalalar ham Anatomiyaning tadqiqot mavzuidir.
Anatomiyaning asosiy va eng qad. oʻrganish usulidan foydalanilgan, bora-bora kesib preparatlar tayyorlash, arralash, qon tomirlarga turli suyukliklar yuborish, rentgen nuri va mikroskopii qoʻllash usullari joriy etildi: tirik odamda esa paypaslab koʻrish, perkussiya (barmoq yoki bolgʻacha bilan urib oʻrganish) yoki auskultatsiya (eshitib koʻrish) usullari qoʻllanila boshlandi. Bundan tashqari, Anatomiya (proyeksion Anatomiya) hayvonlar va sogʻlom odamlarda (tashqi belgilarga qarab) chuqurroq yotgan aʼzolarning joylanishini tajriba yoʻli bilan aniqlaydi.
Oʻzbekistonda Anatomiya fanining haqiqiy rivoji 1940—50 y. larga toʻgʻri keladi. Oʻzbek olimlaridan H. 3. Zohidov markaziy nerv sistemasining ayrim sohalarini, odamning yoshiga xos tuzilishini, R. E. Xudoyberdiyev nerv sistemasining qon bilan taʼminlanishini, qon tomirlar Anatomiya sini, M. N. Xolqoʻziyev vegetativ nerv sistemasi A. sini, N. K. Ahmedov periferik nerv sistemasiga rentgen nurlarining taʼsirini oʻrgandilar. Olimlardan S. Sh. Shahrbiddinov, A. T. Okdlov, F. N. Bahodirov, N. A. Ibodov, I. K. Qosimxoʻjayevlar ham Anatomiya rivojlanishiga munosib hissa qoʻshdilar. Hozir Anatomiyaning dolzarb masalalari — jigar, tomirlarning normal va regeneratsiya sharoitidagi oʻzgarishlari hamda nervlarning tiklanishi va periferik qon aylanishi ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Ad:. Ahmedov N. K., Shomirzayev N. X., Normal va topografik anatomiya, T., 1991; Ahmedov N. K., Atlas. Odam anatomiyasi, 1 — 2-1., T., 1996—97.
Nosir Ahmedov.