BIXEVIORIZM (ing. behaviour xulq) — 19-a. ning oxiri — 20-a. dagi amerika psixologiyasining yetakchi oqimlaridan biri. Bixeviorizm taʼlimoti asosida odam va hayvon xulqida tashqi muhitdan boʻladigan taʼsir, qoʻzgʻatuvchi (stimul)ga javoban yuzaga keladigan xattiharakat va unga taalluqli nutqiy va hissiy javoblarning majmui yotadi. Bixeviorizm introspektiv psixologiya inqirozi sharoitida va hayvonlar psixikasini eksperimental tadqiq qilish taʼsiri ostida yuzaga kelgan. Chunki bunday tadqiqotlarda inson psixikasini oʻrganishda yetakchi boʻlgan oʻz-oʻzini kuzatish metodidan foydalanib boʻlmagan, shuninguchun hayvonlarga nazorat qilib turiladigan turkum taʼsirlar koʻrsatish va bu taʼsirlarga hayvonlar tomonidan beriladigan (berilayotgan) javob reaksiyalarini qayd etib borishga asoslangan tajriba metodikasi ishlab chiqilgan. Soʻng bu metodika odam psixologiyasini ham oʻrganishga koʻchirilgan. Pozitivizm falsafasi tamoyillari Bixeviorizmning umummetodologik asosi boʻlib xizmat qilgan. Bu tamoyilga koʻra, fan, bevosita kuzatib boʻlmaydigan ongni emas, balki faqat bevosita kuzatsa boʻladigan narsalarnigina qayd etishi lozim. Bixeviorizm nuqtayi nazaridan xulq «stimul— reaksiya» (S—R) aloqalarining majmui sifatida talqin qilingan (tushunilgan). Bixeviorizmning ilk gʻoyalari E. Torndayk (1874 — 1949) asarlarida oʻz aksini topgan. Bixeviorizm dasturi va shu atamaning oʻzi birinchi bor J. B. Uotson tomonidan taklif etilgan (1913). Bixeviorizm ilmiy asoslarining shakllanishiga V. M. Bexterev va I. P. Pavlovlarning ishlari katta taʼsir koʻrsatgan.
Bixeviorizm taʼlimotiga koʻra, odamda, u tugʻilgan vaqtda nisbatan oz (kam) sonli xulqning tugʻma tizimlari (nafas olish, yutish va sh. k.) mavjud boʻladi va keyinchalik shular ustiga ancha murakkabroq xulq jarayonlari qoʻshilib boradi. Muvaffaqiyatli reaksiyalar mustahkamlanib boradi va keyinchalik ham «effekt qonuni»ning qayta tiklanishi anʼanasiga ega boʻladi. Reaksiyalarning mustahkamlanib borishi «mashklar qonuniga» boʻysunadi, yaʼni bir xil stimullarga javoban bir xil reaksiyalarning qaytaqayta takrorlanaverishi natijasida bu reaksiyalar oʻz-oʻzidan yuzaga chiqaveradigan boʻlib qoladi.
Bixeviorizm 20-a. ning 20-y. larida yuksak darajada rivojlandi. Bixeviorizm atamasi va tadqiqot metodikalarining asosiy gʻoyalari antropologiya, sotsiologiya va ped. ga ham tatbiq etildi. Xulqni oʻrganish borasida bir-biri bilan bogʻliq bu fanlar Amerikada bixevioral fanlar deb ataladigan umumiy nom olgan. Hozir koʻp hollarda Bixeviorizm gʻoyalari saqlanib qolgan, 2-jahon urushidan keyin Bixeviorizm anʼanalari qator tadqiqotlar, shuningdek dasturli taʼlim (Skinner) deb nomlangan amerika konsepsiyalarida davom ettirilgan.
Hoz. zamon psixologiyasida Bixeviorizm jiddiy tanqid ham qilinadi. Buning sababi Bixeviorizmda ong, tafakkur, iroda va sh. k. asosiy tushunchalar psixologiyadan chetlashtiriladi, psixikaning ijtimoiylik tabiati inkor qilinadi va shularning oqibatida inson xulqi soddalashtirilib yuboriladi.