CHOR MINOR (fors. — toʻrt minora) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik (1807). Xalfa Niyozqul qurdirgan. Chor minor anʼanaviy usulda qurilgan masjid, bir qavatli Madrasa, atrofi bir kavatli xujralar bilan oʻralgan hovlidan iborat. Sinchli peshayvon tipidagi masjid hovlining jan. gʻarbiy burchagida joylashgan. Madrasaga 2 qavatli, gumbaz tomli darvozaxona orqali kiriladi. Murabba tarxli darvozaxona oʻziga xos mujassamot yechimiga ega: oldi peshtokli, toʻrt burchagida toʻrtta minora joylashgan (nomi ham shundan), minoralarning tepa qismi gumbaz shaklida yakunlangan boʻlib, ular sirkori koshinlar bilan bezatilgan. 2 qavatli xonaning 1qavati miyonsaroy koʻrinishida boʻlib, izoralari toshlar bilan qoplangan, tomi gumbazli, 2qavati kutubxona, kutubxonaning shifti pastak gumbazli boʻlib, sodda muqarnaslar halqasi bilan toʻldirilgan. 2qavatga minoralarning biridagi zina orqali chiqiladi.