DARYOLAR GIDROLOGIYASI — quruqlik gidrologiyasining boʻlimi. Daryolar, ularning oʻzani va havzalaridagi suv oqimi va oqiziklarning gidrologik rejimini oʻrganadi. Daryolar gidrologiyasi daryo oʻzanining holatini, tabiiy omillar — Yer sirti holati (geologik tuzilishi, relyefi, oʻsimlik qoplami, tuproq sharoiti) va iqlimi (atmosfera yogʻinlari, havo harorati) hamda inson faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan omillarning oqimga taʼsirini oʻrganadi. Daryolar gidrologiyasi oʻzan jarayonlari, oʻzan oqimi dinamikasi, daryolarning t-ra rejimi, muzlash hodisalari, minerallashuv darajasi, shuningdek, daryolarning suv rejimi elementlarini oldindan aytish — bashorat qilish bilan shugʻullanadi (yana q. Gidrologiya).