BANDLIK

BANDLIK, aholini ish bilan taʼminlash — mehnatga layoqatli aholining ijtimoiy foydali mehnat b-n mashgʻul boʻlishi; fuqarolarning shaxsiy va ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish bilan bogʻliq boʻlgan va qonunlarga zid kelmaydigan, mehnat daromadi beradigan faoliyati. Bandlik xodimni ijtimoiy mehnat taqsimotiga asoslangan aniq mehnat kooperatsiyasiga jalb etish boʻyicha kishilararo munosabatlarni ifoda etadi. Bandlik turli mulkchilik shakllaridagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda yollanib ishlash bilan cheklanmay, ayni paytda tadbirkorlikni, oʻzini ish bilan mustaqil taʼminlash (oʻzicha Bandlik)ni, shaxsiy tomorqa xoʻjaligidagi ishni, uy xoʻjaligida band boʻlish va bolalarni tarbiyalash b-n shugʻullanish, davlat va jamoat vazifalarini bajarishni, oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlarida kunduzgi oʻqishni ham oʻz ichiga oladi. Bandlik toʻliq va toʻliqsiz boʻlishi mumkin. Toʻliq Bandlik amalda «yalpi» B., mehnatga qobiliyatli aholining 90 — 92% band boʻlishini nazarda tutadi. Bozor sharoitlarida toʻliq Bandlik jamiyat darajasida tabiiy ishsizliknnng boʻlishini ham bildiradi. Toʻliq boʻlmagan Bandlik aksariyat hollarda yashirin koʻrinishga ega boʻlib, xodimlarni rasman band deb hisoblashni nazarda tutadi, amalda xodimlardan qisqartirilgan ish vaqti davrida foydalanishni anglatadi. Ikkilamchi Bandlik amalda oʻrindoshlik boʻlib, xodimning qoʻshimcha ish haqi topish uchun ish kuchini oʻzi asosiy band boʻlgan korxonaga (asosiy ishdan boʻsh vaqtlarda) taklif etishini bildiradi. Oʻzicha Bandlik (oʻziga ish topish) daromad manbai boʻladigan faoliyatni mustaqil izlashni, davlatning turli darajadagi idoralari qoʻllab-quvvatlashi yordamida doimiy yoki vaqtinchalik daromad olish uchun ish oʻrinlari barpo etishni nazarda tutadi. Oʻzicha Bandlik aksariyat hollarda kichik biznes koʻrinishiga ega boʻladi va xodimlarning oʻz tashabbuslari bilan turli isteʼmol tovarlari tayyorlash va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha yakka mehnat faoliyati bilan bogʻliq.

Toʻliq va samarali Bandlik tushunchalarini ham bir-biridan farqlamoq kerak. Toʻliq Bandlik ishga muhtoj boʻlganlar va ishlashni xohlaganlarning barchasi ish b-n taʼminlangan holatni bildirib, ish kuchiga boʻlgan talab bilan ish kuchi taklifi oʻrtasida muvozanat mavjudligini ifoda etadi. Samarali Bandlikni esa ikki nuqtayi nazardan: iqtisodiy nuqtayi nazardan — inson resursidan eng oqilona foydalanish, ijtimoiy nuqtayi nazardan — mehnatning inson manfaatlariga eng muvofiq kelishi jihatlaridan tavsiflash mumkin. Toʻliq Bandlik bandlikni miqdor jihatdan, samarali Bandlik esa sifat jihatdan tavsiflaydi. Mehnat bozorida talab va taklif oʻrtasidagi muvozanatning boʻlmasligi hamisha toʻliq va samarali Bandlikga sharoit qoldirmaydi. Agar taklif talabdan ortib ketsa, albatta ishsizlik paydo boʻladi, talab taklifdan va real ehtiyojlardan ortib ketgan sharoitlarda esa yashirin ishsizlik kelib chiqadi. Bandlik va ishsizlikni, ularni kerakli darajada saqlab turish maqsadlarida tartibga solishning asosiy mexanizmi bandlik xizmati ishini tashkil etish, kasbga tayyorlash va kasbga yoʻnaltirish hisoblanadi.

Oʻzbekistonda Bandlik muammolari katta eʼtiborni talab etadi, chunki respublikada murakkab demografik vaziyat mavjud, aholining tabiiy oʻsish surʼatlari yuqori, aholi tarkibida yoshlar koʻpchilikni tashkil etadi, aholining koʻp qismi qishloqlarda yashaydi. Oʻzbekistonda mehnatga layoqatli aholining 33,9% davlat sektori korxona va tashkilotlarida, 66,1% esa nodavlat sektori obyektlarida, jumladan xususiy xoʻjaliklarda (2,7%) ish bilan band (1998). Bozor iqtisodiyotiga oʻtish davrida mulkchilikning turli shakllari paydo boʻlishi tufayli nodavlat sektorida ishlovchilar soni ortib bormoqda. Ularning bandligi 1994 — 96 y. larda 12%ga ortdi. Mehnatga layoqatli aholining ish bilan band boʻlmagan qismi ishsizlarni tashkil etadi.

Aholi bandligini oshirish boʻyicha asosiy tadbirlar ish bilan band boʻlgan aholining tarkibiy jihatdan qayta taqsimlash hamda mehnatga layoqatli yoshlarni yangi ilgʻor tarmoqdar va sohalarga jalb qilish boʻlib, bu esa oʻz navbatida mehnat salohiyatidan samarali foydalanishning qudratli zaxirasi hisoblanadi. Oʻzbekiston q. x. da barcha ijtimoiy i. ch. xodimlarining uchdan bir qismidan koʻprogʻi band. Ularning maʼlum qismini boʻshatib olish va iqtisodiyotning boshqa sohalariga, eng avvalo, sanoatga va xizmat koʻrsatish sohasiga yoʻnaltirish, noqishloq xoʻjaligi ish joylarini yaratish, mehnatni tashkil etishning ilgʻor uslublarini qoʻllash, oʻsmirlarni, koʻp bolalik ayollarni, pensionerlarni va nogʻironlarni iqtisodiy ragʻbatlantiruvchi ish bilan taʼminlash, ishsizlikni kamaytirish, mehnat birjalari faoliyatini yaxshilash kabi tadbirlar aholining ish bilan bandligini oshirishga olib keladi. OʻzRda aholini ish bilan taʼminlash, insonni ishli boʻlish huquqlarini roʻyobga chiqarish kafolatlari OʻzRning «Aholini ish b-n taʼminlash toʻgʻrisida»gi Qonunida (1992-y. 13 yanv. ; 1998-y. 1-mayda yangi tahrirda qabul qilingan) belgilab berilgan.

Dilfuza Rahimova.


Lotin alifbosida maqola: BANDLIK haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: B harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



ALISHER NAVOIY
DAVLAT KAPITALIZMI
DAVLAT
AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI
BERUNIY


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты