ATLANTIKA OKEANI

ATLANTIKA OKEANI — Yer sharida kattaligi jihatidan Tinch okeandan keyin 2 – oʻrinda turadigan okean.

Tabiiy geografik ocherk. A. o. shimolda Grenlandiya va Islandiya o. lari, sharqda Yevropa hamda Afrika, gʻarbda Shim. va Jan. Amerika, jan. da Antarktida orasida joylashgan. Uzunligi shim. dan jan. ga 15 ming km, enining eng kambar joyi 2830 km (ekvator yaqinida). Mayd. dengazlari bilan birgalikda 91140,8 ming km2, oʻrtacha chuq. 3332 m, suvining oʻrtacha hajmi 337541 ming km3 (dengizlarsiz mayd. 82441,5 ming km2, oʻrtacha chuq. 3926 m va suv hajmi 323613 ming km3).

Atlantika okeani orollarining koʻpchiligimateriqdan ajralib chiqqan boʻlib, qirgʻoqlar yaqinidadir (Buyuk Britaniya, Irlandiya, Nyufaundlend, Katta Antil va qisman Kichik Antil o. lari, Kanar, Yashil Burun, Folklend o. lari va b.). Okeanning ichki qismida orol kam. Borlari ham vulkan orollaridir (Azor, San-Yelena, Tristanda-Kunya va b.).

Relyefi va geologik tuzilishi — A. o. tubidagi ulkan Oʻrta Atlantika tizmasi okeanni gʻarbiy va sharqiy qismlarga boʻlib turadi. Bu tiz-madan gʻarb va sharq tomonlarda suv osti platolari, tizmalar va balandliklar bor. Balandliklar gʻarbda Labrador, Shim. Amerika, Gviana, Braziliya, Argentina va b. soyliklarni; sharqda Gʻarbiy Yevropa, Shim. Afrika, Gvineya, Angola, Kap, Agulyas soyliklarini; jan. da Afrika-Antarktida soyliklarini ajratib turadi. Bu soyliklarning chuq. 3000 m dan 7200 — 7300 m gacha. Eng chuqur joylari 8385 m, 8428 m. Suv osti togʻlarining tepalari ayrim joylarda suv yuzasidan koʻtarilib turadi (Bermuda, Azor, Kanar, Yashil Burun, Fernandu-di-Noronya, San-Yelena, Tristanda-Kunya o. lari va b.). Okean tubidagi choʻkindilarning qalinligi baʼzi joylarda 800 — 1000 m ga yetadi. Tub jinslar materik yon bagʻirlarida chiqib qolgan. Chunonchi Oʻrta Atlantika tizmasi qirrasida bazalt va gabbro kabi jinslar uchraydi.

Atlantika okeani meridian boʻylab katta masofada choʻzilganligidan okean yuzasida iqlim sharoiti juda xilma-xil. Atlantika okeani shimolda ekvatorial iqlim mintaqasidan subar-ktika iqlim mintaqasigacha va jan. da Antarktika iqlim mintaqasigacha boʻlgan iqlim mintaqalarini oʻz ichiga olgan. Atlantika okeanining katta qismi, yaʼni 40° sh. k. bilan 40° j. k. orasi ekvatorial, tropik va subtropik iqlim mintaqalaridadir. Atlantika okeani ustida Islandiya va Antarktida atmosfera minimumlari, Shim. Atlantika va Jan. Atlantika atmosfera maksimumlari vujudga keladi. Ana shu atmosfera markazlari taʼsirida oʻrtacha kengliklarda kuchli gʻarbiy shamollar, Shim. va Jan. yarim shardagi subtropik va tropik kengliklarda esa shim.-sharqiy va jan.sharqiy (passat) shamollar hosil boʻladi. Eng kuchli sha-mollar Atlantika okeanining Jan. yarim shardagi oʻrtacha kengliklarida esadi. Shim. tropik kengliklarda iyundan okt. gacha davom etadigan kuchli boʻronlar boʻlib turadi. Havo t-rasi qishda, fev. da (A. o. ning jan. qismida esa avg. da) ekvatorda 25° boʻlsa, 60° sh. k. da 0°, 60° j. k. da — 8 dan —10° gacha boʻladi. Atlantika okeanining chekka shim. gʻarbi va jan. da t-ra — 25° va undan pastga tushadi. Yezda, yaʼni avg. oyida esa (A. o. ning jan. qismida fev. oyida) t-ra ekvatorda 26 — 28° boʻlsa, 60° sh. k. da 8 — 12° va 60° j. k. da 0 — 2° boʻladi.

Atlantika okeanining gidrologi k rejimi iqlim sharoitlari taʼsirida, qoʻshni okeanlar hamda Oʻrta dengiz suvlari bilan almashinib turishi, shuningdek tevarak-atrofdagi qurukliklar taʼsirida vujudga keladi. Atmosfera sirkulyatsiyasi taʼsirida okean yuzasidagi oqimlar subtropik va tropik kengliklarda antitsiklonal aylanma, shim. oʻrtacha va jan. yuqori kengliklarda esa siklonal aylanma harakat kiladi. Atlantika okeanining xarakterli xususiyati shundaki, bu yerda Golfstrim va uning davomi boʻlgan Shim. Atlantika oqimi gʻarbiy va shim. tarmoqlarga boʻlinib ketadi. Oqimlar okean yuzasi yutadigan quyosh issiqligini taqsimlab turadigan asosiy vositalardir. Atlantika okeanining 30° sh. k. bilan 30° j. k. orasidagi yuzasi quyosh energiyasini koʻgtroq yutadi. Okeanning boshqa qismida esa issiklik atmosferaga oʻtib turadi. Iliq va sovuq oqimlar taʼsirida suvning t-rasi kenglik zonalarida katga farq qiladi. 30° sh. k. dan shim. da, gʻarbda t-ra sharqdagiga nisbatan 10° past boʻladi. 30° sh. k. bilan 40° j. k. orasida esa aksincha: bu yerda gʻarbda t-ra sharqdagiga nisbatan 5° yuqori.

Suvning shoʻrligi suv balansiga bogʻliqdir: yiliga okean yuzasidan 1040 mm suv bugʻlanib ketadi, okean yuzasiga esa yiliga 780 mm yogʻin yogʻadi va quruqlikdan 200 mm yogʻinga teng hajmda suv keladi. Tropik va subtropik kengliklarda yiliga 1640 — 1660 mm suv bugʻlanadi. Ekvatorda esa yiliga 1400 mm, 60° sh. k. da 780 mm, 60° j. k. da esa atigi 320 mm suv bugʻlanadi. Ekva-torga eng koʻp — yiliga 1770 mm yogʻin yogʻadi, 20° sh. k. da esa 640 mm, 20° j. k. da 270 mm yogʻin yogʻadi. Oʻrtacha kengliklarda esa yogʻin miqdori yiliga 1100 — 1200 mm ga yetadi. Shunga koʻra tropik va subtrogtik kengliklarda suv ayniqsa shoʻr (37,25%o), ekvatorda 35%o, jan. oʻrtacha kengliklarda 34%o va Antarktida yaqinida 33,6%o —33,8%o, shim. oʻrtacha kengliklar gʻarbida 32%o, sharqida 35,5%o. A. o. ning yuza qavatida kislorod miqdori ekvatorda 4 l/m3, yuqori kengliklarda 7,5 l/m3 gacha. Suv koʻtarilishi asosan har yarim sutkada takrorlanadi. Fandi qoʻltigʻida suv koʻtarilishi 18 m ga yetadi. Dunyo okeanida suv bundan baland koʻtariladigan joy yoʻq. Atlantika okeanining oʻrta qismida suv koʻtarilishi 1 m ga yaqin, qolgan joylarida 0,5 dan 2,2 m gacha. Koʻplab muz va aysberglar okeanning oʻrta qismiga Shim. Muz okeanidan oqib keladi. Muz hamda aysberglarning yetib boradigan oʻrtacha chegarasi taxm. 40° sh. k. dan oʻtadi. Ayrim hollarda Atlantika okeanining jan. qismida dengiz muzlari va aysberglar Antarktida materigi yaqinida va Ueddell dengizida hosil boʻladi. Noyab.-dek. oylarida aysberglar ayniqsa koʻpayadi va okeanning oʻrta qismida 40° j. k. da, gʻarbiy va sharqiy qismlarida esa 35° j. k. da koʻplab aysberglar uchraydi.

Atlantika okeani oʻsimlik dunyosi juda xilma-xil. 100 m gacha chuqur boʻlgan qismi (okean tubining 2%) suv tubi oʻsimliklari (fitobentos) qoʻngʻir, yashil va qizil suvoʻtlardan, shuningdek shoʻr suvda oʻsa oladigan gulli oʻsimliklar (filospadiks, zootera, poseydoniya)dan iborat. Atlantika okeanining 20° sh. k. bilan 40° sh. k. orasida va 30° gʻ. u. orasida Sargasso dengizi joylashgan. Bu dengizda sargass deb ataladigan qoʻngʻir suvoʻtlar nihoyatda koʻp. Fitoplankton fitobentosdan farq qilib, okeanning 100 m li ustki qismida hamma joyda uchraydi, 40 — 50 m li ustki qismida esa ayniqsa koʻp. Fitoplankton bir hujayrali mayda suvoʻ-tlardan iborat. 1 m3 suvda 1 mg dan 100 mg gacha fitoplankton bor.

Atlantika okeanining hamma qismida hayvonlar bor. Tropiklarga tomon hayvon turlari xilma-xil boʻla boradi. Sovuq va moʻtadil mintaqalarda bir necha ming hayvon turi boʻlsa, tropik kengliklarda oʻnlarcha ming hayvon turlari bor. Sovuq va moʻtadil mintaqalarda sut emizuvchilardan kit va kurak oyoqlilar, baliqlardan seld, treskasimonlar, olabugʻasimonlar va kambalasimonlar xosdir, zooplankton orasida kurak oyokdi qisqichbakasimonlar va baʼzan qanot oyoqli mollyuskalar koʻpchilikni tashkil qiladi. 100 dan ortiq hayvon turi bipolyar, yaʼni sovuq va moʻtadil mintaqalar uchun, tropiklarda esa uchramaydigan hayvonlar (tyulenlar, dengiz mushuklari, kitlar, kilka, sardina va b.) xos. Atlantika okeanining tropik qismida kashalot, dengiz toshbaqalari, qisqichbaqasimonlar, akulalar, uchar baliklar, krablar, marjon poliplari, ssifoid meduzalar, sifonoforalar, radiolariyalar yashaydi. Atlantika okeanining chuqur suv faunasi bulutlar, marjonlar, ninatanlilar, qisqichbaqasimonlar va b. dengiz hayvonlaridan iborat.

Tadqiq qilinish tarixi. Atlantika okeani insoniyatga qadim zamondan maʼlum boʻlgan: miloddan 1200-y. oldin finikiyaliklar, 300 — 100-y. oldin rimliklar Atlantika okeanining Yevropa va Shim. Afrika qirgʻoqlariga yaqin qismlarida, 9 — 10 – a. larda slavyan qabilalari Boltiq dengizida suzganlar. 15 – a. da ispan va portugal dengizchilari Hindiston va Xitoyga boradigan dengiz yoʻllarini qidirib, Atlantika okeanining uzoq-uzoq joylariga borganlar. Ana shulardan portugal B. Diash (1487), X. Kolumb (1492 – 1503), ingliz J. Kabot (1497) va portugal Vasko da Gama (1498) sayohatlari alohida oʻrin tutadi. 1520-y. F. Magellan dunyo boʻylab sayohat qilganda Atlantika okeanidan oʻtgan. F. F. Bellinsgauzen, M. P. Lazarev (1819-21), J. Kuk (1772), I. F. Kruzenshtern (1803) va b. ning sayohatlari ham Atlantika okeani haqida maʼlumot berdi. Atlantika okeanini oʻrganishda Xalqaro geofizika yili davrida oʻtkazilgan okeanografik tadqiqotlar katta ahamiyatga ega boʻldi. Shundan soʻng Atlantika okeanini bir qancha mamlakatlarning olimlari hamkorliqda oʻrgana boshladilar. Atlantika okeani Hukumatlararo okeanografik komissiya dasturlari asosida ishlaydigan xalqaro ek-speditsiyalar, shuningdek Rossiya, Angliya, Fransiya, Niderlandiya, Braziliya, Argentina va b. mamlakatlar ekspeditsiyalari tomonidan oʻrganilmoqda.

Iqtisodiy geografik ocherk. Atlantika okeani muhim iqgisodiy va strategik ahamiyatga ega. Atlantika okeaniga dunyo kemalarida tashiladigan yuklarning 60%, baliqovlashning 40% toʻgʻri keladi. Suyuq yoqilgʻi va metallurgiya xom ashyolari ayniqsa koʻp tashiladi. Atlantika okeani orqali oʻtgan dengiz va havo yoʻllari bir qitani ikkinchisi bilan bogʻlaydi. Trans-Atlantika havo yoʻllarining koʻp qismi Shim. Atlantika orqali oʻtadi va Yevropadagi London, Parij, Amsterdam va b. poytaxt shaharlarni AQSH va Kanada shaharlari bilan bogʻlaydi. Yevropa bilan Jan. Amerika orasida ham aviatrassa bor. Dunyodagi eng katta portlarning koʻpchiligi Atlantika okeani havzasida joylashgan.

Mineral va energetika resurslari. Atlantika okeani mineral xom ashyo zaxiralariga boy. Meksika va Biskay qoʻltigʻi, Shim., Karib va Oʻrta dengizlari materik sayozligidan neft qazib olinadi. Meksika qoʻltigʻidan — oltingugurt, Nyufaunlend qoʻltigʻidan temir rudasi, Jan. Afrika qirgʻoqlari yaqinidan olmos va b. foydali qazilmalar olinadi.


Lotin alifbosida maqola: ATLANTIKA OKEANI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: A harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



BUYUK BRITANIYA
AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI
AFRIKA
AMUDARYO
ANTARKTIDA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты