DAVLAT KAPITALIZMI

DAVLAT KAPITALIZMI — davlat (yoki davlatlar birlashmasi) aralashadigan, davlatlashtirilgan, davlat tomonidan boshqariladigan va tartiblanadigan, davlat homiyligi va nazoratida, davlat belgilaydigan yoʻnalishlarda rivojlanadigan kapitalizm. Tarixan Davlat kapitalizmini shartli ravishda rivojlangan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi ; tarixan muayyan sotsialistik mamlakatlarning kapitalizmdan sotsializmga oʻtish davridagi Davlat kapitalizmi ; hoz. bir necha sotsialistik mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi ; postsotsialistik mamlakatlardagi, yaʼni Sharqiy Yevropa va sobiq SSSRda sotsializmning inqirozi natijasida sotsializmdan voz kechgan va bozor iqtisodiga oʻtayotgan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi ; mustamlakachilik asoratidan ozod boʻlgan, rivojlanayotgan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi kabi turlarga ajratish mumkin.

Davlat tomonidan iqtisodiyotning boshqarilishi korxonalarni bevosita roʻyxatga olish, faoliyatini yoʻnaltirish, iqtisodiy qonunchilik orqali ularning iqtisodiy huquqlarini va faoliyat meʼyorlarini belgilab qoʻyish, belgilangan tartib-qoidalarning bajarilishi, ularga rioya qilinishini nazorat qilish, ragʻbatlantirish va jazo choralarini qoʻllash, soliqlar, jarimalar va iqtisodiy imtiyoz kabilardan foydalanish, turli ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-iqtisodiy dasturlar tuzish, ularni bajarish boʻyicha tadbirlar koʻrish orqali amalga oshiriladi.

18-a. va 19-a. ning 70-y. larigacha xorijiy mamlakatlarda yakka xususiy kapital, yollanma mehnat va erkin raqobatga asoslangan sohibkorlik hukmron boʻlib, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi juda past darajada edi. Sohibkorlar faoliyati asosan bozor tomondan boshqarilar edi. Shuning uchun ham bu davr oddiy, sof, erkin rakrbatga asoslangan kapitalizm deb ataladi. Bunday sharoitda Davlat kapitalizmining eng oddiy koʻrinishlari vujudga kela boshlagan edi. U. char mustaqil xoʻjaliklarning i. ch. va tijoratchilik faoliyatini ximoyalash (proteksionizm), nazoratga olish va tartiblash (davlat buyurtmalari berish, tovarlarni markazlashgan tarzda xarid qilish va b.) tarzida roʻy bera boshladi.

19-a. oxiri va 20-a. boshlarida korporativ mulkchilik, korporatsiyalar (aksiyali jamiyatlar) va korporativ xoʻjalik yuritish hukmron mavqega ega boʻldi. Korporatsiyalarning bir qismi monopoliyalarga aylana borib, erkin raqobat bilan bir qatorda monopolistik raqobat paydo boʻldi. Davlatlararo ziddiyatlar kuchayib, ularda monopoliyalarning kuchi va ahamiyati muhim rol oʻynay boshladi. Bu jarayonlarni taxdil etgan olimlar, kapitalizmning yangi jihatlariga ahamiyat berib, uni imperializm, korporativ kapitalizm, monopolistik kapitalizm deb ham atay boshladilar.

20-a. ning 1-yarmida monopoliyalar va monopolistik jarayonlarning ijobiy tomonlari bilan birga, salbiy tomonlari va oqibatlari ham koʻrina boshladi. Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy qaramaqarshiliklar asta-sekin kuchaydi, iqtisodiy inqirozlar ancha tezlashdi va chuqurlashdi hamda davlatlararo ziddiyatlar ham kuchayib 1 – va 2-jahon urushlari yuz berdi. Bularning hammasi davlatning iqtisodiyotga aralashuvini, iqtisodiyotning davlatlashtirilishini, davlat iqtisodiyotining shakllanishini va butun iqtisodiyotning davlat tomonidan umummilliy manfaatlarga muvofiq boshqarilishini va tartiblanishini taqozo eta boshladi. Shu sababli «kapitalistik i. ch. ni davlatlashtirish» tendensiyasi kuchaydi. Sanoatning muhim tarmoklari davlat qoʻliga va nazoratiga oʻtdi. Davlatlar iqtisodiyotni hisobga olish va nazorat etish boʻyicha markazlashgan apparatni vujudga keltira boshladi.

Ingliz iqtisodchisi J. M. Keyns «Ish bilan bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi» (1936) kitobida davlatning iqtisodiyotni boshqarishi zarurligi toʻgʻrisidagi gʻoyani ilgari surdi va asosladi. Bu gʻoyaning hayotga taʼsiri juda katta boʻldi. AQSHda 30-y. lardayoq Prezident Ruzveltning «Yangi yoʻl» siyosati natijasida, boshqa mamlakatlarda 2-jahon urushi yillarida va undan keyingi davrda kapitalizm Davlat kapitalizmiga aylandi va shundan beri turli koʻrinishlarga ega boʻlgan Davlat kapitalizmi sifatida rivojlanmoqda.

Davlat kapitalizmi sharoitida bozorning mavkei, roli oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi; uzluksiz takomillashib, tobora insoniy va madaniy-maʼrifiy tus olib boradi. Shu bilan birga bozor kapitalistik iqtisodiyotning barcha muammolarini hal eta olmadi va hatto, uning salbiy tomonlari ham namoyon boʻldi. Shu sabablarga koʻra kapital va yollanma mehnatga asoslangan iqtisodiyotni bozor, davlat va korporatsiyalar oʻzaro birgalikda boshqaradi va rivojlantiradi. Davlat bozorni xam, korporatsiyalar faoliyatlarini ham, jahonshumul jarayonlarni ham boshqarish va tartiblashga intiladi. Bularning hammasi rivojlangan mamlakatlarda Davlat kapitalizmi mavjudligidan dalolat beradi.

Rivojlangan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi erkin raqobatli kapitalizmga nisbatan katta farqlarga ega. Davlat kapitalizmiga xos boʻlgan tovarli-bozorli aralash iqtisodiyotta davlatning taʼsiri miqyosi juda keng va kuchlidir.

Davlat kapitalizmining harakatlanishi va rivojlanishida iqtisodiyotga oid qonunchilik muhim oʻrin tutadi. Mas, mulkiy munosabatlarni, ish beruvchilar va yollanib ishlovchilar oʻrtasidagi munosabatlarni, xoʻjalik faoliyatini, i. ch., savdo, xizmat koʻrsatish, sogʻliqni saqlash, taʼlim kabi sohalar faoliyati, bank ishi, mehnatga haq toʻlash, xarajatlar va daromadlarni hisoblash, soliqqa tortish va soliq undirish, bozorda isteʼmolchi huquqlarini himoyalash kabilarni tartiblash va nazorat qilish hamda monopolistik faoliyatni taqiklash yoki cheklashga qaratilgan qonunlar qabul qilingan va ular takomillashtirilmoqda.

Davlat kapitalizmiga xos muhim jarayon — daromadlar va boyliklarni ijtimoiy totuvlikni yaxshilash uchun kam daromadlilar va daromadsizlar, kambagʻallar va mulksizlar foydasiga hamda iqtisodiyotni muvozanatli rivojlantirish maqsadlarida qayta taqsimlashdir. Shu sababli davlatlar yalpi ichki maxsulotning anchagina qismini soliqlar vositasida davlat byudjetiga olib, qayta taqsimlaydi, kambagʻal, kam taʼminlangan va taʼminlanmagan kishilarga transfert toʻlovlari — ijtimoiy taʼminot boʻyicha mablagʻlar (nafaqalar, yordam pullari) beradi.

Soliqlar orqali olingan davlat daromadlarining bir qismi hisobiga korxonalar qurish hamda xususiy korxonalarni milliylashtirish orqali i. ch., transport, energetika kabi sohalarda davlat mulki vujudga keltirildi va rivojlantirildi. Shu bilan birga baʼzi mamlakatlarda davlat mulkini qayta xususiylashtirish yoʻli bilan iqtisodiyot samaradorligini oshirishga qaratilgan siyosat ham amalga oshirilmoqda. Eng muhim tarmoklarda va muayyan koʻlamlarda davlat mulkining boʻlishi obyektiv zarurdir; undan samarali foydalanish yoʻllarining izlanishi va takomillashtirilishi umummilliy ehtiyoj va maqsadlarga muvofiq keladi.

Davlat tomonidan qilinadigan bevosita investitsiyalar ijtimoiy i. ch. va milliy mahsulot tarkiblarini oʻzgartirishda davlatning kredit siyosati, davlat tomonidan mahsulot (tovarlar) xarid qilinishi va pullik xizmatlar isteʼmol qilinishi, iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish va taʼminlash rivojlangan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmining eng muhim vazifalari va dolzarb muammolari hisoblanadi.

Rivojlangan mamlakatlardagi davlatning juda muhim vazifalaridan biri iqtisodiyotni barqarorlashtirish, iqtisodiy-moliyaviy inqirozlarning oldini olish, ulardan chiqish va iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish boʻyicha choratadbirlar koʻrishdir. Davlat boshqa mamlakatlar xoʻjaliklari bilan iqtisodiy, savdo va toʻlov balanslarini nazorat qiladi, ularni muvofiqlashtirishga va faollashtirishga harakat qiladi. Bularning hammasi milliy iqtisodiyotning barqarorligi, rivojlanishiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi.

Rivojlangan xorijiy mamlakatlardagi davlatlarning tobora koʻproq inson va butun xalq manfaatdorlgini koʻzlaydigan hamda aholining mutlaq koʻpchiligi koʻllab-quvvatlaydigan davlatlarga aylana borishi, kelajakda bu mamlakatlardagi jamiyatlarning, ijtimoiy-iqtisodiy tuzumlarning umum-demokratik ijtimoiy jamiyatga aylanishi kuzatilmoqda.

Yevrosiyodagi sobiq SSSR, Markaziy va Sharqiy Yevropada tarixan mavjud boʻlgan sotsialistik mamlakatlar, Osiyodagi sobiq Moʻgʻulistonda kapitalizmdan sotsializmga oʻtish davrida hal qiluvchi tarmoklardagi i. ch., transport va mehnat vositalari sotsialistik davlat mulkiga aylantirilgan boʻlib, Davlat kapitalizmi, alohida uklad, xoʻjalik shakli tarzida mavjud edi.

Boshqa sotsialistik mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi xoʻjaliklari birmuncha kengroq iqtisodiy erkinlikka ega boʻlgan edi. Biroq sotsialistik xoʻjalik mustahkamlanib olgandan keyin ularning deyarli hammasida Davlat kapitalizmiga barham berildi. Bunday qol Sharqiy Yevropada va SSSRda sotsializmning qulashigacha davom etdi.

Hoz. davrda oʻzini sotsialistik hisoblab kelayotgan mamlakatlar — Xitoy Xalq Respublikasi, Vyetnam Sotsialistik Respublikasi, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi va Kuba Respublikasida iqtisodiyot asosan umumlashgan mulkchilikka, markazdan boshqarishga va rejalashtirishga asoslangan iqtisodiyot boʻlib qolmoqda. Biroq ularning baʼzilari (Xitoy, Vyetnam) da jiddiy iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda, bozor iqtisodiyotini ham shakllantirish siyosati oʻtkazilmoqda; mamlakat iqtisodiyotida, ayniqsa, erkin iqtisodiy zonalarda, davlat nazoratida xususiy va xorijiy kapital faoliyatiga, kapital, yollanma mehnat munosabatlariga erkinlik berilmoqda. Natijada ularda Davlat kapitalizmining koʻlami va iqtisodiy hayotga taʼsiri oʻsmoqda.

Bozor iqtisodga oʻtayotgan sobiq sotsialistik mamlakatlarga xorijiy tovarlar va kapitallar juda erkin, tez kirib kelmoqda, baʼzi tarmoqlarda va bozorlarda katta hukmron mavqelarga ega boʻlmoqda. Kozogʻistonda ham qator muhim z-dlar, f-kalar, konlar, yerlar xorijiy kapital mulkiga aylanib ketdi; qoʻshma korxonalar ancha koʻpaydi.

Mustaqillikka erishib sotsializmdan voz kechgan sobiq sotsialistik davlatlarning baʼzilari, mas, Oʻzbekistan mustaqil taraqqiyotning oʻziga xos yoʻlini tanlab oldi. Oʻzbekistonda ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat qurish yoʻli, bozor iqtisodiyotini bosqichmabosqich tarzda shakllantirish yoʻli tanlandi. Davlat bosh islohotchi sifatida umuminsoniy va milliy qadriyatlarga asoslangan tamoman yangi umumdemokratik jamiyat qurish siyosatini izchillik b-n amalga oshirmoqda, koʻp ukladli va bozor xoʻjaligi tizimini shakllantirish uchun zarur barcha choratadbirlarni koʻrmoqda. Natijada xorijiy kapital ishtirokidagi qoʻshma korxonalar, savdo tashkilotlari, banklar va h. k. shakllandi, xalqaro iqtisodiy va moliyaviy tashkilotlarning vakolatxonalari ochildi. Pirovardida Oʻzbekistonda oʻziga xos Davlat kapitalizmi ukladi vujudga keldi.

Kam rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmi milliy davlat tomonidan himoyalanib, faoliyati tartiblanib turadigan milliy kapitalizmdan hamda milliy davlat belgilagan shartsharoitlarda yoki davlatlararo kelishuvlarga asoslanib konsessiyalar olish, oʻz korxonalarini qurish va qoʻshma korxonalarda ishtirok etish yoʻli bilan milliy iqtisodiyotga kirib kelgan xorijiy kapital va qoʻshma kapitalga asoslangan tizimdir.

Rivojlanayotgan mamlakatlardagi Davlat kapitalizmining asosiy va bosh maqsadi — milliy iqtisodiyotni yuksaltirish. Rivojlanayotgan mamlakatlar davlatlari faoliyati, ularning ichki va tashqi siyosati Davlat kapitalizmini tez rivojlantirishga qaratilgan; bunga erishmoq uchun xorijiy kapitaldan va xalqaro iqtisodiy munosabatlardan kengroq foydalanishga harakat qilmoqdalar. Rivojlangan davlatlar va transmilliy korporatsiyalar kam rivojlanayotgan mamlakatlarni xom ashyo bazasi sifatida saqlab qolishga intilmoqda, xom ashyoni qayta ishlash bilan bogʻliq iflos va sermehnat i. ch. ni nisbatan past ish haqi toʻlab, xuddi shu kam rivojlangan mamlakatlarga joylashtirishga urinmoqdalar.

Erlis Aliqulov.


Lotin alifbosida maqola: DAVLAT KAPITALIZMI haqida to'liq ma'lumot kategoriyasi: D harfi fikringiz bo'lsa izohda qoldiring va do'stlaringiz bilan ulashing biz bundan minatdor bo'lamiz bizni kuzatishni davom eting (u kim, bu nima, qanaqa ? degan savolarga javob topishingiz mumkin)



DAVLAT SOTSIALIZMI
AMERIKA QOʻSHMA SHTATLARI
BOZOR
BOZOR IQTISODIYOTI
BOZOR IQTISODIYOTIGA OʻTISH


Добавить комментарий