DAKRIOTSISTIT

DAKRIOTSISTIT (yun. dakryon — yosh va kystis — xaltacha) — koʻz yoshi xaltachasining yalligʻlanishi. Yosh xaltachasini burun boʻshligʻiga tutashtirib turadigan yoʻlning bekilib qolishi sabab boʻladi. Bunda koʻz yoshi burunga ravon oʻtmaydi, keyinchalik butunlay oʻtmay qoladi. Bu yoʻlning bekilishiga koʻproq burun boʻshligʻi va uning atrofida joylashgan boʻshliqlar shilliq pardalarining yalligʻlanishi sabab boʻladi. Oʻtkir, surunkali va chaqaloqlar Dakriotsistiti farq qilinadi. Bemor koʻzining yoshlanishi va yiring chiqishidan shikoyat qiladi. Pastki qovoqning burun tomoni shishadi, qizaradi. Koʻp yosh oqadi, yiring chiqadi. Xaltachada toʻplanib qolgan yoshga biror infeksiya tushsa, xaltachaning shilliq pardasi yalligʻlanishi mumkin (surunkali Dakriotsistit). Yalligʻlanish xaltacha devoridagi toʻqimalarga oʻtib ketsa, oʻtkir yoki flegmonoz Dakriotsistit paydo boʻladi. Oʻtkir Dakriotsistitda bemorning boshi ogʻrib, t-rasi koʻtariladi, umumiy ahvoli ogʻirlashadi. Yosh xaltachasining ustidagi teri shishib, qizaradi, burun va iyak tomonga tarqalishi mumkin.

Chaqaloqlar Dakriotsistiti yosh-burun kanalining burunga ochiladigan joyida boʻladigan pardaning bola tugʻilguncha soʻrilmay qolishi (toʻsiq borligi) natijasida vujudga keladi; klinik belgilari surunkali Dakriotsistitga oʻxshab ketadi.

Bemorni vrach davolaydi. Oʻz vaqtida uni keltirib chikaruvchi sabab bartaraf etilishi lozim. Baʼzan jarroxlik usuli qoʻllaniladi — dakriotsistorinostomiya qilinadi, yaʼni yosh xaltachasi bilan burun boʻshligʻi tutashtiriladi. Oʻtkir Dakriotsistitda antibiotik va sulfanilamid preparatlari yaxshi naf beradi. Agar yosh xaltachasining flegmonasida flyuktuatsiya paydo boʻlsa, uni ochib yiringi chiqariladi. Oʻtkir yalligʻlanish belgilari yoʻqolgandan soʻng operatsiya qilinadi. Chaqaloklar Dakriotsistiti yosh xaltachasini massaj qilish, yosh oqish yoʻllarini zondlash, kateterlash va yuvish bilan tuzatiladi; bular naf bermasa, ichki (endonazal) yoki dakriotsistorinostomiya operatsiyasi qilinadi.



YER
TOSHKENT
TISH
TUMOV
BURUN


Добавить комментарий