BAKIROV Abbos (1910.16.5 – Andijon — 1974.29.1) — aktyor va rej. Oʻzbekiston xalq artisti (1939). Faoliyatini 1931-y. I. Oxunboboyev nomidagi Andijon viloyat musiqali drama va komediya teatrida aktyor sifatida boshlagan. Mahkam polvon («Bogʻbon qiz»), Qosim dehqon («Ontarish»), Muslimboy («Halima») va b. uning ilk obrazlaridir. Rustam («Rustam»), Ferdinand («Makr va muhabbat»), Gʻofir («Boy ila xizmatchi»), Romeo («Romeo va Julyetta») kabi rollarida joʻshqin qalbli, shijoatkor qaxramonlar tarzida namoyon boʻlgan. Bakirov tabiatan qatʼiyatli, in-tiluvchan kishi boʻlgani holda obrazlarga xam shu xislatlarni singdirishga harakat qilgan. Birinchi oʻzbek ovozli filmi — «Azamat»dagi Azamat roli bilan u kino faoliyatini boshladi. Eng yaxshi rollari: Amir Olimxon («Amirlikning yemirilishi»), Sulton Mahmud («Abu Ali ibn Sino»), Abbos («Ulugʻbek yulduzi»), Aʼzamxon («Ikki dil dostoni»), Yusufbek hoji («Oʻtgan kunlar») va b. Insonning shaxsiy kechinmasi bilan eʼtiqodi, dunyoqarashini mushtarak tarzda koʻrsatishda, ayniqsa, Yusufbek hoji roli Bakirovni realistik sanʼatning moxir ustasi ekanini koʻrsatdi. Bakirov ijobiy va salbiy rollarni bir xil mahorat bilan oʻynagan. U sahnada tana, qoʻl harakatlaridan, ayniqsa, yuz, koʻz va ohangdan ustalik bilan foydalangan.
Rej. sifatida 40 dan ortiq spektakl sahnalashtirdi. Xalq tarixi, urfodatlarini yaxshi bilganligi tufayli Bakirov milliy asarlarni alohida muvaffaqiyat b-n sahnalashtirgan: «Alisher Navoiy», «Shohi soʻzana», «Ogʻriq tishlar», «Muqimiy», «Xolisxon», «Nurxon», «Nodira», «Layli va Majnun» va b. shular jumlasidan. Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1970).