CHUVASHIYA

CHUVASHIYA, Chuvashiya Respublikasi (Chavash Respublikasi) — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Sharqiy Yevropa tekisligining sharqida, Volga daryosining oʻrta oqimida joylashgan. Mayd. 18,3 ming km2. Aholisi 1 mln. 313,9 ming kishi (2002). Poytaxti — Cheboksari sh. 21 tuman, 9 shaxar, 8 shaharcha bor.

Davlat tuzumi. Chuvashiya — respublika. Respublika rahbari va ijroiya xrkimiyat boshligʻi — prezident. Oliy ijrochi hokimiyat organi — Vazirlar Mahkamasi. Oliy qonun chiqaruvchi hokimiyat organi — Davlat kengashi.

Tabiati. Volga daryosining oʻng sohili Volga boʻyi qirlaridan iborat. Shim. sharqiy qismi Chuvashiya platosi bilan band (bal. 175—227 m.). Platoning Volgaga qaragan yon bagʻri tik tushgan, shu qismida jarlik koʻp. Chap sohili — Zavoljye tekisligi (bal. 50 — 70 m)da doʻngliklar, botqoq va torfli yerlar bor. Foydali qazilmalardan ohaktosh, dolomit, yonuvchi slanes, fosforit va b. bor. Iqlimi moʻtadil kontinental; qishi sovuq, yozi iliq. Yanv. ning oʻrtacha trasi —12°, iyulniki 19°. Yillik yogʻin 450 mm. Daryolari Volga havzasiga mansub (Volganing Chuvashiya hududidan oʻtadigan qismi uz. 127 km). Chuvashiyada chimli podzol va sur tusli oʻrmon tuproklari hamda ishqorsizlangan qoratuproqlar tarqalgan. Hududining katta qismi oʻrmonli dasht zonasida, oʻrmonlar (koʻproq qayin, qaragʻay, eman, joʻka oʻsadi) 32% maydonni egallagan. Yovvoyi hayvonlardan qoʻngʻir ayiq, boʻri, tulki, tiyin, ondatra, sugʻur, los, yenotsimon it va b. yashaydi. Chuvashiyada Chavash Varmane milliy bogʻi, Prisura qoʻriqxonasi bor.

Aholisi, asosan, chuvashlar (67,8%); rus, tatar, mordva va b. ham yashaydi. Shahar aholisi 60,6%. Davlat tillari — chuvash va rus tillari. Dindorlarning aksariyati pravoslavlar. Yirik shaharlari: Cheboksari, Novocheboksarsk, Kanash.

Tarixi. Chuvashiya hududida neolit davri oxirida finugor qabilalari yashagan. 10-a. da Oʻrta Volga boʻyida dastlabki davlat — VolgaKama Bulgʻoriyasi tashkil topdi. Bu davlat 1243 i. Oltin Oʻrda tarkibiga qoʻshib olindi. Chuvashiyaning shim. qismiga kelib oʻrnashgan bulgʻorlar bilan finugor aholisining aralashuvi natijasida 15-a. ga kelib chuvash xalqi shakllandi. 15-a. boshida Oltin Oʻrda parchalanib ketdi, chuvashlar boshqa xalklar bilan birga 15-a. 1yarmida vujudga kelgan Kozon xonligi tarkibida boʻldi. 1551-y. chuvashlar Rossiya tarkibiga kirdilar. 1920-y. iyunda RSFSR tarkibida Chuvashiya muxtor viloyati tashkil etildi. 1925-y. 21 apr. da Chuvashiya ASSRga aylantirildi. 1990-y. sent. da respublika davlat suvereniteti toʻgʻrisida deklaratsiya qabul qilindi va hoz. nomini oldi.

Xoʻjaligi. Yalpi mahsulot tarkibida sanoat ulushi 31,5%, q. x. 18,5%, qurilish 7%, transport 1,7%, savdo 10,9%ni tashkil etadi. Asosiy sanoat tarmoklari: mashinasozlik va metallsozlik (elektronika jihozlari, toʻquv stanoklari, elektr yuklagichlar, traktor va b. ishlab chiqarish), kimyo (zaharli ximikatlar, lok, buyok, i. ch.), yengil (jumladan, toʻqimachilik), neft kimyosi, oʻrmon, kora metallurgiya, yogʻochsozlik va sellyulozaqogʻoz, oziq-ovqat sanoati. Qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Shumerlya sh. da maxsus avtomobillar zdi, Cheboksarida priborsozlik, elektroapparat, elektr priborlari, elektronika va mexanika, kabel zdlari, mikropayvand uchun maxsus asbob, videokasseta ishlab chiqariladigan zd, toʻqimachilik mashinalari, sanoat traktorlari va ularga ehtiyot qismlar ishlab chiqariladigan zdlar, ipgazlama, trikotaj ktlari, Mariinskiy Posad sh. da kabel zdi, Kanash sh. da elektr yuklagichlar zdi, Shumerlya, Kozlovka sh. larida avtofurgon ktlari bor. Yiliga oʻrtacha 7 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Cheboksari GES ishlaydi. Asosiy sanoat markazlari: Cheboksari, Novocheboksarsk, Kanash, Alatir, Shumerlya.

Kx. goʻshtsut chorvachiligi va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Dehkrnchilikda bugʻdoy, javdar, suli, zigʻir, qand lavlagi, kartoshka va sabzavot yetishtiriladi. Bogʻdorchilik bilan ham shugʻullaniladi. Krramol, choʻchqa, qoʻy boqiladi; parrandachilik rivojlangan.

Chuvashiyada temir yoʻllar uz. — 396 km. Muhimt. y. tarmoklari: Saransk—Kanash — Cheboksari, Moskva—Arzamas— Kanash — Kozon. Avtomobil yoʻllari uz. 4424 km. Asosiy avtomagistrallari: Nijniy Novgorod—Cheboksari—Kozon, Ulyanovsk—Cheboksari—YoshkarOla. Volga va Sura daryolarida kema qatnaydi. Asosiy dare portlari: Cheboksari va Novocheboksarsk. Cheboksarida xalkaro aeroport bor.

Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy va madaniymaʼrifiy muassasalari. 1990-y. lar oxirida qar 10 ming aholiga 43 vrach toʻgʻri keldi. 20 dan ortiq sanatoriykurort va b. dam olish muassasalari bor. Chuvashiya dagi 715 umumiy taʼlim maktabida 210 ming, 26 oʻrta maxsus oʻquv yurtida 20,4 ming oʻquvchi, 3 oliy oʻquv yurti (Chuvashiya universiteti, q. x. akademiyasi, ped. instituti)da 18,8 ming talaba taʼlim oladi. Chuvashiyada milliy akademiya, tarmoq i. t. institutlari faoliyat yuritadi. 700 dan ziyod kutubxona, bir kancha klub muassasasi va kinoqurilma, Cheboksarida ulkashunoslik muzeyi, 750 ga yaqin tarixiy va madaniy yodgorliklar, Ibresi etn. muzeyi (ochiq) bor. Chuvash va rus tillarida gaz. va jur. nashr etiladi. Mahalliy radio va televiden iyesi chuvash va rus tillarida eshittirish hamda koʻrsatuvlar olib boradi.

Adabiyoti 19-a. ning 2yarmida vujudga kelgan. Ungacha boy folklor (epik qissa, tarixiy va maishiy qoʻshiqlar, ertak, afsonalar) mavjud boʻlgan. 19a. oʻrtalaridan birinchi chuvash tarixchi yozuvchisi, folklorchi va etnograf S. Mixaylov ijod qila boshlagan. 19-a. ning 70-y. larida maʼrifatparvar N. Ya. Yakovlev (1848—1930; 1872-y. «Chuvashlar uchun alifbe» yaratgan)ning xalq ijodi asosida yaratgan asarlari chuvash milliy adabiyotining shakllanishida muhim rol oʻynadi. Uning dastlabki arboblari M. Fyodorov, I. Yurkin. 20-a. ning boshlari va fuqarolar urushi davrida satirik va dramaturg M. Akimov, demokrat shoir K. Ivanov, dramaturg va kompozitor F. Pavlov, shoirlar N. Shubossinni, N. Shelebi, T. Timki, M. Sespel samarali ijod qildilar. 20—30-y. larda S. Fomin, S. Elger, I. MaksimovKoshkinskiy, M. Trubina, P. Osipov, P. Xuzangay, L. Agakov, Ya. Uxsay, N. Ilbekov va b. ning asarlari yuzaga keldi. 2-jahon urushi yillari chuvash yozuvchilari tomonidan vatanparvarlik ruhidagi asarlar yaratildi (M. Uypning «Soldatning onasi» dostoni, 1943; L. Agakovning «Partizan Murat» qissasi, 1943). Urushdan keyingi va 50 — 70-y. larda chuvash adabiyotida xalqning jang maydonidagi va tinch qurilish davridagi mehnat qahramonligi oʻz ifodasini topdi (P. Xuzangayning «Ulkan qalb» dostoni, N. Terentyevning «Toʻlqinlar qirgʻoqqa uriladi» pyesasi, A. Artelyev, S. Aslan, K. Turxan, A. Yemelyanov, G. Krasnov va b. ning nasriy asarlari, Yu. Semyonov, A. Galkin, G. Yefimov va b. ning sheʼrlari). 1934-y. Chuvashiya yozuvchilar uyushmasi tashkil etilgan.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati. Chuvashiya hududidan paleolit davriga mansub qarorgoxlarning qoldiqlari, qoʻrgʻonlarning xarobalari, 10—11-a. larda Volga boʻyi bulgʻorlari yashagan joylar (Tigashevo qishlogʻidagi qalʼa, Bula, Sivil va Sura daryolari havzasidagi qishloq va b.) topilgan. Chuvashiya Rus davlatiga qoʻshilgach (16-a. oʻrtalari), aholi punktlari (Alatir, Cheboksari, Yadrin) qurish boshlandi; ular astasekin shaharlarga aylantirildi. Shaharlarda turli xil inshootlar (jumladan, Cheboksaridagi Vvedenskiy sobori, 1657; 17—18-a. larda bunyod etilgan turar joy binolari) barpo etildi. 19-a. ning 2yarmidan qishloklarda rus xalq meʼmorligi taʼsiri koʻzga tashlanadi. Hoz. davrdagi yirik inshootlar; q. x. instituti (1957; meʼmor Ye. Kalashnikov), Ch. musiqalidrama teatri (1961, meʼmor A. Maksimov), «Elektrchi» madaniyat saroyi (1964, meʼmor A. Korolkov), savdo markazi (1982, meʼmor M. Kudryavsev va b.), hammasi Cheboksari sh. da.

Chuvashiyada qadimdan xalq amaliybezak sanʼati (naqsh bilan bezab mato toʻqish, kashtadoʻzlik, yogʻoch oʻymakorligi, munchoqlardan buyum tayyorlash, kashta bilan bezab kiyim tikish) rivoj togan. 1920-y. lardan rassomlik (M. Spiridonov, N. Sverchkov, Yu. Zaysev), haykaltaroshlik G. S(piridonov) paydo boʻla boshladi. Rassomlardan N. Ovchinnikov, N. Karacharskov, R. Fyodorov, P. Grigoryev, V. Turin, grafiklardan V. Ageyev, B. Yemelyanov, haykaltaroshlardan Yu. Ksenofontov mashhur. 1933-y. dan Chuvashiya rassomlar uyushmasi mavjud. Musiqasi. Chuvash xalq qoʻshiqlari, asosan, bir ovozli va pentatonikaga asoslanadi. Musiqa asboblari: shaxlich (qamishnay), shapar va sarnay (volinkalar), kyosle (gusli), varxan va palnay (tilli), xankarma (buben); keyinchalik skripka va garmon ham urf boʻla boshladi. Chuvashiyada professonal musiqa 1920-y. lardan vujudga keldi. F. Pavlov, S. Maksimov, V. Vorobyev, G. Liskov birinchi chuvash kompozitorlaridir. Vokal, vokalsimfonik, simfonik musiqa, sahna musiqa janrlarini rivojlantirishga F. Lukin, G. Xirbyu, G. Lebedov, A. Togayev, F. Vasilyev va b. salmoqli hissa qoʻshdilar. Ijrochilar oʻrtasida xonandalar I. Vasilyev, A. Toksina, A. Kazakova, T. Chumakova, M. Denisov, dirijyorlardan F. Lukin, G. Lebedev, A. Orlov-Shuzm mashhur. Chuvashiyada Chuvash musiqali teatri (1959), filarmoniya (1936), ashula va raqs ansambli (1924), Chuvash radio va televideniyesi xori (1943) faoliyat koʻrsatadi. 1940-y. Chuvashiya kompozitorlar uyushmasi tuzilgan.

Teatri. Birinchi chuvash professional teatri 1918-y. Kozon sh. da tuzilgan va Chuvash Kuchma teatri deb nomlangan. Bu teatrning tashkil topishi milliy dramaturgiyaning rivojlanishiga sabab boʻldi. Uning sahnasida birinchi chuvash pyesalari — M. AkimovAruyning «Bevaqt oʻlim», F. Pavlovning «Sudda» pyesalari qoʻyildi. 1920-y. Chuvash koʻchma teatri Kozon sh. dan Cheboksariga koʻchirildi (1933-y. dan akademik teatr, 1959-y. dan K. V. Ivanov nomidagi Chuvash musiqali drama teatri). 1969-y. undan Musiqa teatri ajralib chiqdi, drama jamoasi esa K. V. Ivanov nomidagi Chuvash akademik drama teatri deb nomlandi. Bu teatrda turli davrlarda milliy dramaturglar P. Osipov, R. Rjanov va b. xalklar klassiklarining pyesalari sahnalashtirildi. Teatr aktyorlaridan A. Urgalkin, V. Kuzmina, V. Rodionov, V. Yakovlev, L. Rodionov va b. mashhur. Chuvashiyada, shuningdek, Rus drama teatri (1922), yosh tomoshabinlar teatri (1933), qoʻgʻirchoq teatri (1943) (hammasi Cheboksari sh. da), boshqa shaharlarda teatrlar bor.


Lotin alifbosida maqola: CHUVASHIYA haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: Ch harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ?, tushunchasi, degan savolarga javob topishingiz mumkin)



AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI
HINDISTON
ITALIYA
BELORUSSIYA
BUYUK BRITANIYA


Добавить комментарий

Категории
Популярные тексты