AL-ASMO al-HUSNO (arab. – goʻzal ismlar) — Allohning ismlari boʻlib, mazmunan uning sifatlari, fazilatlarini ifodalaydi. Qurʼonda Allohni shu ismlar bilan yodga olish buyuriladi: «Allohning goʻzal ismlari bordir. Bas, Uni oʻsha ismlar bilan chorlanglar (yod etinglar), Uning ismlarida haqdan ogʻib (nooʻrin joylarda ularni qoʻllaydigan mushrik) kimsalarni tark qilinglar» («Aʼrof» surasi, 180-oyat); «Alloh, deb chorlangiz, yoki Rahmon — Mehribon, deb chorlangiz. Qanday chorlasangizlarda (joizdir). Zero, U zotning goʻzal ismlari bordir» («Al-isro» surasi, 110-oyat). Bu ismlar — 99 ta. Ular musulmon ilohiyotida muhim oʻrin tutadi. Alloh ismlari koʻp duolarda qoʻshib aytiladi. Soʻfiylar oʻz zikrlarida ham bu ismlarni kamolatga erishishning timsoli sifatida ishlatadilar. Allohni va uning ismlarini iloji boricha koʻproq eslab turish taqvodorlik namunasi hisoblanadi. Odatda tasbih donalari soni Alloh ismlari soni bilan tengdir. Al-Asmo Al-Husno al-H. dan duoxonlar tumorlar sifatida foydalanishadi. Musulmon ilohiy adabiyotida Alloh ismlarini talqin qiluvchi risolalar koʻp, ismlar roʻyxati duo toʻplamlaridan joy olgan. Nomlarning aksariyati Abdurahmon, Abdusamad («Allohning quli») kabi eng keng tarqalgan ismlarning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Qurʼoni Karimning «Hashr» surasida (22—24-oyatlar) «Alloh goʻzal ismlari»ning qisqa roʻyxati bor: ar-Rahmon, ar-Rahim, al-Malik, al-Quddus, as-Salom, al-Muʼmin, al-Muhaymin, al-Aziz, al-Jabbor, al-Mutakabbir, al-Xoliq, al-Boriʼ, al-Musavvir. Boshqa hamma ismlar Qurʼonning turli joylarida uchraydigan Alloh sifatlaridan kelib chikadi va ular bilan bogʻlangan feʼllaridan hosil boʻlgan. 99 ta ism roʻyxati Abu Hurayra (601—679) rivoyat qilgan hadisda bor, ana shu hadisga koʻra, Muhammad (sav) 99 raqamini keltirganlar va har kim Alloh taoloning mazkur ismlarini birma-bir aytib chiqsa, albatta jannatdan joy ato qilinadi, deganlar. Boshqa hadis toʻplamlarida ham al-A. al-H. roʻyxati keltiriladi.
«GOʻZAL ISMLAR» 1. Alloh — Tangri, Maʼbudi bar haq.
2. ar-Rahmon — oʻta mehribon.
3. ar-Rahim — juda rahmli.
4. al-Malik — podshoh.
5. al-Quddus — nuqsonlardan xoli.
6. as-Salom — ofat va balolardan salomat.
7. al-Muʼmin — amonli va omon beruvchi.
8. al-Muhaymin — egallab, qoplab oluvchi.
9. al-Aziz — izzat va qudrat sohibi.
10. al-Jabbor — bandalari ishini isloh etuvchi.
11. al-Mutakabbir — kattalik yarashuvchi zot.
12. al-Xoliq — yaratuvchi, vujudga keltiruvchi.
13. al-Boriʼ — yaratuvchi.
14. al-Musavvir — maxluqot va mavjudotlarga suvrat va shakl beruvchi.
15. al-Gʻaffor — bandalarning aybu nuqsonlari va gunohu maʼsiyatlarini fosh qilmay yopib turuvchi, kechiruvchi.
16. al-Qahhor — barchani boʻysundiruvchi, gʻolib.
17. al-Vahhob — oʻz neʼmatlarini tekin ato etuvchi.
18. ar-Razzoq — barcha tirik mavjudot rizqini yetkazib beruvchi.
19. al-Fattoh — hukm etuvchi, rahmat; xazinalarini ochuvchi.
20. al-Aliym — biluvchi, dono, ilm sohibi.
21. al-Qobiz — kimlarningdir rizqini qiyuvchi, ruxlarni qabz etuvchi (oluvchi).
22. al-Bosit — kimlargadir keng rizq beruvchi, ruh baxsh etuvchi.
23. al-Xofiz — kofirlar martabasini tushiruvchi.
24. ar-Rofiʼ — moʻminlar martabasini koʻtaruvchi.
25. al-Muizz — kimlarnidir aziz, qadrli etuvchi.
26. al-Muzill — kimlarnidir xoru zalil qiluvchi.
27. as-Samiʼ — maxfiy va oshkora ran va sharpalarni, hatto dildan oʻtganini ham eshituvchi.
28. al-Basir — hamma maxfiy va oshkora narsalarni koʻruvchi.
29. al-Hakam — qatʼiy hukm etuvchi.
30. al-Adl — oʻta adolatli.
31. al-Latif — bandalariga sezdirmay oʻz lutfu ehsonini yetkazib beruvchi.
32. al-Xabir — hamma maxfiy va oshkora ishlardan xabardor.
33. al-Halim — jazolashga shoshmaydigan, hilm bilan yaxshilik qilib turuvchi.
34. al-Azim — ulugʻ, buyuk, katta.
35. al-Gʻafur — gunohlarni yashirib, jazo bermay turuvchi.
36. ash-Shakur — oz ishga koʻp mukofot beruvchi.
37. al-Aliy — ulugʻ martabali, buyuk.
38. al-Kabir — katta, hamma sohada yuqori.
39. al-Hafiz — saqlaguvchi (oʻz panohida).
40. al-Muqit — moddiy va maʼnaviy oziq beruvchi.
41. al-Hasib — har bir ishga oʻzi kifoya qiluvchi.
42. al-Jalil — barcha sifatlari mukammal, ulugʻ zot.
43. al-Karim — karamli, saxovatli, kechirimli.
44. ar-Raqib — hamma narsani kuzatib, nazorat ostiga olib turuvchi.
45. al-Mujib — duolarni qabul etuvchi.
46. al-Vosiʼ — mulki, rahmati va qudrati keng zot.
47. al-Hakim — hikmat sohibi. Daqiq va noziq ilmlarni biluvchi.
48. al-Vadud — doʻst, xayrixoh, mahbub.
49. al-Majid — neʼmati va ehsoni be-poyon.
50. al-Bois — paygʻambarlar yuboruvchi, oʻlgandan keyin qayta tiriltiruvchi 51. ash-Shahid — hamma narsani bilib, koʻrib turuvchi, guvoh.
52. al-Haq — haqiqatan mavjud zot.
53. al-Vakil — hamma ishlarni oʻz zimmasiga, kafolatiga oluvchi.
54. al-Qaviy — haqiqiy quvvat va qudrat egasi.
55. al-Matin — quvvatli, matonatli.
56. al-Valiy — doʻstlariga doʻst, madadkor.
57. al-Hamid — hamdu sanoga, maqtovga loyiq zot.
58. al-Muhsiy — barcha maxluqot va mavjudotlarning hisob-kitobini yaxshi biluvchi.
59. al-Mubdiʼ — yoʻqdan bor qiluvchi, yaratuvchi.
60. al-Muid — hayotdan oʻlimga, oʻlimdan yana hayotga qaytaruvchi.
61. al-Muhyiy — tiriltiruvchi.
62. al-Mumit — oʻldiruvchi.
63. al-Hay — tirik.
64. al-Qayyum — oʻz-oʻzidan turuvchi, boshqalarni turgizuvchi.
65. al-Vojid — xohlagan narsasini topuvchi.
66. al-Mojid — karamli va sharafli zot.
67. al-Vohid — yagona, bir (xudo — bir).
68. as-Samad — behojat, hojatbaror.
69. al – Qodir — qudratli.
70. al-Muktadir — qudratli, qodir.
71. al-Muqaddim — oʻziga yaqin qiluvchi.
72. al-Muaxxir — oʻzidan uzoq etuvchi.
73. al-Avval — hamma narsadan avval, boshlanishi chegarasiz.
74. al-Oxir — hamma narsadan boqiy, oxiri cheksiz.
75. az-3ohir — borligi hamma tomonlama ayon boʻlmish zot.
76. al-Botin — oʻzi mavjud, lekin sezgi vositalarimizdan maxfiy zot.
77. al-Voliy — barcha ishlarni tasarruf etuvchi hokim.
78. al-Mutaoliy — ulugʻ, oliy martabali.
79. al-Barr — yaxshilik va ehson sohibi.
80. at-Tavvob — tavbalarni qabul etuvchi.
81. al-Muntaqim — gunohkor bandalaridan oʻch oluvchi, jazolovchi.
82. al-Afuv — gunoxlarni afv etuvchi.
83. ar-Rauf — oʻta mehribon; rahmati keng.
84. Molikul-mulk — mulk, saltanat, hukm sohibi.
85. Zul-jaloli val-ikrom — sharafli va karamli.
86. al-Muqsit — adolatli, odil.
87. al-Jomiʼ — toʻplovchi, qiyomat kuni haloyiqni mahshargohga jam etuvchi.
88. al-Gʻaniy — boy, ehtiyojsiz.
89. al-Mugʻniy — boy etuvchi, kifoya qiluvchi.
90. al-Moniʼ — doʻstlarini ximoya etuvchi, noloyiqlarga oʻz neʼmatlarini man etuvchi.
91. az-Zorr — xohlagan bandalariga ofat, zarar va musibat yetkazuvchi.
92. an-Nofiʼ — xohlagan bandalariga manfaat va foyda yetkazuvchi.
93. an-Nur — oʻz-oʻzidan borligi ayon va borliqni ham ayon etuvchi.
94. al-Hodiy — yoʻl koʻrsatuvchi.
95. al-Badiʼ — yaratuvchi (ixtiro ila).
96. al-Boqiy — doimiy, abadiy mavjud.
97. al-Voris — borliqni meros qilib oluvchi.
98. ar-Rashid — barcha ish va tadbirlari toʻgʻri chiquvchi.
99. as-Sabur — gunohkor-isyonkorlarga jazo berishga shoshilmaydigan zot.
(Mazkur ismlar bir muncha erkin tarjima qilingan, ularning mazmunlarini ulamolar bir oz boshqacha ham talqin etadilar).
Abdulaziz Mansur.