ABDUQODIR NAYCHI Ismoilov (1888, Qoʻqon — 1951.22.2, Toshkent) — sozanda. Oʻzbekiston xalq artisti (1941). 13 yoshidan otasi Ismoil Naychidan Tanavor, Yovvoyi Chorgoh, Dugoh, Suvora, Sarbozcha, Mirzadavlat, Ajam yoʻllarini oʻrgangan. «Sayyor truppa»da Ahmadjon Qoʻshnay, Yusuf Qiziq, Muhiddin Qoriyoqubov, Tamaraxonim, Usta Olim kabi sanʼatkorlar safida boʻlgan. 1926-y. da tashkil etilgan «Etnografik truppa» safida boʻlib, ansamblning 1927-y. gi Rossiya va Kavkaz gastrollarida qatnashgan. 1928-y. da Samarqand musiqa va xoreografiya i. t. institutida, keyin Oʻzbek musiqa teatrida (1929-35) ishlagan. 1935-y. dagi Xalqaro raqs festivalida (London) qatnashgan va oltin medalga sa-zovor boʻlgan. Oʻzbek adabiyoti va sanʼati dekadasi (1937-y.)da va 1930-y. dagi teatr Olimpiadasida ishtirok etgan. Xalq kuylari va mumtoz oʻzbek cholgʻu kuylarini fonografga yozdirgan. S. Kalonov, A. Qodirov, D. Soatqulov kabi yetuk naychilarga ustozlik qilgan.