BUXORO XONLIGI

BUXORO XONLIGI (amirligi) — uzbek davlatchiligi tizimidagi xonliklardan biri (16—20-a. boshlari). 1533-y. gacha mamlakat markazi Samarqand boʻlgan. Ubaydullaxon davrida (1533—39) poytaxt Buxoroga koʻchirilgan va xonlik Buxoro xonligi nomini olgan. 1510-y. Marv yonida Shayboniyxon shoh Ismoil I Safaviy qoʻshinlaridan yengilib halok boʻlgandan keyin Movarounnaxr temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur qoʻliga oʻtadi. Lekin, koʻp oʻtmay shayboniylar yana Movarounnahrni egallaganlar. Shu vaqtdan boshlab Movarounnaxr butunlay shayboniylarga tobe boʻlgan. Oʻsha vaqtlarda xonlikka hoz. Uzbekiston va Tojikistonning katta qismi, Balx va Badaxshon kirgan. Ubaydullaxon vafotidan keyin Buxoro xonligi mayda boʻlaklarga boʻlinib ketgan. Buxoroda Ubaydullaxonning oʻgʻli Abdulazizxon, Samarqandda esa Koʻchkunchixonning oʻgʻli Abdullatifxon mustaqillik eʼlon qilgan. Balx va Badaxshonda shayboniylardan Pirmuhammadxon mustaqil hukmronlik qilgan. Shu yillari shayboniy sultonlari va mahalliy mulqdorlarning hokimiyat uchun kurashi kuchaygan. Toshkent va Turkistonda Navroʻz Ahmadxon (Baroqxon), Karmana va Miyonqolda Iskandarxon, Balxda Pirmuhammadxon va b. kichikkichik hukmdorlar mustaqil boʻlib olganlar. 1551—56 y. larda shayboniylar oʻrtasidagi Movarounnaxr uchun kurashda Iskandarxonning oʻgʻli Abdullaxon gʻolib chiqib, Buxoro xonligida oʻz hokimiyatini oʻrnatgan. 1557-y. dan boshlab Buxoro uzilkesil xonlik poytaxtiga aylangan. Iskandarxon (1563—83) va uning oʻgʻli Abdullaxon II davrida Buxoro xonligining siyosiy mavqei ortgan. Abdullaxon II Balx (1573), Samarqand (1578), Toshkent (1582), Fargʻona (1583), Badaxshon (1584), Koʻlob (1585), Xuroson (1588), Xorazm (1595—96) ustidan oʻz hukmronligini oʻrnatgan; markaziy davlat boshqaruv devonini mustahkamlagan. Shunday qilib 16-a. oxiriga kelib Buxoro xonligi markazlashgan ulkan davlatga aylangan. Sharqda Qashqar b-n chegaradosh boʻlgan, gʻarbiy chekkasi Orol va Kaspiy dengizi sohillarigacha borib tutashgan. Xonlikning shim. dagi chegaralari Turkiston va Sayramgacha yetib, jan. da Xurosonning sharqiy qismini oʻz ichiga olgan. Shayboniylar hukmronligi yillarida, ayniqsa Abdullaxon II zamonida Buxoro xonligida dehqonchilik, hunarmandchilik, savdosotiq rivojlangan, madaniy hayot ancha yuksalgan. Juda kup sugʻorish inshootlari: Abdullaxon bandы, Tuyatortar kanali, Oqchopsoy toʻgʻoni va suv ombori, Vaxshdan chiqarilgan koʻplab ariqdarning qurilishi dehqonchilikni rivojlantirdi. Bu vaqtlarda Buxoro xonligida bugʻdoyning 10 xil turi, suli, qoʻnoq, joʻxori, mosh, noʻxat, makkajoʻxori, loviya, sholi, paxta, kunjut, beda, arpa, sabzavot va poliz ekinlari ekilgan, bogʻdorchilik, chorvachilik va ipakchilik rivojlangan. Samarqand, Buxoro, Margʻilon, Xoʻjand, Andijon, Toshkent, Jizzax, Oʻratepa, Shaxrisabz va b. yirik shaharlarda hunarmandchilik taraqkiy qilgan. Samarqand qozi kalonining hujjatlaridan maʼlum boʻlishicha, 16-a. da Samarqandda hunarning 61 turi mavjud boʻlgan. Movarounnaholik kosiblar zoʻr sanʼat bilan turlituman metall buyumlar, ip va ipak matolar, aʼlo navli qogʻozlar ishlab chiqarganlar. Buxoro sh. bir muncha kengaytirilgan, devor va harbiy istehkomlar qaytadan qurilgan. Shaharda madrasalar, xonaqoh va karvonsaroylar, yangi rastalar barpo qilingan. Shaharlar oʻrtasidagi savdo yoʻllarida tim (Abdullaxon timi), koʻchalar chorrahasi ustiga gumbaztoqlar, hammomlar, karvon yoʻllarida sardobalar, karvonsaroylar, koʻpriklar qurilgan. Shayboniylar zamonida Buxoro xonligi ningHindiston, Turkiya, Rossiya bilan savdo va diplomatik munosabatlari rivojlangan. Tarixiy manbalardan maʼlum boʻlishicha, 1572—78 y. lari Hindistonda Buxoro xonining elchilari, Buxoroda esa Hindiston podshohi Akbarntt elchilari boʻlgan. Abdullaxon davrida boshlangan ichki siyosiy nizolar natijasida 1598-y. da Abdullaxonning oʻzi va shu yilda uning oʻgʻli Abdulmoʻmin oʻldirilgan. Taxtga Pirmuhammadxon II chiqqan. Ammo uning hukmronligi ham uzoqqa bormay, 1601-y. taxtdan agʻdarilgan. Shu bilan qariyb 100-y. hukm surgan shayboniylar sulolasi barham topib, Movarounnaxrda Joʻjixon naslidan boʻlgan ashtarxonjlar (joniylar) sulolasi hukmronligi boshlangan.

Ashtarxoniylar davrida xonlikda siyosiy nizo va beboshliklar deyarli toʻxtamagan. Dastlab asli ashtarxonlik, Buxoroda qoʻnim topgan shahzoda Jonibekning oʻgʻli Boqi Muhammad (1601 — 05), soʻngra uning ukasi Vali Muhammad (1605—11) taxtga oʻtqazilgan. Imomqulixon davrida (1611—42) qozoq biylari va b. koʻchmanchilarning Buxoro xonligi yer lari ga talonchilik yurishlari kuchaygan. Chunonchi Imomqulixon 1612-y. Toshkentni egallab, oʻgʻli Iskandarni hokim etib tayinlaydi, ammo shaharda qoʻzgʻolon koʻtarilib Iskandar oʻddiriladi. Imomqulixon Toshkent aholisini shafqatsiz qirgʻin qilib shaharni yana xonlikka qoʻshib oladi. Uning davrida xonlik ancha mustahkamlanadi. Imomqulixon koʻr boʻlib qolgach, taxtni egallagan ukasi Nadr Muhammadxon (1642—45) ham shafqatsizligi va zolimligi bilan norozilik chiqaradi. Natijada muxolif kuchlar tazyiqi bilan taxtdan voz kechadi. Hokimiyat uning oʻgʻli Abdulaziz II (1645 — 81) qoʻliga oʻtadi. U markaziy hokimiyatni mustahkamlashga harakat qiladi, lekin tobora kuchayib borayotgan tarqrqlikni bartaraf qilolmaydi. Bu vaqtda Eron shohi Abbos /Balxni egallaydi, keyinroq Balx Erondan qaytarib olingan. Abdulaziz II bilan uning ukasi Subhonqulixon oʻrtasida hokimiyatuchun kurash boshlanadi. Ashtarxoniylar hukmronligi yillarida Xiva xoni Abulgʻoziy Bahodirxon va undan keyin oʻgʻli Anushaxon Buxoro va Samarqand atrofiga tez-tez hujum qilib turgan. Taxtni egallab olgan Subhonqulixon (1681 — 1702) oʻz raqiblariga qarshi shafqatsiz kurashgan. U Balx va Xurosonga harbiy yurishlar qilgan. Uning oʻgʻli Ubaydullaxon (1702—11) hukmronligi davrida Balx, Termiz, Shahrisabz hokimlari mustaqil boʻlib olishga harakat qilganlar. Xon ularga qarshi harbiy yurishlar qilishga majbur boʻlgan. Samarqand va Hisorda bosh koʻtargan qabilalarga qarshi qoʻshin yuborgan. Oʻzaro betoʻxtov urushlar, harbiy yurishlardan keyin xazina boʻshab, iqtisodiy ahvol mushkullashgan. 1708 — 09 y. larda oʻtkazilgan pul islohoti natijasida pul qiymati toʻrt marta tushib ketgan. Islohotdan zarar koʻrgan aholi gʻalayon koʻtargan, biroq qoʻzgʻolon shafqatsizlarcha bostirilgan. Xonlikda siyosiy va iqtisodiy ahvolning yomonlashishi ichki ziddiyatlarni kuchaytirib yuboradi. Ayrim nufuzli amirlar uyushtirgan fitna natijasida Ubaydullaxon 1711-y. da oʻldiriladi. Taxtga marhum xonning ukasi Abulfayzxon (1711—47) nomigagina xon qilib oʻtqaziladi. Hokimiyatdagi muhim lavozimlar nufuzli amirlar qoʻliga oʻtib qoladi. Markaziy hokimiyat zaiflashgach, 1711-y. da Balx, 1723-y. da Samarqand viloyati B. x. dan ajralib chiqadi. 1720-y. larda Toshkent viloyatini qalmoqlar bosib oladi. Shu asnoda Xiva xoni Shergʻozixon ham Buxoro xonligiga daʼvogar boʻladi, ammo uning harakatlari samarasiz yakunlanadi. 1723-y. da qalmoqlar qozoq dashtlariga bostirib kirib qozoqlarni Movarounnahrga qochishga majbur qilgan. Qozoqlar chorva mollari bilan Zarafshon vodiysiga kirib bogʻ va ekinzorlarni payhon qilganlar. Buxoro xonligida iqtisodiy va siyosiy tanglik kuchaya borib xonlik tanazzulga yuz tutgan. Movarounnahr parchalanib, uchta xonlikka (Buxoro, Qoʻqon va Xiva) boʻlinib ketgan. Bundan foydalangan Eron hukmdori Nodirshox 1740-y. bahorida Balxni egalladi va oʻsha yili kuzda katta qoʻshin bilan Amudaryodan oʻtib Buxoro xonligini boʻysundiradi. U mangʻit qabilasidan boʻlgan Muhammad Hakim otaliqni ishonchli vakili sifatida taxtga oʻtqazadi. Abulfayzxonning nufuzi pasayib ketadi. Xonlik Nodirshohning oʻlimidan keyin (1747) Eronga tobeliqdan qutulib, oʻz mustaqilligini tikladi. 1747-y. da otasi oʻrniga otaliq tayinlangan Muhammad Raxim boshliq fitnachilar Abulfayzxonni oʻldirdilar. Bundan norozi boʻlgan viloyat hokimlari isyon koʻtardilar. Qoʻzgʻolonlar shafqatsiz bostirilgach, Muhammad Rahim arkoni davlat va ruhoniylar fatvosi bilan 1753-y. da Buxoro taxtini egalladi va oʻzini «amir» deb eʼlon qildi. Shundan keyin ashtarxoniylar sulolasi barham topib mangʻitlar sulolasi hukmronligi boshlandi.

Buxoro amirligi. Muhammad Rahim vaqtida (1753—58) Buxoro amirligiga qarashli yerlar ancha qisqargan. Uning tarkibiga Buxoro, Samarqand, Miyonqol, Karmana, Qarshi, Gʻuzor, Karki, Chorjoʻy, Shahrisabz viloyatlari kirib, Toshkent va Fargʻona viloyatlari xonlik tasarrufidan chiqib ketgan. Doniyolbiy otaliq vaqtida (1758—85) ham oʻzaro urushlar davom etib, Karmana, Oʻratepa, Nurota, Sherobod, Boysun va b. joylarda mahalliy kuchlar bosh koʻtarib, poytaxt izmidan chiqishga harakat qilganlar. Doniyolbiyning katta oʻgʻli Shohmurod hukmronligi davri (1785 — 1800)da Doniyolbiy joriy etgan soliqlardan bir qanchasi bekor qilindi, iqtisodiy hayot birmuncha yaxshilandi. Ruhoniylarning mavqei oshdi. Mangʻitlar sulolasi markaziy hokimiyatni mustahkamlashga qanchalik urinmasin, viloyat hokimlarining mustaqillikka intilishi davom etaverdi. Ayniqsa Buxoroga muxolif boʻlgan Shahrisabz va Kitob beklari bilan kurash shiddatli boʻddi. Faqat 1853-y. dagina bu bekliklarni Buxoroga boʻysundirishga muvaffaq boʻlindi. Amir Haydar davri (1800—26) ham ichki va tashki urushlardan xoli boʻlmadi. Ayniqsa Oʻratepa bir necha marta qoʻldanqoʻlga oʻtib turdi. 19-a. 1choragida Buxoro bilan Xiva va Qoʻqon xonliklari oʻrtasida Oʻrta Osiyoda ustunlikka erishish uchun qirgʻinbarot va talontaroj urushlari boʻldi. Toshkent, Turkiston, Chimkent va ularning atrofi Qoʻqon xonligi tasarrufiga oʻtdi. 1825-y. da Xiva xonligi Buxoroga qarashli Marvni egalladi. Toʻxtovsiz urushlar, soliqlar miqdorining ortishi qoʻzgʻolonlarga, jumladan 1821 — 25 y. larda Buxoro va Samarqand oraligʻida istiqomat qiluvchi xitoyqipchoq qabilalari qoʻzgʻoloniga sabab boʻldi (q. Miyonqol koʻzyuloni). Amir Haydarning vorisi Nasrullaxon (1827—60) amirlik yerlarini kengaytirishga muvaffaq boʻldi. U taxtga daʼvogar boʻlish mumkin boʻlgan barcha shaxslarni qirib tashladi. Nasrullaxon 1839, 1841 va 1858-y. larda Qoʻqon xonligiga bostirib kelib, aholini qirgʻin qildi va boyliklarini taladi. 1842 va 1843-y. larda Buxoro b-n Xiva xonliklari oʻrtasida harbiy toʻqnashuvlar boʻldi.

Podsho Rossiyasi Oʻrta Osiyoni mol sotish bozori, xom ashyo manbai deb bilar edi. 1866-y. rus qoʻshinlari Buxoro amirligi chegaralariga bostirib kirdi va Xoʻjand (24 may), Oʻratepa (2 okt.), Jizzax (18 okt.) shaharlarini ishgʻol qildi. Istilo etilgan yerlarni boshqarish uchun 1867-y. Turkiston generalgubernatbrligi tashkil etildi. 1868-y. 2-may kuni general Kaufman boshchiligidagi rus qoʻshinlari Samarqandni ishgʻol qildi. Iyun oy i da Buxoro amiri Muzaffar qoʻshinlariga Zirabuloq yaqinida soʻnggi qatʼiy zarba beriddi. Amir generalgubernatorga murojaat qilib, sulh tuzishni soʻradi. 1868-y. 23-iyunida ikki oʻrtada shartnoma imzolandi. Rus qoʻshinlari bosib olgan yerlar podsho Rossiyasi ixtiyoriga oʻtdi; Buxoro amirligi mustaqil tashqi siyosat yurgizishdan mahrum boʻldi; amir rus podshosiga 500 ming soʻm tovon toʻladi. 1873-y. 28 sent. da mazkur shartnomaga qoʻshimchalar kiritilib, amirlikning Rossiyaga qaramligi yanada kuchaydi. Natijada amirlik yerlarining uchdan bir qismi podsho Rossiyasi ixtiyoriga oʻtdi; Xoʻjand, Oʻratepa, Panjikent, Samarqand va Kattaqoʻrgʻon sh. laridan tortib Zirabuloqqacha boʻlgan yerlar, Sharqiy Buxoroda esa Shugʻnon, Vohon, Roʻshon viloyatlari, ayniqsa Zarafshon daryosi yuqori havzasining qoʻldan ketishi amirlikdagi xalqlarni asosiy hayot manbai — suvdan mahrum etdi, bu hol Buxoro amirligini Rossiyaga iqgisodiy jihatdan qaramligini yanada oshirdi.

Buxoro amiri huquqiy jihatdan mustaqil hukmdor sanalsa ham, haqiqatda rus podshosiga qaram edi. Amir va uning amaldorlariga qarshi xalq harakatlari podsho Rossiyasi qoʻshinlari yordamida bostirilar edi. Amir Abdulaxad rus podshosining generaladyutanti hisoblangan. Uning davrida rus maʼmurlari amirlikda katta imtiyozlarga ega boʻlgan. Amirlik yerlaridan oʻtgan t. y. boʻylariga rus aholisi keltirilib joylashtirildi. BuxoroAfgoniston chegarasining muhofazasi bilan ham rus qoʻshinlari shugʻullangan. Buxoro amirligining podsho Rossiyasiga tobeligi amir Olimxon zamonida (1910—20) yanada ortdi. Amirlikda yettita rus xususiy bankining shuʼbasi ish olib borardi. 1-jahon urushi boshlanishi bilan amirlik aholisining ahvoli yanada ogʻirlashdi. Xuddi shu davrga kelib jadidlik harakati asosida yosh buxoroliklar partiyasi faoliyati kuchaydi. 1917-y. Fevral inqilobi munosabati bilan bu partiya amirlikni podsho Rossiyasi boʻyinturugʻidan qutqazish, baʼzi islohotlar oʻtkazish ishiga kirishdi. Yosh buxoroliklar rus bolsheviklari b-n hamkorlikda 1918-y. martida amir hukumatini agʻdarishga urindilar. Ammo bu harakat muvaffaqiyatsizlikka uchradi. 1920-y. 2 sent. da Buxoro bosqini natijasida amirlik tugatildi.

Buxoro xonligida davlatni boshqarish boshqa xonliklardan deyarli farq qilmagan. 16—17-a. larda otaliq lavozimidagi shaxs xonning oʻng qoʻli hisoblanib, u butun mamlakatni boshqargan. Naqib harbiy ishlar va tashqi siyosat b-n shugʻullangan. Vaqf yerlarni nazorat qilish sadrlar zimmasiga yuklatilgan. Shuningdek, qoʻshin uchun alohida qozi (qoziaskar) tayinlangan. Qonunshunoslikka va umuman shariatga doir muhim masalani yechish va hayotga tatbiq etish alam zimmasida boʻlgan. Devonbegi otaliq mansabidan keyin turgan. U urush va sulh ishlari, ayrim viloyat boshliqlarini tayinlash va b. masalalar bilan shugʻullangan. Larvonachi xon yorliqlarini topshirish va harbiy qismlarga boshchilik qilish kabi vazifalarni ado etgan. Shuningdek, xonlikda yasovul, eshikogʻaboshi, miroxur, shigʻovul, amiri lashkar, toʻpchiboshi, mirzaboshi, xazinachi, mehtar, mirob, kushbegi va b. lavozimlar bor edi. Mangʻitlar sulolasi davrida ham mustabid hokimiyat shakli mavjud boʻlib, amir huquqi chegaralanmagan oliy hukmdor edi. Ijro etuvchi hokimiyatni bosh vazir — qushbegi boshqargan. U xon bilan bamaslahat ish yuritgan. Jamiyat hayoti shariat qonunlariga asoslangan. Mamlakat murakkab davlat apparati orqali idora qilingan. Maye, moliya ishlari devonbegiyi kalonga, davlat xavfsizligi koʻkaltoshga, ichki tartibni saqlash va nazorat qilib turish raisp topshirilgan. Buxoro qozi kaloni huzurida aʼlam va 12 muftiyayan iborat rivoyatlar tuzuvchi muftiylar devoni boʻlgan. Amirlikda musulmon ruhoniylari yuqori mavqega ega edi. Ular katta yerlarga egalik qilardi. Shayxulislom bosh ruhoniy va adliya ishlarining sardori hisoblangan. U jamiyat maʼnaviy hayotini boshqargan. Sud hokimiyati ruhoniylar qoʻlida boʻlgan. Barcha qozilar qozi kalonga boʻysungan. Davlat boshqaruvida u yoki bu lavozim vazifasiga qarab oʻzgarib turgan. Xonlikda oʻrtaasrchilik boshqaruv tizimining uzoq saqlanishi taraqqiyot va qoʻshin kuchqudratiga salbiy taʼsir koʻrsatgan. Qoʻshinda dastlab misdan, 19-a. boshlarida choʻyandan quyilgan bir necha toʻp boʻlgan. Sarbozlar oʻqyoy, nayza, qilich, oybolta kabi ibtidoiy qurollar bilan qurollangan. Xonlikda qoʻshin asosan otliklardan tashkil topgan. 18-a. oxiridagi maʼlumotga koʻra, xon 10 ming kishilik qoʻshin toʻplash imkoniga ega boʻlgan. 19-a. 30-y. larida yollanma askarlar soni 19 ming kishi boʻlib, ular xizmatini turli shahar va harbiy istehkomlarda oʻtaganlar. 19-a. oʻrtalarida harbiy qismlar, shuningdek toʻp va miltiqlar soni ortgan. Umumiy qoʻmondonlik amiri lashkar zimmasida boʻlgan. Umuman xonlikda qoʻshin har jihatdan zamon talabidan ancha orqada edi.

Mamlakat iqtisodiy hayotida dehqonchilik, xunarmandchilik, ichki va tashqi savdo asosiy oʻrinni egallagan. Ichki nizolar boʻlib turishiga karamay iqtisodiyotning bu sohalari rivojlanishda davom etdi. Dehqonchilik sugʻorish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan. Sugʻorish tarmoqlari Zarafshon va Amudaryodan chiqarilgan. Abdullaxon II ning 1583-y. da Nurota togʻlari shim. yon bagʻirlaridagi Eski Oqchob qishlogʻi yaqinida qurdirgan suv ombori qoddiqlari hozirgacha saqlangan. Shuningdek, Zarafshon daryosida Puli Karmana, Puli Mehtar Qosim va Puli Chahorminor kabi suv taqsimlagichlar qurilgan. Zarafshondan Jizzaxga Tuyatortar arigʻi chiqarilgan. Sugʻorish tarmoqlari amir Shohmurod va amir Haydar davrlarida ham ancha koʻpaydi, koʻchmanchilarning oʻtroqlashuvi kuchaydi.

Xonlikda yer egaligining asosan 3 turi — amlok (amir . boshchiligidagi mulkdorlar guruhi ixtiyoridagi yerlar), mulk (xususiy yer egalariga qarashli) va vaqf (musulmon ruhrniylari, Madrasa, masjid va mozorlarga qarashli) yerlari mavjud boʻlgan. Xonlikda dehqonlar yerni asosan, ijaraga olib ishlar edi. Soliq turi va toʻlovlarning koʻpligidan, begor majburiyatidan bezor boʻlgan mehnatkash xalq tez-tez gʻalayon qilib turardi. Dehqonchilikda asosan gʻalla, paxta ekilgan. Ipakchilik koʻproq Zarafshon vodiysida rivojlaigan. Chorvachilikda ot, tuya, qoramol, qoʻy boqilgan. Hunarmandchilikning koʻp turlari ravnaq topgan. Xususan, toʻqimachilik, tikuvchilik, misgarlik, zargarlik buyumlari xonlikdan tashqarida ham xaridorgir boʻlgan. Shahar va yirik qishloklar aholisining talay qismini hunarmandlar tashkil etar edi. Toʻqimachilik mahsulotlari Yaqin Sharq (mas, Zandana qishlogʻida toʻqilgan zandaniychi matosi butun Sharqda mashhur boʻlgan) mamlakatlariga chiqarilgan. Hayotni tebratuvchi bu ikki yoʻnalish ichki va tashqi savdo takdirini ham belgilagan. Dehqonchilik va hunarmandchilik mahsulotlari ichki va tashqi bozor talablarini qondirib turgan. Xonliklar oʻrtasida savdo uzluksiz davom etgan. Ayniqsa Buxoro sh. Oʻrta Osiyoning eng yirik savdo markazi sifatida mashhur boʻlib, koʻplab karvonsaroylarga va savdo rastalariga ega boʻlgan.

Buxoro islom dini markazlaridan biri sifatida mashhur edi: Abdulazizxon va Abdullaxon saroyida badiiy bezakli nodir asarlar toʻplangan kutubxona mavjud boʻlgan. Bu yerda mohir xattotlar va miniatyurachi rassomlar ishlab, qoʻlyozma, adabiyot, tarix va b. fanlar sohasida yaratilgan asarlarni koʻchirish, bezash va kitob holiga keltirish bilan mashgʻul boʻlganlar.

Madaniyati. Shayboniylardavrida, ayniqsa ulardan Ubaydullaxon va Abdullaxon II hukmronlik qilgan yillarda Buxoro xonligi iktisodiy va madaniy hayotida birmuncha oʻzgarishlar roʻy berdi. Hunarmandchilik taraqqiy etdi: temir va choʻyan quyish, qurolyarogʻ, mis va jez idishlar yasash, toʻqimachilik, qogʻoz, sovun i. ch. yoʻlga qoʻyildi. Adabiyot, tarix, tarjimonlik, lugʻatchilik, meʼmorlik, naqqoshlik, tasviriy sanʼat va b. ravnaq topdi: «Muzakkir ulahbob» (Hasanxoja Nisoriy), «Tazkirat ushshuaro» (Mutribiy), «Shayboniynoma» (Muhammad Solih), «Zubdat ulasror» (Abdulla ibn Muhammad), «Abdullanoma» (Hofiz Tanish Buxoriy), «Badoeʼ ulvaqoeʼ» (Zayniddin Vosifiy) kabi yirik adabiy va tarixiy asarlar yaratildi, lugʻatlar tuzildi (Amin Ahmad Roziy — «Haft iklim» va b.), Rashiduddin Fazlulloh («Jomeʼ attavorix») va Sharafiddin Ali Yazdiy («Zafarnoma»)ning tarixiy asarlari uzbek tiliga tarjima qilindi. Musiqa, xattotlik (Kavkabiy Najmiddin Buxoriy, Mir Ali Hiraviy, Ahmad Husayniy, Mir Husayn alHusayniy, Sulton Ali Mashhadiy, Doʻstmuhammad Buxoriy, Mahmud ibn Isʼhoq ashShihobiy va b.) yuqori darajada rivojlandi. Tasviriy sanʼat yuksalib, Buxoro miniatyura maktabi vujudga keldi. Kutubxonachilik (Abdulazizxon, Abdullaxon II kutubxonalari va b.), kitob bezash va muqovachilik rivojlandi. Tibbiyot ilmi taraqqiy etdi (Muhammad Husayn ibn alMiroqiy Samarqandiy, Shoh Ali ibn Sulaymon, Sulton Ali va b.), yirik shaharlarda shifoxona (dor ushshifo)lar tashkil qilindi. Bu davrda meʼmorlik yuksak darajaga koʻtarildi — Shayboniyxon madrasasi, Mir Arab madrasasi, Abdullaxon madrasasi, Koʻkaldosh madrasasi va b., Masjidi kalon va b. Govkushon majmuasi va b. karvonsaroylar, Timi kalon va b. rastalar, Abdullaxon bandi, Zarafshon suv ayirgʻichi va b. koʻprik va suv omborlari qurildi, ariq, kanallar qazildi, sardoba va hammomlar solindi, Buxoro sh. yangi mudofaa devori bilan oʻraldi. Qabr toshi (Shayboniyxon, Abusaidxon qabr toshlari va b.) yasash badiiy darajaga yetdi. Taʼlimtarbiyaga eʼtibor kuchaydi, har bir mahallada maktab ochildi, baʼzi xonadonlarda uy taʼlimi joriy etildi. Bolalar olti yoshdan oʻqishga qabul qili»Nadigan boʻldi. Madrasalarda ilohiyotdan tashqari riyoziyot, faroiz, handasa, fiqh, sheʼr sanʼati, mantiq, musiqa, xattotlik va b. fanlar oʻqitildi.

Ashtarxoniylar davridagi muttasil urush harakatlari madaniy hayot taraqqiyotiga katta toʻsqin boʻldi. Diniy zoʻravonlik kuchaydi, dunyoviy fanlar oʻrnini islom aqidalari egallay boshladi. Lekin shunga qaramay adabiyot, sanʼat va b. sohalarda bir qancha isteʼdodli olimlar (musiqada Darvishali Changiy va b.) yetishib chiqdi. Adabiy, tarixiy asarlar — «Hayvonnoma» (Sayd Nasafiy). «Bahr ulasror» (Mahmud ibn Vali), «Ubaydullanoma» (Muhammad Amin Buxoriy), «Tarixi Abulfayzxon» (Abdurrahmon Toleʼ), «Muhit uttavorix» (Muhammadamin ibn Muhammadzamon Buxoriy), «Subhonqulixon toʻgʻrisida hajviya» (Turdi) va b. Tibbiyot va meʼmorlik bir oz taraqqiy etdi: ashtarxoniylardan Subhonqulixon Buxoroda maxsus shifoxona hamda tibbiyot kutubxonasi qurdirdi. Hashamatli binolar (Sherdor madrasasi, Tillakori madrasasi, Abdulazizxon madrasasi, Nodir devonbegi madrasasi, Bolohovuz masjidi va b.) bunyod etildi. Maktab va madrasalarda asosan diniy fanlar, qisman adabiyot (Navoiy, Fuzuliy, Hofiz, Bedil va b.) oʻqitildi.

Mangʻitlar hukmronligi davrida madaniy hayot past darajada boʻlib, hukmron tabaqalar xalqni jaholatda saqlashga harakat qilar, badiiy ijodda madhiyabozlik va tarkidunyochilik mavzui hukmron edi. 18-a. 2-yarmi va 20-a. boshlarida «Tuhfai xoniy» (Muhammad Vafo Karminagiy), «Toj uttavorix» (Muhammad Sharif), «Fathnomai sultoniy» (Muhammad Mirolim Buxoriy), «Mangʻit xonlari tarixi» (Mirzo Abdulazim Somiy), «Navodir ulvaqoeʼ», «Tarjimai ahvoli amironi Buxoro» (Ahmad Donish) kabi tarixiybadiiy asarlar yaratildi. «Toʻtinoma», «Chor darvesh», «Yusuf va Zulayho», «Tohir va Zuhra», «Boʻz oʻgʻlon», «Yusuf va Ahmad», «Goʻroʻgʻli» turkumidagi dostonlar xalq orasida keng tarqaldi. Xalq sanʼati turlari — qiziqchilik, fonus xayol, dorbozlik va b. taraqqiy etdi, musiqa ommaviy sanʼatga aylandi, tasviriy sanʼat rivojlandi (Abdulxoliq Maxdum va b.). Yirik inshootlar — Shayx Jalol darvozasi va xonaqohi (18-a. 2-yarmi), Domullo Tursunjon madrasasi (1796— 97), Xalifa Xudoydod ansambli (1777— 1855), Chorminor (1807), Amir madrasasi (20-a. boshlari), Sitorai Mohi Xosa (19 — 20-a. boshlari) va b. qurildi., B. x. Rossiya vassaliga aylantirilgach, qulchilik tugatildi, kasalxona, dorixonalar, yangi usuldagi rustuzem maktablari ochildi, Kattaqoʻrgʻondan Buxoroga telegraf oʻtkazildi, Buxoro t. y. va Amudaryoga temir koʻprik qurildi. Meʼmorlikda millim va yevropacha uslublar uygʻunlashib ketdi: mas, 1888-y. qurilgan Yangi Buxoro (hoz. Kogon) dagi savdo va bank muassasalarining binolari, amirning yangi saroyi, Buxorodagi t. y. vokzali va b.

/4y..Hofiz Tanish Buxoriy, Abdullanoma, 1—2 j. lar, T., 1999, 2000; Mir Muxammad Amini Buxari, Ubaydullaname, T., 1957; Abduraxman Tali, Istoriya Abulfeyzxana, T., 1959; Mirza AbdalAzim Sami, Tarixsalatini mangitiyai Buxara, M., 1962; Oʻzbekistonning yangi tarixi. 1kitob. Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida, T., 2000; Oʻzbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1qism, T., 2000.

Hamid Ziyoyev.


Lotin alifbosida maqola: BUXORO XONLIGI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: B harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



BOBUR
AMIR TEMUR
BUXORO VILOYATI
ALISHER NAVOIY
AFGʻONISTON


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты