BRONZA

BRONZA, birinj — 1) texnikada — misning qalay, alyuminiy, kremniy, berilliy, qoʻrgʻoshin va b. elementlar b-n qotishmasi. Mac, mis bilan qalay qotishmasi qalayli Bronza deb ataladi. Qalayli Bronza ishqalanishga yaxshi chidaydi, suv va bugʻda deyarli zanglamaydi, qolipga yaxshi quyiladi, quyilganda 1% dan ham kam kirishadi. Ishqalanadigan detallar, joʻmraklar, uch yoʻllik (troynik)lar va b. tayyorlash uchun ishlatiladi. Bronzaning mexanik xossalari tarkibidagi qalay mikdoriga bogʻliq boʻladi: qalay 20% dan sal oshguncha mustahkamligi ortib borib, soʻngra tez pasayadi, qalay taxm. 5% dan ortgach, plastiklik xossasi pasaya boradi. Qalayli Bronza larga legirlovchi elementlar sifatida rux, qoʻrgʻoshin, nikel va b. baʼzi elementlar qoʻshiladi. Alyuminiyli Bronza mexanik xossasi, kimyoviy taʼsirlarga chidamliligi, suyuq holatda oquvchanligi va b. baʼzi xossalari jihatidan qalayli Bronzadan ustun turadi. Termik ishlov berib, ularning mexanik xossalarini yaxshilash mumkin. Bular xilmaxil vtulkalar, shesternyalar, yoʻnaltiruvchilar va b. muhim detallar tayyorlash uchun ishlatiladi. Tarkibida 3—4% kremniy boʻlgan Bronzaning mexanik xossalari qalayli Bronza larnikidan yaxshi boʻladi, ammo qolipga quyilganda koʻproq kirishadi. Kremniyli Bronza larning qolipga quyilish va kesib ishlanish xossalarini yaxshilash uchun ularga rux yoki qoʻrgʻoshin qoʻshiladi. Berilliyli Bronza 2% berilliy b-n 98% misdan iborat qotishma. Oldin toblanib, soʻngra boʻshatilsa, qattiq va mustahkam boʻlib qoladi. U puxta, plastik, yaxshi payvandlanuvchan, oson kesib ishlanadigan va korroziyaga chidamli boʻlgani uchun undan prujinalar, membranalar, zarb bilan ishlaydigan asbob va b. tayyorlanadi. Qoʻrgʻoshinli Bronza ningmashinasozlikda antifriksion material sifatida eng koʻp ishlatiladigani 30% qoʻrgʻoshin va 70% misdan iborat;

2) sanʼatda — qadimdan amaliy bezak va haykaltaroshlik asarlari xom ashyosi (qalayli Bronza qoʻngʻiroqlar, oʻrta asrlarda Xitoyda Bronza idishlar quyishda kumush ham qoʻshilgan). Bronza kukuni va yupqa taxtasi (soxta tilla) yogʻoch, suyak, metall, gips va h. k. dan ishlangan buyumlarni hallash, qoplashda ishlatiladi. Bronzaning qolipga quyilish xususiyati yaxshiligi tufayli (ishkalanishga yaxshi chidaydi, deyarli zanglamaydi va b.) haykaltaroshlikning mayda qismlarigacha yaratish imkonini beradi; qayishqokligi, nafisligi, okuvchanligi, ortikcha mehnat talab kilmaydi; boʻrtib chiqqan hajmli mujassamot gʻovak, nisbatan yengil quyma olish imkonini beradi. Bronza oksidlanib turgʻun rangga (koʻkdan toʻq jigarrang va qoragacha) ega boʻladi, bundan tashqari kimyoviy pardozga, hallash, sayqallash, toblash, zarblash, chizishga oson beriluvchan, bu esa buyumning rangi va sifatini rangbarang qilishga yordam beradi.

Mil. av. 3-ming yillik oʻrtalarida Mesopotamiyada, 2-ming yillikdan Misrda sodda, ochiq qolip (tosh, qum, yogʻoch va b.) usulidan soʻng tabaqali yopiq qolip (loy qolip)da quyish paydo boʻddi. Ularda quyilgan mukammal haykal va idishlar qismlari qalaylab birlashtirilgan, choklari kandakorlik b-n silliqdangan boʻrtma detallar b-n ishlangan. Kandakorlik baʼzan chizmakori usuli bilan toʻldirilgan (Nineviyadan topilgan Bronza bosh, mil. av. 23-a., Iroq muzeyi, Bagʻdod). Qalin devorli, diniy idishlarda kandakorlik b-n boʻrtma tasvirlar yaratilgan (Osiyo va Zakavkazye mamlakatlarida). Mil. 1-ming yillik oxirlarida Bronza buyumlar oʻta mayda boʻrtma tasvir (naqsh, murakkab yozuvlar, maishiy va ov lavhalari) va mis, kumush, baʼzan tilla qadamalar bilan bezatilgan (Yaqin Sharq).

Mil. av. 5—4-a. larda Yunonistonda yirik Bronza haykallari quyilgan (Poliklet, Miron, Lisipp va b.) va ular mum quymasi usulida ishlangan. B, imkoniyatlari tufayli haykal yaratishda inson tanasining barcha xususiyatlari aks ettirilgan. Qad. Rimda portret byustlari va b. yirik boʻlaklarda quyilgan, sayqallangan mujassamotlarning shaklan aniq va ishonarliligiga erishilgan.

Oʻrta Osiyoda mil. av. 2-ming yillikning 2-yarmida Bronza metallurgiyasi yaxshi rivojlandi. Bronzaning kashf etilishi dehqonchilik va chorvachilikning tez rivojlanishiga olib keldi. Bronzadan kurollar, idishlar, bezaklar ishlana boshladi. Bronzadan yasalgan zebziynat, uyroʻzgʻor buyumlari, yarogʻaslaha va haykaltaroshlik asarlari, Bronza buyumlariga ishlangan naqsh, rasmlar dastlab Gʻarbiy Osiyo, Qad. Misr, Oʻrta Osiyoda oʻrganilgan. Oʻzbekiston hududidan qad. davrga oid koʻpgina Bronza sanʼati namunalari topilgan. Maye, Xak (Fargʻona viloyati) qishlogʻidan topilgan T shaklidagi Bronza toʻgʻnogʻichning (mil. av. 3—2-ming yillik) tepa qismida buzogʻiga suykalib turgan sigir va uni sogʻayotgan ayol tasvirlangan. Obirahmat (Toshkent viloyati) qishlogʻidan topilgan Bronza bilaguzuklarning sirtiga oʻsimlik novdalari shakli chizilgan. Oʻzbekistonning turli yerlaridan topilgan (mil. av. 1-ming yillik oʻrtalari) sak, massaget qabilalarining Bronza sanʼati buyumlari — pichoq, xanjar, qilich, bolta, dubulgʻa va qozonlarning bezak uslubi bir xil. Oʻzbekiston xalklari tarixi muzeyi toʻplamida bir quloqli, choʻloq, yalangʻoch kishi; boʻriga minib oldiga bolani oʻtqazib olgan odamning Bronza haykalchalari bor. 11—13-a. larga oid sanʼat asarlari orasida Bronzadan yasalgan qush, hayvon va odamlarning haykalchalari mavjud. Ahmad Yassaviy maqbarasi (Turkiston sh.) uchun Amir Temur B. dan quydirgan ulkan qozon va shamdon (14-a. oxiri) oʻsha davrning yetuk Bronza sanʼati asarlaridan. Qozon sathidagi islimiy uslubdagi naqshlar orasiga suls va kufiy xati bilan yozuvlar bitilgan. Shamdon (bal. 87 sm) sathiga oltin va kumush naqshlar oʻyib ishlangan, islimiy bezaklar bilan bir qatorda suls xati bilan ham bezatilgan. Xivadagi Pahlavon Mahmud maqbarasi shipidagi qandil va uning zanjirlari Bronzadan yasalgan.

Bronza haykaltaroshlik, amaliy sanʼat va b. da keng ishlatiladi, undan haykallar, badiiy buyumlar, bezaklar kabi sanʼat asarlari yaratilmokld (jumladan, Amir Temur, Alisher Navoiy, Beruniy, Fargʻoniy va b. ning haykallari).

Yevropada oʻrta asrlar va roman uslubidagi cherkov, sobor B. eshiklari, maqbaralar, turli shakldagi yirik idishlar, diniy marosim buyumlari va b. yigʻma boʻlgan. Ulardagi tekis, yuza tasvir va naqshlarda Bronzaning salmogʻi seziladi.

Uygʻonish davrida yana mum quymalaridan foydalanilgan, bunda qismlarga boʻlib quyish keng tarqalgan, yigʻilganda hosil boʻlgan choklar kandakori usulida yoʻqotilgan. 17—18a. lar tekis yuza va boʻrtma tasvirda rangbaranglikka erishildi, Bronza saroy va bogʻlar bezagining elementlariga aylantirildi. Tilla halning turli tuslarini qoʻllash, boʻgʻiq va panjarali quyishni qoʻshib qoʻllash Bronza imkoniyatlarini cheksiz qilib qoʻydi.

19-a. oʻrtalaridan badiiy Bronza ishlab chiqarish inqirozga uchradi, arzon buyumlarga talabning ortishi, dastgohli haykaltaroshlikning oʻsishi Bronza imkoniyatlariga qiziqishni pasaytirdi. Yangi yuksalish davri 19-a. oxiri va 20-a. dan impressionistlar (O. Roden, P. Trubeskiy) hamda haykaltaroshlar (A. Burdel, Sh. Despyo, J. Mansu va b.) ijodida koʻzga tashlandi.


Lotin alifbosida maqola: BRONZA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: B harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



AMUDARYO
ALYUMINIY
AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI
ALISHER NAVOIY
BOBIL-OSSURIYA MADANIYATI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты