BASTAKORLIK

BASTAKORLIK — Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarida anʼanaviy, mumtoz musiqa uslubi zaminida yuzaga kelgan badiiy anʼana, ijodiy kasb turi, musiqa ijodchiligi. Quyidagi ijod shoxobchalarini oʻz ichiga oladi: 1) xalq orasida tanilgan muayyan kuy yoki ashula yoʻlining oʻzgacha mustaqil koʻrinishi (qayta ohangga va usulga solib, mualliflashtirilgan namunasi)ni yaratish. Mas, Rost maqomining «Ushshoq» shoʻbalari asosida yaratilgan «Ushshoqi Hoji» yoki «Samarqand Ushshogʻi I—II» (Hoji Abdulaziz Abdurasulov), «Toshkent Ushshogʻi I — I» (Mulla Toʻychi Toshmuhamedov), «Ushshoqi Sodirxon» (Sodirxon Bobosharifov) kabi asarlar; 2) maʼlum cholgʻu kuylarning — ashula, ashula yoʻllarining — cholgʻu variantlarini yaratish (I. Ikromov ashulalashtirgan «Munojot», «Choʻli Iroq» singari); 3) bir necha kuy, qoʻshiq yoki ashulalarni umumlashtirib bir asar yaratish (H. A Abdurasulovning B«ozurgoniy», «Bebokcha» asarlari kabi); 4) mustaqil asarlar (oʻtmishda asosan kuy, qoʻshiq va ashula yoʻllari, hoz. davrda boshqa janrlarda ham) ijod etish.

Oʻrta Osiyoda Bastakorlik tarixi qadimdan boshlanadi. Isteʼdodli xonanda, sozanda va zamonaviy maʼnodagi bastakorlar Borbad Marviy (6 — 7-a. lar), Abdurahmon ibn Surayj (? —743), Abduhafz Soʻgʻdiy (? — 832) va b. Yaqin va Oʻrta Sharqning deyarli barcha mamlakatlarida tanilgan. Abu Nasr Forobiy va Abu Ali ibn Sino singari allomalar ham Bastakorlik bilan bevosita shugʻullanishganligi haqida maʼlumotlar bizgacha yetib kelgan. Bu ularning ilmiy-musiqiy asarlari amaliyot bilan uzviy bogʻlanishiga asos boʻlgan. Oʻzbek xalqi orasida Bastakorlik ayniqsa Amir Temur va temuriylar, xususan, Bobur hamda boburiylar davrida mukammallashib, ilmiy va badiiy adabiyotda atroflicha oʻz tarixi va taʼrifini topgan. Bastakorlik anʼanaviy ijrochi (xonanda, ayniqsa sozanda)likdan turtki olib, maqom ijodchiligiga katta taʼsir koʻrsatdi. Dastlab (13-a.) oʻn ikki maqom, soʻngra (16 — 18-a. lar) uning zaminida Shashmaqom, Xorazm va Fargʻona — Toshkent maqom turkumlari shakllanishiga sabab boʻldi. Maqom turkumlari tarkibida oʻnlab cholgʻu («Saqili Islimxon», «Saqili Ashkullo», «Murabbai Komil», «Saqili Niyozjonxoʻja» kabi) va ashula («Samandariy», «Karimqulbegi» singari) yoʻllari yuzaga keldi. Bastakorlik sanʼati, ayniqsa, 15 — 16-a. larda ommaviylashgan: qator shoir, olim va b. ayni paytda bastakor ham boʻlgan. Abdurahmon Jomiy «Imoma» naqshi (yoki «Naqshi Mullo»)ni, A. Navoiy bir qancha naqsh va peshravlar, Bobur «Chorgoh savti» yoʻllaridagi asarini ijod etgan. Bu davrga kelib Bastakorlikning asosiy janr va shakllari, uslub va usullarining rivoji oʻz qiyomiga yetdi. Manbalarda, ayniqsa Darvishali Changiy (16 — 17-a. lar)ning musiqaga doir risolalarida (yuqoridagilardan tashqari) amal, qavl, savt, chorzarb hamda jir, kor, tarona koʻrinishlaridagi oʻnlab asarlarning taʼrifi keltirilgan, bularning har birida ijod qilgan koʻplab bastakorlarning nomlari aytib oʻtilgan. Samarqand, Buxoro, Hirot, Toshkent, Xoʻjand, Qoʻqon, Xiva kabi shaharlarda xonandalik, aksariyatida sozandalik b-n birga oʻziga xos Bastakorlik maktablari yuzaga kelgan. Mazkur ijodiy maktablarning yetuk namoyandalari oʻz asarlarida mahalliy folklor (ayniqsa, marosim va lirik mavzudagi qoʻshiqlar), maqom, katta ashula ijrochiligi va ijodkorligiga xos xususiyatlarni singdirishga in-tilganlar. Bastakorlik ijodi rivojining keyingi bosqichlaridan 19-a. ning 2-yarmi — 20-a. boshlanish davri diqkatga sazovor. Mazkur bosqichda Hoji Abdulaziz Abdurasulov (1852 — 1936) kabi anʼanaviy uslubda ijod etgan bastakorlar bilan yonma-yon Hamza ham oʻzining qoʻshiqlarini yaratdi. Bu qoʻshiqlarda shoir oʻzbek musiqa merosi tabiati, ohang va usullarini xalqaro, qator sharq xalqlari (ozarbayjon, tatar va b.)ning musiqa folklori xususiyatlari bilan uzviy bogʻladi, marsh, vals kabi janrlardan keng foydalandi. 20-a. boshlarida oʻzbek bastakorlari T. Jalilov («Dovruq»), Yu. Rajabiy («Hammamiz», «Chamanzor» qoʻshiqlari) asarlari oʻzbek Bastakorlik ijodining bir-biriga ulanib ketishida ijobiy rol oʻynadi. 20 — 30-y. larda taniqli sozandalar — changchi M. Xarratov, tanburchi A. Umarov, xonanda K. Otaniyozov, gʻijjakchi M. Niyozovlar ham davr ruhini toʻlaqonli ifodalovchi kuy va qoʻshiqlar yaratishdi. Asrning 2-choragidan bastakorlarimizning Oʻzbekiston musiqa madaniyatiga qoʻshgan hissalari nihoyatda unumli boʻldi. Xususan 30 — 40-y. lardan oʻzbek musiqali dramasi va komediyasi shakllanishida, 50-y. larda opera rivojida T. Jalilov va Yu. Rajabiylar hissasi katta. 20-a. Oʻzbek qoʻshigʻi taraqqiyoti K. Jabborov, F. Sodiqov, I. Ikromov, N. Hasanov, S. Kalonov, M. Mirzayev, F. Toshmatov, soʻnggi yillarda F. Mamadaliyev, A. Ismoilov, Oʻ. Rasulov, A. Dadayev kabi bastakorlar ijodida shakl topdi. Bastakorlik sanʼati asta-sekin musiqa taʼlimi tizimiga kiritilmoqda, atoqli bastakorlar asarlari nashr etilib, bular ijrosi buyicha maxsus koʻrik-tanlovlar oʻtkazilmoqda, ayrimlarining ijodiga oid ilk tadqiqotlar yaratilmoqda. Baʼzan, asosan koʻp ovozli musiqa sohasida ijod qilgan kompozitor (Doni Zokirov, Sayfi Jalil, Dadaali Soatqulov kabi) lar ham aynan Bastakorlik uslublarida kuy va qoʻshiqlar yaratishgan.

Ad: Gafurbekov T., Tvorcheskiye resursы natsionalnoy monodii i ix prelomleniye v uzbekskoy sovetskoy muzыke, T., 1987; Musiqa ijodiyoti masalalari, T., 1997.

Tuxtasin Gʻafurbekov.


Lotin alifbosida maqola: BASTAKORLIK haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: B harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



XALQ IJODI
TOSHKENT
IROQ
MUSIQA
XITOY


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты