AVTOMOBIL YOʻLI

AVTOMOBIL YOʻLI — avtomobil transporti qatnoviga moʻljallangan muhandislik inshooti. Avtomobil yoʻli ahamiyatiga qarab xalqaro, davlat (respublika) va mahalliy ahamiyatga ega boʻlgan yoʻllarga boʻlinadi. Xalqaro Avtomobil yoʻliga mamlakatlarni, yirik sanoat markazlarini bogʻlovchi va katta iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan yoʻllar kiradi. Davlat ahamiyatidagi yoʻllarga yirik sanoat markazlari, muhim t. y. stansiyalari, pristanlar va b. b-n bogʻlovchi yoʻllar, mahalliy yoʻllarga esa viloyat, qishloq, jamoa xoʻjaliklari yoʻllari kiradi. Avtomobil yoʻli muhandislik inshooti sifatida quyidagi elementlardan tashkil topadi: yer poyi koʻtarmasi; yoʻl toʻshamasi; qatnov qismi; yoʻl cheti; sunʼiy va chiziqli inshootlar va b. jihozlar. Avtomobil yoʻli tabiiy yoki tuproq koʻtarmasi, asos va qoplamalardan iborat. Asos (oʻrta qatlam) qum, shagʻal, tosh, shlak va sh. k. materiallardan qilinadi. Avtomobil yoʻlining ahamiyatiga qarab, quyidagi qoplama xillari ishlatiladi: a) yer sirtiga qumoq tuproq, shagʻal sochilgan past navli qoplamalar; b) qoramoy shimdirilgan shagʻal yoki maydalangan tosh yotqizilgan qoplamalar; v) maydalangan tosh va shagʻalga qoramoy aralashtirilgan yengil qoplamalar; g) asfalt-beton, sement-beton singari kapital qoplamalar. Yoʻllarning kengligi avtomobillarning ikki va undan ortiq qator boʻlib yurishiga imkon beradi. Bir qatorniig kengligi 3 m gacha olinadi. Chekka yoʻllarning eni 2 — 2,5 m boʻladi. Harakat qulayligini taʼminlash maqsadida baʼzan yoʻlning oʻrtasi maʼlum kenglikda koʻkalamzorlashtiriladi. Avtomobil yoʻli qurilishida sunʼiy inshootlar (tonnellar, koʻpriklar, tayanch devorlar, himoya yoʻlaklari) barpo etiladi. Avtomobil yoʻlida suv oʻtkazuvchi va drenaj qurilmalari boʻladi. Harakat xavfsizligini taʼminlash uchun yoʻl belgilari, koʻrsatkichlar, himoya vositalari va transport oqimini boshqarish qurilmalari oʻrnatiladi. Shuningdek, Avtomobil yoʻlida texnika xizmati koʻrsatuvchi st-yalar, yonilgʻi st-yalari va b. joylashadi.

Jahon standartlari boʻyicha Avtomobil yoʻli lari mamlakat umumiy transport tarmogʻidagi ahamiyati va hisobiy harakat jadalligiga koʻra besh toifaga boʻlinadi. Eng yuqori (I) toifadagi avtomobil yoʻlida har ikkala yoʻnalishda oʻrtacha sutkalik harakat jadalligi 7000 dan koʻproq avtomobilga, hisobiy tezlik 150 km/soatga, eng past toifadagi yoʻlda harakat jadalligi sutkasiga 100 ga yaqin avtomobilga va hisobiy tezlik 60 km/soatga moʻljallanadi. Xalq xoʻjaligida avtomagistrallarning ahamiyati katta. Jahondagi Avtomobil yoʻli larining umumiy uz. 20,8 mln. km (qattiq qoplamalilari 14 mln. km dan ortiq, 1990). Qattiq qoplamali Avtomobil yoʻli uzunligi (ming km) AQSHda 6243 (1986), Buyuk Britaniyada 356, Fransiyada 741, Germaniyada 496, Yaponiyada 782, Hindistonda 759 (1990).

20-a. boshida Oʻzbekistonda 27 ming km yoʻl boʻlib, asosan ot-arava, karvon va yoʻlovchilarga moʻljallangan, shundan faqat 2 ming km ga shagʻal yotqizilgan edi. 1920-y. ga qadar yoʻl ishlari bilan muntazam shugʻullanadigan davlat tashkiloti boʻlmagan. 1922-y. noyab. da Turkiston mahalliy transport boshqarmasi, 1925-y. iyunda viloyat yoʻl boshqarmalari tashkil etildi. Boshqarmalar viloyat yoʻl qurilishi va ulardan foydalanishga oid masalalar bilan shugʻullangan. 1932-y. dan yoʻl qurilishida bitum va shagʻal aralashmasi keng qoʻllanildi. 1928 — 32 y. larda respublikada birinchi boʻlib uz. 62 km boʻlgan qora qoplamali Buxoro — Gʻijduvon — Qiziltepa yoʻli, soʻngra Samarqand — Panjakent, Toshkent — Pskent — Murotali, Qoʻqon — Shoʻrsuv — Andijon — Kuyganyor va b. yoʻllar qurildi.

1929-y. da Respublika XKS huzurida yoʻllar va avtomobil transporti bosh boshqarmasi, 1930-y. da «Oʻzyoʻlqurilishtrest» aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi. 1941-y. gacha uz. 708 km boʻlgan Katta Oʻzbekiston trakti, hashar yoʻli bilan Toʻytepa — Angren, Samarqand — Jizzax — Navoiy, Fargʻona — Gorchakova kabi qoplamasi yaxshilangan yoʻllar qurildi. 1953-y. Oʻzbekiston Avtomobil transporti vazirligi hamda OʻzSSR MS huzuridagi yoʻllar bosh boshqarmasi negizida Oʻzbekiston Avtomobil transporti va tosh yoʻllar vazirligi tashkil etildi. 1950 — 55 y. larda Zarafshon A. y., 1957-y. Toshkent — Qoʻqon (Qamchiq dovoni orqali) Avtomobil yoʻli foydalanishga topshirildi (uz. 240 km). 1957-y. respublika avtomobil yoʻllari tarmoqlari roʻyxati oʻtkazildi.

60-80-y. larda Toshkent — Chinoz, Toshkent avtomobil halqa yoʻli, Samarqand halqa yoʻlining 1-navbati, Nurota — Boymurot — Oqtov, Qoʻqon aylanma yoʻllari va b. foydalanishga topshirildi. Yoʻl qurilishida yangi mashina va mexanizmlarni qoʻllash kengaydi, yoʻl qurish industriyasining asfalt-beton, koʻpriklar qurish uchun yigʻma temir-beton konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxonalari ishga tushirildi. 80-y. larning 2-yarmidan xalq xoʻjaligida yuklarning 90% dan koʻprogʻi avtomobil transportida tashildi.

Sobiq Ittifoq davrida Oʻzbekistonda qurilgan Avtomobil yoʻlilari xalqaro andozalar talablariga toʻliq javob bermagan.

Respublika mustaqillikka erishganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Islom Karimovning ichki va tashqi transport kommunikatsiyasi, jumladan avtomobil yoʻllarini zamonaviy asosda rivojlantirish konsepsiyasiga binoan Koʻshni davlatlar va Jahon okeaniga chiqishni taʼminlaydigai eng qisqa va ishonchli transport yoʻllarini barpo etish, mavjud avtomobil yoʻllarini xalqaro andozalarga moslash. yoʻllarni saqlash va taʼmirlash, yangi barpo etilayotgan sanoat markazlarini xalqaro magistrallar bilan bogʻlaydigan yoʻllar qurilishi masalalariga eʼtibor kuchaydi. 1992-y. 3-iyulda «Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida» Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. 1993-y. fev. da Oʻzbekiston avtomobil yoʻllarini qurish va undan foydalanish davlat-aksiyadorlik konserni («Oʻzavtoyoʻl») ish boshladi (1969 — 1993-y. larda vazirlik). Konsern tarkibida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yoʻllari boshqarmalari, 154 tuman avtomobil yoʻllari boshqarmalari, 512 yoʻllarni asrash va ulardan foydalanish boʻlimlari, «Oʻzyoʻlloyiha» yoʻl va inshootlar qurish, qayta qurish va taʼmirlash loyiha-qidiruv in-ti, koʻprik temir-beton qurilmalari z-di va b. korxonalar bor.

Oʻzbekiston Xitoy va Pokistonga chiqish imkoniyatini beruvchi Andijon — Oʻsh — Ergashtom — Kashqar avtomobil yoʻlini ishga tushirishda qatnashmoqda (2000). Respublikaning oʻzida Fargʻona vodiysi bilan Toshkent vohasini Qamchiq dovoni (tonnel) orqali bogʻlaydigan yirik Avtomobil yoʻli hamda Qoʻngʻirot — Beynov avtomagistrali qurilishi jadal olib borilmoqda, umumiy uzunligi 1250 km dan ortiq boʻlgan Andijon—Toshkent—Nukus—Qoʻngʻirot avtomagistrali qurilishi loyihalashtirilmoqda (2000). Respublika rivojlangan yoʻl xoʻjaligi va zamonaviy talablarga javob beradigan xalqaro, respublika, mahalliy ahamiyatga ega boʻlgan avtomobil yoʻllariga ega. Mamlakatdagi avtomobil yoʻllarining jami uz. 146,4 ming kmdan ortiq. Umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllarining uz. 43,4 ming km, jumladan 3237 km xalqaro, 18767 km davlat (respublika), 21459 km mahalliy (viloyat) ahamiyatiga ega boʻlgan yoʻldir. Shuningdek respublika idoralar (korxona, jamoa xoʻjaliklari, xoʻjalik tashkilotlari)ga qarashli yoʻllar ham mavjud.

Oʻzbekistonda umumiy foydalanuvdagi jami yoʻllarning 95,6% iga qattiq qoplamalar yotqizilgan, jumladan sement-beton qoplamali yoʻllar 0,8% (336 km), asfalt-beton qoplamali yoʻllar 49,6% (21819 km), qora shagʻalli va qora qoplamali yoʻllar 40,6% (17796 km)ni tashkil etadi (1999). Respublikada 1864 km Avtomobil yoʻli 1-toifali yoʻlga kiradi.

Murodullo Abdullayev, Vohid Aʼzamov.


Lotin alifbosida maqola: AVTOMOBIL YOʻLI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: A harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI
BUYUK BRITANIYA
ANDIJON VILOYATI
AMIR TEMUR
AVTOMOBIL TRANSPORTI


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты