BUXGALTERIYA HISOBOTI — korxona (tashkilot, muassasa) ning hisobot davri (oy, chorak, yil) dagi mablagʻlari holati va xoʻjalikmoliyaviy faoliyatini ifodalovchi koʻrsatkichlar tizimi; buxgalteriya hisobi maʼlumotlari boʻyicha tuziladi. Buxgalteriya hisoboti statistika va operativ hisobotlari b-n birgalikda moliyaviy hisobotning tarkibiy qismini tashkil etadi. Davriyligiga koʻra B. h. chorak, yarim yil, 9 oy va bir yil uchun tuziladi. Maqsadiga koʻra ichki va tashqi turlarga boʻlinadi. Ichki Buxgalteriya hisoboti korxona va uning tarkibiy boʻlinmalari faoliyatini tahlil etish hamda boshqarishga xizmat qiladi. Tashqi Buxgalteriya hisoboti korxonaning moliyaviy holati haqida axborotlar oladigan boshqaruv hamda nazorat idoralariga beriladi. Hajmiga koʻra dastlabki (korxonalar tomonidan joriy buxgalteriya hisobi maʼlumotlariga koʻra) va jamlanma (statistika muassasalari tomonidan hududiy tamoyillarga koʻra) Buxgalteriya hisobotiga boʻlinadi. 1997-y. 1 yanv. dan Buxgalteriya hisoboti qamraydigan maʼlumotlar doirasi (buxgalteriya balansi, moliyaviy faoliyat haqida hisobot, kreditorlik va debitorlik qarzdorligi haqida maʼlumotnoma, asosiy vositalar harakati, pul oqimlari, oʻz kapitali toʻgʻrisidagi hisobotlar va b.)ni OʻzR Moliya vazirligi belgilaydi. Buxgalteriya hisobotining belgilangan muddatda topshirilishi va majburiyligi ularga qoʻyiladigan asosiy talabdir. Korxonalar yillik Buxgalteriya hisobotini yakunlangan yildan keyin 15 fev. dan ( chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar 1-martdan), choraklik Buxgalteriya hisobotini chorak tugagach, 25 kundan kechikmay mulk egalariga, korxona joylashgan hududdagi davlat statistika idoralariga, davlat soliq inspeksiyalariga va b. davlat organlariga topshirishlari shart.