AZIMOV Jaloliddin Azimovich (1938.10.3, Andijon) — zoolog, Oʻzbekiston FA akad. (2000), biol. fanlari d-ri (1986), prof. (1988). Samarqand q. x. institutini bitirgan (1958). Oʻzbekiston veterinariya i. t. institutida (1964—69), Oʻzbekiston FA Zoologiya in-tida (1969—78) katta ilmiy xodim, Respublika parrandachilik ilmiy i. ch. laboratoriyasi direktorining oʻrinbosari (1978-89), ToshDU biol. va tuproqshunoslik f-ti prof. (1989-91), 1991-y. dan Oʻzbekiston FA Zoologiya in-ti direktori. Azimovning ilmiy ishlari Oʻzbekiston biogeotsenozlaridagi parazit organizmlar faunasi tarkibi, shakllanishi va biologik turlitumanlik evolyutsiyasiga bagʻishlangan. U parazit — xoʻjayin tizimi evolyutsiyasi omillari, turli umurtqalilar endoparazitlarining rivojlanishi va faunistik komplekslarning paydo boʻlish qonuniyatlarini aniqlagan.