CHUMQOR TOGʻI — Jizzax viloyatining jan. dagi togʻ. Turkiston tizmasining bevosita davomi. Oʻzbekistonning Jizzax viloyati va Tojikistonning Sugʻd viloyati xududlarida joylashgan. Togʻning suvayirgʻich qismidan Oʻzbekiston va Tojikistonning davlat chegarasi oʻtgan. Chumqor togʻi, asosan, kenglik boʻylab choʻzilgan, faqat Qoshtepa dovonidan gʻarbdagi qismi jan. gʻarbga yoʻnalgan. Chumqor togʻi sharqsa Guralash dovonidan boshlanib, shim. gʻarbda Zarafshon daryosi yaqinida (Gʻubdintogʻda) tugaydi. Umumiy uz. 80 km dan ziyod. Kengligi oʻrtacha 16 km. Bal. 2000—3000 m. Eng baland joyi 3405 m (Bozorxonim choʻqkisi). Chumqor togʻi Lattaband dovoniga yetgach, ikki tarmoqqa ajralgan, jan. qismi — Qizilqanor togʻi (Tojikiston hududida), shim. qismi — Lattaband togʻi.
Chumqor togʻi gersin burmalanishida shakllangan antiklinal. Asosan, paleozoyning gilli slaneslari, qumtoshlari, ohaktoshlaridan tashkil topgan. Suvayirgʻich qismi oʻtkir, qoyali. Jan. yon bagri nisbatan nishabroq, Sangzor daryosi va uning chap irmoklari bilan kesilgan. Togʻning etaklarida boʻz, yon bagʻirlarida togʻoʻrmon jigarrang, qoʻngʻir, togʻ oʻtloq dasht tuproqlar tarqalgan. Boʻz tuproqlarda rang, yal tirbosh, chalov, bugʻdoyiq, karrak, oq kovrak, gulhayri, betaga va b. oʻsadi. Butalardan doʻlana, pista uchraydi. 1800—3000 m balandliklar orasi archazor. Togʻoʻrmon jigarrang, qoʻngʻir tuproklar tarqalgan. Pista, irgʻay, zirk, baland boʻyli oʻtlar ham oʻsadi. 3000 m dan yuqorida subalp oʻtlokdari (qoʻngʻirbosh, rang, taran, anjabor, taktak) boshlanadi. Togʻ etagida lalmikor dehqonchilik, mevachilik, sabzavotchilik rivojlangan. Chorvachilik bilan ham shugʻullaniladi.
Murod Mamatqulov.